Isroilning yer osti bunkeri, Rossiya kemasi yoʻq qilindi va urushga tayyorgarlik (+video)

10:46 06 Avgust 2024 Dunyo
368 0

Ukrainaliklar urushga borishdan qochib yuribdi

Ukrainada 800 mingga yaqin erkak harbiy safarbarlikdan yashirinib yuribdi. Bu haqda Oliy rada deputati Dmitriy Nataluxa “Financial Times” nashriga xabar bergan.

Maʼlum boʻlishicha, Ukrainada koʻplab ishchilar harbiy xizmatga chaqirilayotgani sababli kompaniyalar oʻz faoliyatini davom ettirishga qiynalmoqda. Masalan, yirik poʻlat ishlab chiqaruvchi “Interpipe” harbiy xizmatga chaqirilish xavfi ostida boʻlgan malakali ishchilarni saqlab qolishga harakat qilayotgani uchun jiddiy muammolarga duch kelgan.

1000 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan kompaniya va boshqa korxonalar Kiyevdan iqtisodiyotni barqaror saqlash uchun harbiy xizmatdan ommaviy ozod qilishni talab qilgan.

Parlamentning iqtisodiy masalalar boʻyicha qoʻmitasi rahbari Dmitriy Nataluxa urush harakatlarini qoʻllab-quvvatlashda iqtisodiyotning muhimligini taʼkidladi. “Siz 1 million odamni safarbar qilishingiz mumkin, ammo ularni jihozlash uchun resurslaringiz boʻlmasa, urush boʻlmaydi”, dedi u.

Shunga qaramasdan, takliflar harbiy xizmatdan ozod qilishni belgilaydigan “kastalar tizimi”ning potensial paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin degan xavotirlarni ham paydo qilgan.

Ukraina rasmiylarining taʼkidlashicha, hozirgi tizim allaqachon buzuq, ayrim odamlar harbiy xizmatdan qutulish yoʻlini izlamoqdalar va uni sotib olishmoqda.

Bundan tashqari, 800 mingga yaqin erkaklar manzilini oʻzgartirib, naqd pulga ishlash orqali vaziyatni yanada murakkablashtirayotgani xabar qilingan. “Siz urushda shunchaki adolat bilan gʻalaba qozona olmaysiz. Urush oʻz-oʻzidan adolatsizdir”, degan Dmitriy Nataluxa.

Eron va “Hizbulloh” Isroilga hujum qilishi kutilmoqda — Blinken

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Eron va Hizbulloh yaqin 24-48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

AQSHning “Axios” nashri tomonidan tasdiqlanmagan hisobot dushanba kuni eʼlon qilindi. Eron va “Hizbulloh” oʻtgan hafta HAMAS va “Hizbulloh”ning yuqori yetakchilari oʻldirilgani uchun oʻch olishga vaʼda bergan edi. Ismi oshkor qilinmagan uchta manbaga iqtibos keltirgan nashrga koʻra, Blinken G7 hamkasblariga Isroilga qarshi dushanba kuniyoq hujum boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan. Shuningdek, Vashington hujumlarning aniq vaqtini bilmasligini qoʻshimcha qilgan.

AQSH davlat kotibi hamkasblariga qarama-qarshilikni cheklashga va Isroilning har qanday javobini tiyishga koʻndirish orqali keskinlashuvni toʻxtatishga umid qilishini aytib, ularga ham tomonlarga diplomatic bosim oʻtkazishga chaqirgan.

Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Buyuk Britaniyani oʻz ichiga olgan G7 dushanba kuni bayonot chiqarib, Yaqin Sharqdagi keskinlik darajasidan chuqur xavotir bildirdi va barcha tomonlarni vazminlikka chaqirdi. “Hech bir mamlakat yoki millat keyingi keskinlashuvdan foyda koʻrmaydi”, deyiladi bayonotda.

Ismoil haniya oʻldirilganidan keyin AQSH javob hujumlarini inobatga olib, Yaqin Sharqqa qoʻshimcha harbiy kuchlar yubordi.

AQSH Markaziy qoʻmondonligi rahbari general Maykl Kurilla dushanba kuni Isroil armiyasi bilan ehtimoliy hujum oldidan tayyorgarlikni yakunlash uchun Isroilga kelishini yozgan “Axios” nashri.

Qator davlatlar fuqarolarini Livandan zudlik bilan chiqib ketishga chaqirmoqda.

Isroil ham taktik hujumlarga tayyorlanayotgani maʼlum. Jumladan, Isroil Bosh xavfsizlik xizmati Quddus hududida Isroil rahbariyati uzoq vaqt qolib, mamlakatni boshqara oladigan yer osti bunkerini ishga tushirishga tayyorladi. Bunker bir necha yuz kishiga moʻljallangan. U Tel-Avivdagi yahudiy davlat mudofaa vazirligi majmuasiga ulangan turar-joy binolari, ofislar, majlis xonalari va yagona boshqaruv markazini oʻz ichiga oladi.

Rossiya suvosti kemasi yoʻq qilindi

Ukraina Rossiyaning Qrimdagi suv osti kemasiga jiddiy zarar yetkazganini eʼlon qildi. Bu Qora dengiz flotiga qattiq zarba boʻlishi mumkin.

Maʼlum qilinishicha, Kiyev harbiylari Sevastopol port shahrida Rossiya suv osti kemasini yoʻq qilgan. Bu zarba Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining mintaqadagi aktivlariga navbatdagi muvaffaqiyatli hujumdan dalolat beradi.

Ukraina harbiylari, shuningdek, Qrimda Rossiyaning ilgʻor “S-400” havo mudofaa tizimlarining toʻrtta nuqtasini nishonga olgan va ularga jiddiy zarar yetkazgan boʻlishi mumkin. Bu Ukrainaning “Rostov-na-Donu” suv osti kemasini birinchi marta nishonga olishi emas. 2023-yil sentyabr oyida raketa hujumi kemaga va Sevastopoldagi Rossiya desant kemasiga zarar yetkazgandi.

Britaniya hukumati suvosti kemasi halokatli zarar koʻrganligini va taʼmirlash yillarga choʻzilishi mumkinligini taʼkidlagan. Qayd etish kerakki, ushbu suv osti kemasi taxminan 300 million AQSH dollarga baholanadi.

Ukrainaning hujumlari Qora dengiz flotini koʻplab kemalarini Sevastopoldan boshqa bazalarga koʻchirishga majbur qilmoqda. Vitse-admiral Oleksiy Neyjpapaning aytishicha, Rossiya ushbu hudud ustidan nazoratni yoʻqotyapti.

Mali nima uchun Ukraina bilan aloqalarni uzdi?

Mali Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzayotganini eʼlon qildi. Bunga sabab iyul oyi oxirida Rossiyaning “Vagner” guruhining oʻnlab yollanma askarlari hamda Mali askarlarining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir magʻlubiyatda Kiyev roli borligini ayblamoqda.

Shimoliy Tuareg isyonchilari Gʻarbiy Afrika mamlakatining shimolida oʻtgan oy oxiridagi uch kunlik janglarda kamida 84 yollanma askar va 47 Mali askari oʻldirilganini maʼlum qilishdi. Bu “Vagner”ning ikki yil avval mojaroga kirganidan beri eng ogʻir magʻlubiyati boʻldi.

Ukraina harbiy razvedka boshqarmasi matbuot kotibi Andrey Yusov aytishicha, malilik isyonchilar oʻzlariga zarur boʻlgan barcha maʼlumotlarni olgan, bu esa Rossiya urushiga qarshi operatsiya oʻtkazishga imkon bergan.

Mali tomoniga koʻra, Ukrainaning harakatlari Mali suverenitetini buzdi va qabul qilib boʻlmaydigan xorijiy aralashuv, xalqaro terrorizmni qoʻllab-quvvatladi.

25-iyul kuni Jazoir chegarasi yaqinida Tinzauatendagi harbiy lagerda uch kunlik shiddatli janglar boshlangan edi. Gʻarbiy Afrika davlatining harbiylari 2020-yilda davlat toʻntarishi natijasida hokimiyatni qoʻlga kiritdi va mamlakatni Al-Qoida, ISHID guruhiga aloqador boʻlgan guruhlardan qaytarib olishni ustuvor vazifa qilib qoʻydi.

“Vagner” 2021-yil oxiridan beri mamlakatda faoliyat yuritib kelmoqda. Mali fransuz qoʻshinlari va xalqaro tinchlikparvar kuchlarni chiqarib yubordi. Yollanma guruhning 1 ming nafar jangchisi borligi taxmin qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?