Yoʻl-transport hodisalari YPX ishtirokisiz rasmiylashtirilishi mumkin
– Ombudsman inson huquqlariga javobgar boʻlgan yagona institut emas, bunda har bir deputatning masʼuliyati bor. Chunki unga kelib tushgan har bir murojaat bevosita qaysidir deputatning okrugiga tegishlidir. Shu bois, hamkorlikda ishlasak, Ombudsmanning xalqimiz kutgan natijalarga erishishiga yordam bergan boʻlamiz, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov quyi palatada boʻlib oʻtgan fraksiya yigʻilishida.
Deputatlar dastlab Inson huquqlari boʻyicha vakil – ombudsmanning 2020-yilgi faoliyatini koʻrib chiqdi. Jumladan, ombudsman Feruza Eshmatovaning hisoboti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, vakolatlari kengaytirildi. Afv etish va jamoat birlashmalari kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi natijasida Jasliqdagi jazoni ijro etish koloniyasi yopildi, mahkumlar soni esa 2,5 baravarga kamaydi. Bolalar mehnati toʻliq bartaraf etildi. Gender tengligi taʼminlanmoqda. Eng muhimi, soʻz erkinligi qaror topdi. Oʻzbekiston diniy erkinlik boʻyicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar roʻyxati”dan chiqarildi va bu yurtimizda inson huquq va erkinliklari taʼminlanayotganining xalqaro eʼtirofidir.
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi ham qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu qonun loyihasida tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisalarini tegishli organlarsiz rasmiylashtirish nazarda tutilgan.
Davlat yoʻl harakati xavfsizligi tomonidan 2018-yilda 13701 ta va 2019-yilda esa 24005 ta tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasi rasmiylashtirilgan. Ammo sud tomonidan ularning har biri uchun kamida bir oy vaqt sarflanyapti va bu oʻz navbatida odamlarning ortiqcha sarson boʻlishi, qoʻshimcha xarajatlar qilishiga sabab boʻlyapti. Shu bois, ushbu loyiha tayyorlangan.
Deputatlar ushbu qonun loyihasi YPX bilan haydovchilar oʻrtasidagi muloqotning yaxshilanishi, ortiqcha qogʻozbozlik, ovoragarchilikka chek qoʻyishini eʼtiborga olib, birinchi oʻqishda maʼqulladilar.
Mamlakatimizda soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi amalda taʼminlangan boʻlsada, ayrim veb-saytlar, blogerlarning shaxs huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda. Hatto buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib qiluvchi, adovat qoʻzgʻatuvchi, tartibsizliklar keltiruvchi axborotlar tarqatilmoqda va bu soʻz masʼuliyati va uning oqibatlari boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish zaruratini keltirib chiqaryapti.
Fraksiya yigʻilishida deputatlar aynan ushbu masala boʻyicha ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini birinchi oʻqishda muhokama qildilar.
Ushbu masala boʻyicha soʻzga chiqqan fraksiya aʼzosi Umidjon Jabborov bunday axborotlarning tarqalishiga nisbatan taqiq oʻrnatilgan AQSH, Turkiya, Rossiya tajribasi, shuningdek, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasi oʻrganilganini taʼkidladi.
Fraksiya yigʻilishida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring