Issiqxonamda arab anori-yu, qishda gullab, Navroʻzda pishadigan shaftoli koʻchatigacha bor — Otabek Elmurodov
Qadimiy Afshona qishlogʻidan besh chaqirim narida Dehcha mahallasi joylashgan. Buxoro viloyati Peshku tumanidagi bu hamda unga qoʻshni mahallalarga borgan kishining eʼtibori issiqxonalarga tushmay qolmaydi. Dehchada yashovchi Otabek Elmurodov ham tomorqasida issiqxona barpo etgan. U qoʻsh qavatli polietilen plyonka bilan oʻralgan. Zarurat tugʻilganida koʻmir bilan isitiladi.
— Oz emas, koʻp emas, yigirma yil davomida ona-yurtimizdan olisda sovuq oʻlkalarda ishladim, — deydi u. — Musofirchilikning qiyinchiliklarini koʻrdim. Meni doim nega oʻzgalarning qoʻlida arzon- garovga ishlab, ularning roʻzgʻorini but qilishim kerak, degan oʻy tinchlik bermasdi. Nihoyat, uyga qaytishga qaror qildim. Qishloqqa kelib, zamonaviy rusumdagi mashinaning puliga shu issiqxonani qurdim. Endi koʻnglim xotirjam. Chunki oilam, bolalarim bagʻridaman. Daromadim ham chakki emas.
Otabek tabiatan yangilikka oʻch, izlanishni kanda qilmaydi. Oʻtgan yilning aprelida tajriba tariqasida arab anori ekdi. 10 – 15 daraja issiqlikda oʻsuvchi bu bu ekinning har bir tupidan 20 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Mevasi sap-sariq boʻlib pishadi. Shifobaxsh. Yurak-qon tomir kasalliklari, qand xastaligini davolashda asqatadi. U yurtimiz bozorlariga xorijdan kirib keladi.
— Oilamiz ehtiyojidan ortganini qarindosh-urugʻlarga tarqatdik, — deydi Otabek. — Bundan tashqari, 18 kilogramm arab anorining kilosini 450 ming soʻmdan buyurtma asosida mijozlarga yetkazdik.
Bu issiqxonani moʻjaz bir zooparkka ham qiyoslash mumkin. Unda bananning 8 xili, qizil kivi, Tailanddan keltirilgan ajdar koʻz daraxti va hatto Turkiyadan olingan, qishda gullab Navroʻz kunlarida pishadigan shaftoli koʻchatlari ham bor. Italiyadan ikki ming dollari evaziga keltirilgan qulupnay daraxti hamda feyxoa oʻsimligini aytmaysizmi? Aytmoqchi, dunyoning manaman degan mutaxassislari feyxoani tarkibida yod miqdori koʻpligi boʻyicha chempion, deya eʼtirof etishgan. Turgan-bitgani shifobaxsh sanalgan feyxoa mevasi qon bosimi oshganda, shamollaganda juda foydali. Undan tayyorlangan murabbo juda mazali boʻladi.
Otabek qizil kivi qalamchasidan 400 tup koʻchat tayyorlagan. Bu butun boshli kivizor barpo etish uchun yetarli. Faqat yer masalasi hal boʻlsa, bas. Tinib-tinchimas bu inson issiqxonasida 45 ming tup pomidor koʻchati ham yetishtirmoqda. Hozir bu koʻchatlarning bozori chaqqon. Qahramonimiz shuning oʻzidan 25 million soʻm daromad olishni moʻljallab turibdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring