Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi dunyo miqyosda tajriba almashishga zamin yaratdi

23:17 13 Iyun 2024 Jamiyat
312 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yil 13-iyunda inson huquqlari boʻyicha VI Samarqand forumi Oʻzbekistonning qadimiy va navqiron shahrida oʻz ishini boshladi. Bu galgi anʼanaviy xalqaro anjuman “Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusiga bagʻishlandi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan har ikki yilda bir marta oʻtkazib kelinayotgan mazkur xalqaro anjuman BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, YXHT, Yevropa Ittifoqi, IHT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining yuqori darajali vakillari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi. Murojaatni Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

Forumning ochilish marosimida nutq soʻzlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov iqlim va inson huquqlari muammolari muhokama qilinadigan ushbu xalqaro anjuman Oʻzbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasidagi nutqida ilgari surilganini taʼkidladi.

Shundan soʻng, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi.

Spikerlar Samarqand forumi ishiga muvaffaqiyat tilab, hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʼni, iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa, jiddiy sezilmoqda. Shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.

Global muammo boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan boʻlishiga qaramay, bu saʼy-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti 2023-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tashabbus global iqlim oʻzgarishlarining Markaziy Osiyo bilan bogʻliq tahdidlari oldini olish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda barcha hamkorlarning manfaatlariga birdek mos keladi. Bu taklifning negizida mavjud ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish emas, balki ayni tahdidlarning oʻziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini qaratish maqsadi ham mujassamdir.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida oʻzaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ham ega boʻldi.

Forumda asosiy eʼtibor iqlim oʻzgarishlarining inson huquqlariga koʻrsatadigan salbiy taʼsirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratildi.

Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va oʻzgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun koʻmaklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqishda turli soha mutaxassislariga qulay maydon boʻlib xizmat qilmoqda.

Forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis oʻtkazildi. Birinchi yalpi majlisida soʻzga chiqqan ekspertlarning fikricha, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻz dasturlarini ekologiya muammolariga yechim topishga oid rejalar bilan uygʻunlashtirishi maqsadga muvofiqdir. Chunki bunday amaliy yondashuv, oʻz navbatida, ekologiya adolatsizligini bartaraf etish, shuningdek, barcha insonlarning qadr-qimmati hamda huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan maqbul siyosatni targʻib etishda ushbu tuzilmalar hal qiluvchi mavqega egaligini amalda namoyon etishga xizmat qiladi.

Ikkinchi yalpi majlisda global iqlim oʻzgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga taʼsiri imkon qadar chuqurroq tahlillar negizida koʻrib chiqildi. Bunda aholi zaif qatlamlarining huquqlarini taʼminlash boʻyicha aniq strategiyalarni taqdim etishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchinchi yalpi majlisda oʻzgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar batafsil koʻrib chiqildi. Muhokama davomida xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda mustahkamlangan belgilangan standartlarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Sessiyaning asosiy maqsadi sayyoramizda barqaror va adolatli yashash sharoitlarini taʼminlashga qaratilgan hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish va global strategiyalarni ishlab chiqishdir. Muhokamalarda nafaqat dolzarb muammolarga, balki iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi istiqbolli yechimlarga, shuningdek, salbiy ijtimoiy va ekologik oqibatlarning oldini olishga ham eʼtibor qaratildi.

Sessiya yakunida iqlim boʻyicha global tashabbuslar doirasida mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator tavsiyalar ishlab chiqildi.

Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashdi. Ishtirokchilar asosan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim boʻyicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim oʻzgarishi muammolari bilan shugʻullanadigan masʼullari, fuqarolik jamiyati instituti, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat. Inson huquqlari boʻyicha VI Samarqand forumi 14-iyun kuni yakunlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер