Kambagʻallik yer yuzidagi barcha davlatga xos holat. Ammo...

16:03 23 Sentyabr 2024 Jamiyat
326 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Keyingi yillarda “kambagʻal” soʻzi muomalamizda tez-tez uchraydigan boʻlib qoldi. Sobiq shoʻro mafkurasi undan olis oʻtmishga nisbatan qoʻllashgagina izn bergan boʻlsa, yaqin-yaqinlarda esa “kam taʼminlangan” iborasi uning oʻrnini bosardi. Albatta, bu bilan mavjud muammo oʻz-oʻzidan yechilib qolgan emas.

Rasman 2020-yil mamlakatimiz rahbarining Parlamentga murojaatida kambagʻallikni qisqartirish dolzarb vazifa sifatida eʼtirof etilib, oʻshanda ularning soni Respublikamiz boʻyicha 7 million atrofida ekanligi, bu mamlakat umumiy aholisining 23 foizga yaqinini tashkil etishi taʼkidlangan edi.

Tan olish joiz, kambagʻallik yer yuzidagi barcha davlatga xos holat boʻlib, turli davr va qaysidir jamiyatda koʻproq, boshqasida esa kamroq yuzaga chiqishi mumkin.

— Bizning mamlakatimiz misolida toʻxtaladigan boʻlsak, kambagʻallik aholining maʼlum bir qatlami oʻzlari xohlasa-da bu holatdan chiqib keta olmasligi bilan tavsiflanadi, — deydi iqtisod fanlari doktori Muhiddin Kalonov. — Ushbu qatlamning vujudga kelishi aksariyat hollarda ayrim kasbdagi kishilar mehnat mahsulining yangidan paydo boʻlgan iqtisodiyot tarkibi va isteʼmol darajasiga kerak boʻlmay qolganligi, yaʼni eskidan qolgan iqtisodiyot tarkibining yangisi bilan almashib, iqtisodiy faollik vujudga kelguncha aholining ayrim qatlami kambagʻallashib qolishi bilan izohlash mumkin. Shuningdek, ushbu ijtimoiy muammo bir qator obyektiv va subyektiv sabablarning oqibati. Ular oʻtkinchi, yaʼni pandemiya kabi jarayonlar bilan hamda surunkali jamiyatning maʼlum qatlami boqimandalik kayfiyatida qolishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Bir soʻz bilan aytganda mamlakatimizda ushbu ijtimoiy-iqtisodiy muammo tan olinib, uni bartaraf etishning aniq chora-tadbirlari belgilandi. Xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida respublikamizda kambagʻallik darajasini keskin qisqartirishning Xitoy tajribasi asosida yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil” texnologiyalar hamda boshqaruvning zamonaviy usullarini qoʻllagan holda kambagʻallikdan chiqarish usullari amaliyotga joriy etilmoqda. Oʻtgan yillar davomida ijtimoiy himoya oluvchi oilalar soni 4,5 karraga oshirilib, 446 mingdan 2,2 millionga yetdi. Mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion soʻmlik past foizlik kredit, 7 trillion soʻm subsidiya berildi. Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming fuqaroga dehqonchilik uchun ajratilib, ular daromad manbaiga ega boʻldilar. Mazkur tadbirlar natijasida 2023-yili kambagʻallik darajasi mamlakatimizda 11 foizga tushdi.

Mazkur prizma asosida Navoiy viloyatida amalga oshirilgan ishlar miqyosiga toʻxtaladigan boʻlsak, joriy yilning yanvar — avgust oylarida hokim yordamchilari tomonidan 246 mingta xonadonlar xatlovdan oʻtkazilib, xonadonlar 3 toifaga ajratildi.

— Unga koʻra birinchi toifa — kam taʼminlangan, ehtiyojmand va daromadi past xonadonlar 20,4 mingta (8,3 foiz)ni, ikkinchi toifa — xonadon aʼzolarining jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadlari miqdori minimal isteʼmol xarajatlarining bir baravaridan uch baravarigacha, yaʼni 498-1500 ming soʻmgacha boʻlgan xonadonlar 124,4 mingta (50,6 foiz)ni, uchinchi toifa — yashash sharoiti yaxshi, oʻziga toʻq xonadon aʼzolarining jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadlari miqdori minimal isteʼmol xarajatlarining 3 baravaridan yaʼni 1500 ming soʻmdan ortiq boʻlgan xonadonlar 101,0 mingta (41,1 foiz) tashkil etadi, — deydi Navoiy viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi Lutfulla Xayrullayev. — Oʻtgan davr mobaynida aholini doimiy daromad manbai bilan taʼminlash maqsadida 101,6 ming nafar fuqaroning bandligini taʼminlandi. Jumladan, 48,1 ming nafar kishi doimiy ishga joylashtirilib, 42,9 ming nafari oʻzini oʻzi band qilganlar sifatida rasmiylashtirildi. Shuningdek, 4,8 ming nafar kishi kichik tadbirkorlik subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlikka, 1,7 ming nafar hunarmandchilikka, va 2,4 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 3,4 ming nafarining ijara asosida yer ajratish hisobiga bandligini taʼminlandi.

Albatta, “holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi”. Kambagʻallikni qisqartirishda aholining faolligi ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois mahallalarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash maqsadida qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish sohasida jami 4632 ta (har bir mahallaga oʻrtacha 1,5 ta) “mahallabay” loyihalar shakllantirilib, shundan 333,4 mlrd.soʻmlik 4626 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida jami 8 377 ta ish oʻrinlari yaratildi. Navbahor tumanining “Yosh kuch” mahallasidagi Robiya Tilavova xonadoni yaqin-yaqinlargacha kambagʻal oilalar toifasiga kiritilib, unda 14 jon istiqomat qilar edi. 33 million soʻmlik imtiyozli kredit asosida xonadon tomorqasida issiqxona tashkil etilib, oilaning toʻrt nafar aʼzosi bandligi taʼminlandi.

— Qoʻldan berganiga qush toʻymas, deganlaridek, ijtimoiy yordam bilan roʻzgʻor tebratish ogʻir, — deydi Robiya Tilavova. — Mana issiqxonamizga ega boʻlib, shu yilning oʻzida pomidor, koʻkat va sabzavotni erta bahorda bozorga olib chiqib, daromadga ega boʻldik. Nasib etsa, bananlarimiz hosilga kirsa daromadimiz oshadi. Ochigʻi, hokim yordamchisi koʻmaklashmasa, buni amalga oshirolmasdik.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, joriy yil viloyat boʻyicha oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 256,4 mlrd soʻm miqdorda imtiyozli kredit ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda shu kunga qadar hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 9,3 mingta loyihaga jami 215,0 mlrd. soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, 2024-yilda ishsiz fuqarolarga 10 402 mln.soʻmlik subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilgan. Tabiiyki, bularning oʻzigina jamiyatda kambagʻallikni qisqartirish uchun yetarli emas. Boisi har qanday islohotlarda aholining faolligi yetakchi omil boʻlib, “kambagʻallik ayb emas”, degan taskin muomalada qolar ekan, tadbirlardan koʻzlangan maqsadga erishish mushkulligicha qolaveradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер