“Kambagʻallikni pul tarqatish bilan hal qilib boʻlmaydi”

15:05 29 Yanvar 2025 Jamiyat
138 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi boʻyicha yangi harakatlar boshlandi. Har bir mahalla toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, ulardagi “kambagʻal oilalar portreti” ishlab chiqilmoqda. Albatta, kambagʻallikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib boʻlmaydi. Hozirda Samarqand viloyatida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada oilalar kambagʻallikdan chiqish bilan birga, hayotga qarashlari ham oʻzgarmoqda.

Shunday boʻlsada, aholining bandligini taʼminlash, tomorqalardan foydalanib qoʻshimcha daromadga ega boʻlishi uchun har bir oila bilan alohida ishlanmoqda. Joriy yilda Samarqanddagi 324 ming nafar aholining daromadi past boʻlib, kambagʻallik darajasi 7,7 foizni tashkil etayotgani ham bu boradagi ishlar koʻlamini yanada jadallashtirishni talab qiladi. Agar taqqoslasak, oʻtgan yilida 98 mingdan ziyod kambagʻal oila roʻyxatga olingan boʻlib, kompleks chora-tadbirlar natijasida 23 mingga yaqin oilani kambagʻallikdan chiqarishga erishildi. Bunda 18 mingdan koʻproq aholi tadbirkorlikka jalb etish orqali band qilindi.

Qoʻshrabot tumani Yuqori Joʻsh mahallasida 30 ta oilaga “Navobod naslli parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida goʻsht yoʻnalishida 10 mingdan ziyod broyler joʻja tarqatildi. Bu bilan mazkur oilalarda kuniga oʻrtacha 100-120 ming soʻmdan daromad olish imkoniyati yaratildi.

— Hozirda 500 ta joʻja boqyapmiz, — deydi ushbu mahallada yashovchi Gʻiyos Ibodullayev. — Joʻja har 40-45 kunda goʻshtga topshirish uchun tayyor boʻladi. Yetilgan parrandaning tirik vazndagi bir kilosining narxi 18 ming soʻmdan “Navobod naslli parranda” MCHJ tomonidan sotib olinmoqda. Natijada har 40-45 kunda 10-12 million soʻm daromad olyapmiz.

Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ikkinchi muhim yoʻnalish taʼlim va kasb-hunarga oʻqitish hisoblanadi. Oʻtgan yili bu yoʻnalishda 21 ming 653 kishi qamrab olindi. Bunda 817 kishi IT kurslarida oʻqitilgan boʻlsa, 6 ming 783 kishiga kasb oʻrgatilib, ularning bandligi taʼminlandi.

— Ijtimoiy reyestrda turaman, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumani Qirgʻiz mahallasida yashovchi Sanobar Sobirova. — Kattaqoʻrgʻon shahar kasb-hunarga oʻqitish markazida tikuvchilik yoʻnalishida oʻqidim. Shundan soʻng menga subsidiya asosida 1 dona tikuv mashinkasi olib berildi. Hozirda ikki kishini shogirdlikka olib, ish boshlaganmiz.

Ushbu yoʻnalishda Qoʻshrabotda ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tumandagi Buloq mahallasida “Sam Antep Gilam” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga chet tillarini oʻrgatish maqsadida mahalladagi 71-maktabda qoʻshimcha dars mashgʻulotlari, 60 oʻrinli bolalar bogʻchasi tashkil qilindi. Shu bilan birga, 20 ta ish oʻrni yaratgan mebel sexi ishga tushirildi. Bu yerda ishchilarga har oyda 6,5-7 million soʻmdan ish haqi toʻlanmoqda.

— Oʻtgan yilda 8 mingdan koʻproq fuqaroga xorijiy til oʻrgatilib, mehnat migratsiyasiga yuborildi, — deydi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Feruz Abilov. — 11 ming fuqaroga ijtimoiy xizmat koʻrsatildi. 3 ming 310 nafar fuqaroning yashash sharoiti yaxshilandi. Tumanlarni oʻrganish, aholi va tadbirkorlar bilan uchrashish orqali iqtisodiy kompleks tashkilotlari boshini biriktirib, ishsizlar, kambagʻal oilalar bilan manzilli ishlab, ularning daromadini oshirish choralarini koʻrmoqdamiz.

Oʻrganishlar davomida Kattaqoʻrgʻonda barqaror daromadga ega boʻlmagan va kambagʻallikka tushish xavfi yuqori boʻlgan 2 million soʻmgacha daromad oladigan 8,6 ming nafar aholi qatlami borligi, ulardan 2,5 ming nafari kambagʻallikka tushish xavfi yuqori ekanligi aniqlandi. Ushbu oilalar bilan individual ishlash orqali ular uchun qoʻshimcha daromad manbai yaratish choralari koʻrilmoqda.

— 4 nafar farzandim bor. Oʻrtacha oyligim 2 million soʻm, — deydi “Choʻyanchi” mahallasida yashovchi Yoʻldosh Temirov. — Rasmiy oylik ish haqidan tashqari 6 sotix tomorqada dehqonchilik qilib, 4 bosh qoramol va 35 ta tovuq boqish orqali har oyda qoʻshimcha 1,6 — 1,8 million soʻm daromad qilamiz. Bizga 2 sotixlik issiqxona va payvandlash ustaxonasi qurish uchun moliyaviy koʻmak berildi.

Joriy yil mazkur tumanda ajratilayotgan 62,3 milliard soʻm mablagʻ ham birinchi navbatda 2,5 ming ehtiyojmand aholiga yoʻnaltiriladi. Boshqa tumanlarda ham kambagʻallikka tushish xavfi mavjud oilalarni erta aniqlab, ularga tezkor amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

— Bizga bank tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida 100 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi, — deydi Samarqand shahri Joʻyi chuqur mahallasida yashovchi Sherzod Rasulov. — Shirinlik ishlab chiqarish uchun uskuna sotib oldik. Kichik sexda 4 kishining bandligi taʼminlanib, yiliga 60-70 million soʻm qoʻshimcha daromadga ega boʻlyapmiz.

“Uychi tajribasi” asosida banklar 9,3 mingta mijozi bilan uchrashuv oʻtkazib, ularning masalalarini hal etish orqali 9,2 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirishi kutilmoqda. Mazkur tajriba asosida yil davomida 500 dan ziyod uchrashuvlarda 3 mingdan koʻproq murojaat roʻyxatga olingan. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 11 mingdan koʻproq ish oʻrni yaratildi.

Narpay tumanida oʻtkazilgan uchrashuvda “Samarqand Silk AO” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari 500 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratish boʻyicha murojaat qildi. Murojaat “Mikrokreditbank” tomonidan ijobiy hal qilib berildi. Qoʻshimcha 212 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Pastdargʻom tumanida “Qalmoqsoy” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 1,5 milliard soʻmlik umumiy ovqatlanish maskani tashkil qilinib, 20 kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. Koʻp joylarda subsidiya asosida tikuv mashinasi, pishiriq pishirish pechi, motokultivator va yana shu kabi ishlatib daromad topish mumkin boʻlgan vositalar berilmoqda. Toʻgʻri, bu vositalardan samarali foydalanganlar turmushi biroz boʻlsada oʻzgaryapti, daromad topyapti. Aholiga yer berilishi, subsidiyalar ajratilishi, kasbga oʻqitilishi, zamonaviy innovatsion uskunalar bilan taʼminlanishi, shuningdek, ularga yondosh infratuzilmalar yaratilishi kabi xalqchil islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilish oʻz samarasini berishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер