Ilm-maʼrifat va bagʻrikenglik markazi

17:02 16 Avgust 2020 Jamiyat
2033 0

Mamlakatimizda vijdon erkinligi, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini taʼminlash, ularning qonuniy asoslarini yaratish va rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Soʻnggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy sohada bir qator islohotlar va koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Turli konfessiyalar vakillari uchun bir xil sharoitlar yaratilib, vijdon erkinligi barcha uchun kafolatlangan. Sifatli diniy taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda.

Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini oʻrganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab oʻz faoliyatlarini boshladi. Yurtimizning deyarli barcha hududlarida 10 dan ortiq  islomiy taʼlim muassasalari ochilgan.

Milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, islom dinining asl-mohiyatini toʻgʻri tushuntirish, islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning ilmiy asarlarini oʻrganish, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash yoʻlida Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari oʻz faoliyatlarini olib bormoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning yanvar oyida parlamentga yoʻllagan murojaatida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan ezgu gʻoya asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va doʻstlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini mamlakatimizda targʻib etish lozimligiga toʻxtalgandi.

Bu yoʻnalishda milliy urf-odat va qadriyatlarimizni tiklash, islom dini ulamolarimizning boy merosini teran oʻrganish, ularning qadamjolarini obod qilish, tarixiy obidalarni asrash kabi ishlarni amalga oshirish belgilangandi. Jumladan, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchilarining hayoti hamda ilmiy meroslarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, 2020 yil 11 avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori moturidiya taʼlimoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning shogirdlari boʻlgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini hamda ularning islom dini ravnaqiga qoʻshgan hissasini oʻrganishda beqiyos ahamiyatga egadir.

Shu bilan birga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tashabbuslarini hayotga tatbiq etilayotganidan dalolat beradi. Xususan, ana shunday tashabbuslardan biri boʻlgan va 2018-yilda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasida ham mazkur jihatlarga alohida eʼtibor beriladi. Unda maʼrifatparvarlik gʻoyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yoʻlidagi integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va oʻzaro anglashuvning nechogʻli muhimligi eʼtirof etiladi.

Ahamiyatli jihati, Moturidiya aqidasi Qurʼon, hadis va aql-idrok, mantiq va haqiqatga yaqin ekani bilan boshqa taʼlimotlardan ajralib turadi. Abu Mansur Moturidiy oʻz taʼlimotida islomda oʻta muhim boʻlgan bagʻrikenglik, moʻtadillik va insoniylikni targʻib qiladi. Islom olamidagi yuksak xizmatlari uchun Imom Abu Mansur Moturidiyga musulmonlar tomonidan oliy unvonlar berilgan.

Jumladan, oʻrta asrlarda turli firqa va toifalar oʻzlarining buzgʻunchilik harakatlari bilan ahli sunna val jamoa mazhabiga tahdid solganida Imom Abu Mansur Moturidiy uning himoyasiga turgani uchun «Musahhihu aqiydata ahlis-sunna», yaʼni «ahli sunna aqidasini toʻgʻrilovchi» unvon berilgan. Bundan tashqari, Moturidiyni ulugʻlab «Imom al-huda» va «Imom al-mutakallimin»“Hidoyat yoʻli imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar. Darhaqiqat, Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida oʻz munosib oʻrniga ega boʻlgan diniy arboblardan hisoblanadi.

Shu bois, joriy yilning 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan «Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun» mavzuidagi xalqaro konferensiyada 20 yaqin davlatdan tashrif buyurgan diniy ulamolar, islom olamining yetuk olim va mutaxassislari moturidiya taʼlimotini oʻrganish va keng targʻib etish bugungi kun uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida eʼtirof etishgan edi.

Afsuski, Abu Mansur Moturidiyning koʻp asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham xorijdagi kutubxona va qoʻlyozma fondlarida saqlanmoqda. Shuning uchun Prezidentning mazkur qarori yangi tashkil etilayotgan Markaz oldiga xorijiy davlatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan buyuk allomamizning islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan meroslarini Oʻzbekistonda toʻplash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish vazifasi qoʻyilganligi ham bejizga emas.

Shuningdek, Prezident qarorida taʼsis etilgan Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyasi moturidiy taʼlimoti bilan bogʻliq oʻrganishlarni amalga oshiruvchi xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun juda muhim ragʻbatlantiruvchi kuch boʻlib xizmat qiladi.

Umuman olganda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi bevosita Imom Moturidiy va uning izdoshlarining ilmiy merosini tiklash, oʻrganish, oʻzbek tiliga tarjima qilish hamda targʻib qilishda muhim qadam boʻldi.

Kelgusida Markaz faoliyati “jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom dinining ilm-maʼrifat, maʼnaviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, bagʻrikenglik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi gʻoyalarini xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlodni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalashda, hamda islom olamida mutaassiblik va aqidaparastlik gʻoyalarini tarqalishining oldini olishda oʻz oʻrniga ega boʻladi.

Samariddin Sattorov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
bosh ilmiy xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?