Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish yoʻlida qoʻyilgan yangi qadam
Soʻnggi yillarda ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida va sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni oʻz xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirish borasidagi chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada qoʻyilgan muhim qadamlardan biri boʻldi.
Mazkur hujjat ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, oʻzaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, bir soʻz bilan aytganda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy hayotda toʻliq oʻz aksini topish maqsadini koʻzlaydi.
Qaror bilan ushbu maqsadni roʻyobga chiqarish mexanizmlari ham nazarda tutilgan boʻlib, ular ichki ishlar organlari xodimlarida xizmat vazifalariga halol, vijdonan, Vatan va xalq oldidagi burchini chin dildan his etgan holda, yuksak masʼuliyat bilan yondashish, jamiyatda umumeʼtirof etilgan odob-axloq normalariga soʻzsiz amal qilish tuygʻusini shakllantirishga xizmat qiladi. Unga muvofiq, Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlanib, uning qoida va talablari hayotga tatbiq etildi.
Mazkur Kodeksning qabul qilinishi natijasida:
birinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyati, xulq-atvori, xizmat intizomini belgilovchi bir qator, tarqoq idoraviy hujjatlar yagona tizimga keltirildi;
ikkinchidan, mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning Davlat rahbari qarori bilan Kodeks sifatida tasdiqlanishi undagi qoida va talablarga birdek amal qilinishini taʼminlashga hamda ularning yuridik ahamiyati va darajasi oshishiga xizmat qildi;
uchinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat oʻtashdagi masʼuliyati bir pogʻonaga oʻsishi uchun sharoit yaratdi.
Qabul qilingan Kodeks ichki ishlar organlari tizimida xizmat oʻtash tartibi bilan bogʻliq bir qator koʻrsatma va talablarni oʻzida ifoda etib, mazkur qoida va talablarni bilish, ularga qatʼiy va soʻzsiz amal qilish har bir xodim uchun majburiy hisoblanadi.
Ahamiyatli jihati unda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezoni sanaladi. Shuningdek, Kodeksdagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qoʻpol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan qarori bilan yana bir qator oʻziga xos tartibotlar belgilandiki, ularning barchasi ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, kundalik muammolarini doimiy ravishda hal etishda salohiyatli kadrlar tayyorlash va zaxirasini yaratishga yoʻnaltirilgan.
Jumladan, endilikda ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddati bir yil etib belgilandi (ilgari ushbu muddat uch oy edi). Mazkur tartibning joriy etilishi tizimga kirib kelayotgan yosh kadrlarning kasbiy salohiyati va xizmat oʻtash qobiliyatlarini toʻliq sinovdan oʻtkazish, xodimning tizimga munosibligini toʻlaqonli aniqlashga imkon beradi.
Shuningdek, intizomiy jazo tariqasida lavozimidan ozod etilayotgan xodimlarni boshqa sohaviy tuzilmalarga oʻtkazish amaliyotiga chek qoʻyib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha quyi boʻlinmalarga yoʻnaltirish tartibining yoʻlga qoʻyilganligi xodimlarning oʻz xizmat vazifalariga masʼuliyat va sadoqat bilan yondashish hamda faoliyat samaradorligini oshirishga undaydi.
Aholining tizimga nisbatan ishonchi va hurmatini oshirish, tizim faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzildi.
Mazkur kengashlar ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha boʻyicha ijtimoiy fikrni oʻrganish va tizimli monitoring olib borish, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek korrupsion holatlar boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlarni batafsil oʻrganish va natijasini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi vazifalarni bajaruvchi, ichki ishlar organlari hamda aholi oʻrtasidagi uzviy aloqani taʼminlovchi koʻprik vazifasini oʻtaydi.
Yuqoridagi qaror asosida ichki ishlar organlari tizimi uchun kadrlar tayyorlashning alohida yoʻnalishi boʻlgan, pedagog xodimlarni tayyorlash tartibiga doir muhim qoida kiritilib, unga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga — ichki ishlar organlari taʼlim va oʻquv muassasalarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifasi yuklatildi. Qayd etish lozimki, bunga qadar ichki ishlar organlarining taʼlim va oʻquv muassasalari pedagog xodimlarini tizim doirasida oʻqitishning aniq mexanizmlari mavjud emas edi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga — oʻquv-tayyorlov markazlarini tashkil etgan holda, ish vaqtidan tashqari paytda akademik litsey oʻqituvchilari tomonidan oʻquvchi va fuqarolar uchun ixtiyoriylik asosida qoʻshimcha oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish boʻyicha pulli taʼlim xizmatlarini koʻrsatish huquqi berilganligi tizim uchun kadrlar tayyorlash amaliyotining maqsadli yoʻnaltirilishiga xizmat qildi.
Alohida eʼtirof etish lozimki, ushbu hujjatda ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyatini oshirish zamon talabi va dolzarb vazifa ekanidan kelib chiqqan holda, tizim uchun kadrlar tayyorlashga masʼul tuzilma — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentining faoliyati quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda takomillashtirilishi belgilab qoʻyildi:
ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish boʻyicha nomzodlarni tanlashning adolatli, xolis va shaffof tizimini yaratish;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni “taʼlim muassasasidan — xizmatning oxiriga qadar” tamoyili asosida tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi hamda taʼsirchanligini oshirish;
xizmatning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida manzilli psixologik tadbirlarning zamonaviy usullarini tatbiq etish, lavozimga tayinlash va attestatsiya oʻtkazish jarayonlarida mutaxassis-psixologlarning rolini oshirish;
ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish;
jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasining xususiyatlaridan kelib chiqib, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish va uni baholashni yangi mezonlar asosida amalga oshirish;
inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni oʻtash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda toʻliq raqamlashtirish.
Taʼkidlash lozimki, yuqorida keltirilgan yangi mexanizmlarning joriy etilishi natijasida ichki ishlar organlarida xizmat oʻtash tartib-taomillari takomillashtirilib, tizimning zamon talablariga mos boʻlgan tuzilmaga aylanishi uchun zamin yaratiladi. Buning natijasida ichki ishlar organlari xodimlarini oʻz burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishiladi.
Jahongir YULDASHEV,
IIV Akademiyasi kafedra boshligʻi,
yuridik fanlar doktori, dotsent.
Behzod EGAMBERDIYEV,
IIV bosh inspektori,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring