Hokim qabuliga kelgan rus, qozoq, qirgʻiz qariyalar tarjimon bilan kelishi kerakmi? XDP vakili davlat tili haqidagi shov-shuvlarga munosabat bildirdi
Xalq demokratik partiyasi davlat tilining mavqeyini oshirishga xizmat qiladigan qonun loyihasining bitta moddadan tashqari, boshqa barcha moddasini qoʻllab-quvvatladi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Maqsuda Vorisova.
Uning taʼkidlashicha, avval qonun loyihasini yaxshilab oʻrganib, tahlil qilib koʻrish kerak edi.
«Baʼzi shuhratparastlarning arzon obroʻ ilinjida toʻgʻri fikrni teskari talqin qilishlari oqibatida bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlar qovoqari iniga aylandi. Masalaning mohiyatiga tushunar-tushunmas fikr bildirayotganlarning haqoratlari nishoniga aylandik.
Masala nimada edi?..
Mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, muassasa va tashkilotlarda ish yuritishni toʻliq davlat tilida olib borishni talab qiluvchi meʼyorlar “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimcha va oʻzgartirish sifatida kiritilmoqda. Bu taklif qonunchilik palatasidagi barcha deputatlar tomonidan maʼqullandi. Koʻp hollarda boʻlganidek “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi vakillari eʼtiborni oʻzlariga qaratish maqsadida qonunga takliflar kiritishga harakat qildilar.
Yaʼni, oʻzbek oilalarining farzandlari faqat oʻzbek maktablarida oʻqishi kerak, degan takliflari ishchi guruh tomonidan qatʼiy rad etildi. Keyingi taklif davlat tashkilotlariga fuqarolarning murojaatlari faqat davlat tilida boʻlishi kerakligi haqida edi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan, ishchi guruh va qoʻmita tomonidan maʼqullangan tahrir, yaʼni murojaat davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin, degan taklifga ovoz berdi.
Nima uchun?..
Davlat tashkilotlariga kelayotgan murojaatlarning asosiy qismi aholining ehtiyojmand qatlami – bizning partiya elektorati tomonidan bildiriladi. Yordam soʻrab hokimliklarga, pensiya boʻlimlariga, shifoxonalarga, elektr, gaz, suv taʼminoti korxonalariga asosan katta yoshdagilar, nogironligi borlar murojaat qiladilar.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi taklifiga koʻra ana shu muhtojlarni yozgan murojaatlarini qabul qilmay tarjima qildirib kelishni talab qilish insofdanmi?.. Ular ham teng huquqli fuqarolar emasmi?.. Arizachi yolgʻiz qariya, nogiron, mehribonlik uyidan chiqqan yetim bola boʻlsachi?.. Axir davlat tashkilotlariga murojaat qiluvchilarning asosiy qismi ularku!
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi vakillari iddao qilganidek, arab yoki xitoy sarmoyadorlari, albatta, oʻz tarjimonlari bilan kelishi kundek ravshan.
Hokimning qabuliga kelgan qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, rus qariyalar oʻzlari bilan tarjimon olib kelishlari haqidagi talab qaysi qonunga yoki insoniylikka toʻgʻri keladi?..
Mutasaddi rahbar oʻzi xizmat qilayotgan aholi murojaatini tushunish uchun harakat qilishi zarur emasmi?.. “Men oʻzbek tilidan boshqasini tushunmayman va tushunishni istamayman”, deyish rahbarlikka daʼvo qiluvchilar uchun qanchalar toʻgʻri?..
Shu vatan farzandi sifatida biz ona tilimiz – oʻzbek tilining shaʼni, obroʻsi, mavqeyi baland boʻlishini istaymiz. Oʻzining saylovoldi dasturida ana shu vazifani asosiy masala qilib koʻtargan partiya, uning yechimi sifatida baʼzi fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqlarini cheklashni koʻrayotgan boʻlsa, biz qattiq afsusdamiz.
Agar haqiqiy millatparvar boʻlsangiz, koʻchalardagi turli tuman tillarda tushunarsiz yozilgan reklama va lavhalarga, maktab darsliklaridagi gʻij-gʻij xatolarga, ommaviy axborot vositalaridan tinmay yogʻilayotgan oʻzbek tiliga mutlaqo nomunosib boʻlgan jumlalarga eʼtibor qarating-ki, biz sizga hamkor boʻlaylik. Yoshlarimiz barcha zamonaviy bilim va maʼlumotlarni olayotgan internetda oʻzbek tilidagi segment qanchalar mukammal?.. Oʻzbek tili qachon fan, ilm, texnika tiliga aylanadi? Buning uchun qaygʻurish vaqti emasmi?..
Nahotki, bechora, miskin, qariya va nogironlarni sarson qilish bilan oʻzbek tilining mavqeyi yuksaladi?
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi taklifi qabul qilindi ham deylik. Xoʻsh, jamiyatda bu qonun qaysi muammoni hal qiladi?.. Bizningcha, u faqat ziddiyatlarga, muammolarga sabab boʻladi. Taklif muhokamasidayoq taraf-taraf ajralishga guvoh boʻlib turibmiz.
Xalq demokratik partiyasi oʻzining tamoyillariga sodiq holda, aholimizning eng yordamga muhtoj qatlami manfaatlari himoyasi, jamiyatda totuvlik, tenglik tamoyillari, bir soʻz bilan aytganda, chin insoniy, islomiy sifatlar uchun kurashaveradi. Bizni “xoin”, deganlar ana shu sifatlarga xiyonat qilayotganlarini oʻylab koʻrsalar boʻlar edi.
Biz hech kimni haqorat qilmaymiz, bunga bizning tarbiyamiz yoʻl qoʻymaydi.
Olloh koʻrguvchi, bilguvchidir, oʻzi hech qachon haqni nohaq qilmaydi», deydi deputat.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring