“Hisob-kitob ishlarida shoshish yaramaydi”

14:13 24 Yanvar 2023 Jamiyat
513 0

Dunyoda kechayotgan murakkab iqtisodiy va siyosiy jarayonlar, pandemiya oqibatlari tufayli yuzaga kelgan inqirozlar hamda xalqaro maydondagi ziddiyatlarga qaramasdan mamlakatimizda keng koʻlamli va samarali islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistondagi ijobiy oʻsish surʼatlari, tashqi iqtisodiy aloqalarda milliy iqtisodiyotimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib kelishining hamda eksport hajmi oshganligi sinovli yilda Prezidentimiz tashabbuslari hamda farmon va qarorlari oʻz vaqtida qabul qilinganligini isbotlab turibdi.

Muxbirimiz erishilgan natijalarda islohotlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish borasida olib borilgan ishlar, shuningdek, istiqboldagi vazifalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sharofiddin Nazarov bilan suhbatlashdi.

— Oʻtgan yil iqtisodiyotimiz uchun sinovli yil boʻlganligiga qaramasdan ijobiy natijalar kuzatildi. Bunda islohotlarning asosini tashkil etuvchi qonunchilikni takomillashtirishga boʻlgan ehtiyojni qanday baholaysiz?

— Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda samarali byudjet, soliq va pul-kredit siyosatini olib borish, tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini yaxshilash orqali iqtisodiy faollikni oshirish, davlatning iqtisodiyotga bevosita taʼsirini kamaytirib borish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, moliya xizmatlari xususan, sugʻurta, mikromoliyalash, ipoteka hamda qimmatli qogʻozlar bozorlarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga boʻlgan talab yil sayin ortib bormoqda. Buni qoʻmita masʼulligida qabul qilingan qonunlar salmogʻidan ham koʻrsa boʻladi.

Masalan, qoʻmitamiz 2020-yilda 21 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻlib, shundan 18 tasi qabul qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich mos ravishda 25 va 22 tani tashkil qilgan. Oʻtgan yilda esa qoʻmitamiz 30 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻldi hamda shundan 25 tasi qabul qilindi.

Koʻrinib turibdiki, byudjet, soliq, pul-kredit siyosati va iqtisodiy islohotlarga oid qonunlarni takomiliga yetkazish va davr talabiga moslashtirishga boʻlgan talab borgan sari ortib bormoqda. Chunki izchil va keng qamrovli islohotlar jarayonida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotni tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlari va vositalarini amaliyotga qoʻllash, avvalo, bu boradagi qonunchilik asoslarini takomillashtirishni talab etadi.

— Yuqorida iqtisodiy siyosat olib borishning zamonaviy mexanizmlari haqida aytib oʻtdingiz. Shu toʻgʻrisida kengroq tushuncha berib oʻtsangiz...

— Bu borada uzoq fikr yuritish mumkin. Qisqaroq aytadigan boʻlsak, qoʻmita masʼul boʻlgan bir qancha qonunlarda barqaror makroiqtisodiy siyosat yuritishning zamonaviy usullarini amaliyotda qoʻllashning huquqiy asoslariga oid normalar ustida ish olib borildi.

Xususan, “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida makroiqtisodiy xavf-xatarlarni (risklarni) hisobga olgan holda vakolatli davlat organlari tomonidan iqtisodiy siyosatni amalga oshirishdagi vakolatlari, huquq va majburiyatlari belgilandi.

Ushbu qonunda davlat qarzi va unga xizmat koʻrsatish xarajatlarining ustuvorligini taʼminlash, davlat qarzining cheklangan hajmlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash imkonini beradigan normalar kiritildi. Shuningdek, qonun loyihasida davlat qarzini boshqarishda parlament hamda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha samarali va yaxlit tizimning qonuniy asoslariga oid normalar aks ettirilgan. Qonunda davlat qarzini boshqarish jarayonining fragmentatsiyalashuvining oldini olish, davlat qarzi hamda davlatning shartli majburiyatlari boʻyicha xatarlarni boshqarish hamda davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan qonuniy mexanizmlarning amal qilishiga oid normalar ham keltirilgan.

Bundan tashqari, byudjet va soliq siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qancha yangi normalar Byudjet va Soliq kodekslarida oʻz aksini topgan. Ular jumlasiga soliq solish tizimini soddalashtirish, ishbilarmonlik hamda investitsiya faolligini oshirish maqsadida korxonalar va jismoniy shaxslar uchun soliq yukini kamaytirish, soliq toʻlovchilar uchun tashqi shoklar natijasida vaqtinchalik yuzaga keladigan yoʻqotishlarni boshqarishning yetarlicha moslashuvchan shart-sharoitlarini taʼminlaydigan huquqiy normalar va fiskal qoidalar ishlab chiqildi.

— Bu yilgi Davlat byudjetini qabul qilish jarayoni qanday kechdi? Sir emas, ayrim ommaviy axborot vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Deputatlar Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni tezda qabul qilib yubordi”, degan gaplar tarqaldi. Buni qanday izohlaysiz?

— Dunyo mamlakatlari iqtisodiyotida kechayotgan nobarqarorliklar va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan risklarning milliy iqtisodiyot va qolaversa, davlat byudjeti ijrosiga taʼsirini oldindan bashorat qilish juda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Kechagi gap bugunga toʻgʻri kelmay qolayotgan bunday sharoitda har bir mamlakat uchun xalqaro moliya institutlari hamda asosiy savdo-iqtisodiy hamkor davlatlar bilan munosabatlaridagi oʻzgarishlarning oʻz iqtisodiyotiga, qolaversa, byudjet daromadlariga taʼsirini toʻgʻri baholash mushkul vazifaga aylanib bormoqda. Shu va boshqa sabablar tufayli koʻpgina davlatlarda byudjet parametrlarini tasdiqlash jarayonlari choʻzilib ketayotganligining guvohi boʻlib turibmiz.

Birgina misol, AQSHda moliyaviy yil 1-oktyabrdan boshlanadigan 2023-yilning byudjet xarajatlari (assignovaniyalari) 2022-yilning oxirgi kunlarida AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlandi. Bunday kechikishlar boshqa davlatlar amaliyotida ham kuzatilmoqda. Bundan Oʻzbekiston ham mustasno emas. Zero, mamlakatimiz global jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib boʻldi. Shunday ekan, “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini parlamentga oldingi yillarga nisbatan kechroq kiritilishining ham maʼlum bir sabablari bor.

Masalan, Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy aloqalardagi asosiy hamkorlari boʻlgan Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va boshqa davlatlar iqtisodiyotida kuzatilayotgan oʻzgarishlarga qarab makroiqtisodiy va byudjet parametrlarimizga aniqlik kiritish zarurati oy emas, hafta emas, kun sayin yuzaga kelmoqda.

Bunday holatlar Davlat byudjeti parametrlarini vakolatli davlat organlari oʻrtasida muvofiqlashtirib olishda ayrim hisob-kitoblarni qayta koʻrib chiqishni talab etadi. Bunday hisob-kitob ishlarini shoshma-shosharlik bilan qilib boʻlmaydi. Shu sababli ham “2023-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlamentga oldingi yillarga nisbatan kechroq kirib keldi.

“Deputatlar kech kiritilgan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni bir pasda qabul qilib yuborishdi”, degan fikrlarga qoʻshilmagan boʻlardim. Chunki Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2023-yil uchun Davlat byudjetining parametrlari muhokamasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Fiskal strategiya 2022-yilning 15-iyunida tasdiqlanib, parlamentga maʼlumot tariqasida kiritilgan sanadan boshlangan, desak, toʻgʻri boʻladi.

Fiskal strategiya, bu — oʻrta muddatli davr uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi hujjat hisoblanadi. U Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi, Hukumat uni tasdiqlaydi. Fiskal strategiyada keyingi oʻrta muddatli davr uchun makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning prognozlari, fiskal siyosatning asosiy yoʻnalishlari, makrofiskal tavakkalchiliklar tahlili, Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari, Davlat byudjeti profitsiti yoki taqchilligi prognozlari, taqchillikni moliyalashtirish manbalari, davlat qarzi tahlili hamda boshqa bir qancha maʼlumotlar oʻz aksini topgan.

Ushbu strategiya xalq vakillari uchun 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan fiskal maqsadlar, davlat moliyasi tizimida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlar, byudjet xarajatlarini rejalashtirishda natijadorlik va samaradorlikka erishish, byudjet ochiqligini taʼminlashga oid xulosalar chiqarish uchun muhim manba hisoblanadi.

Umuman, Fiskal strategiya 2023-yil uchun “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining konsepsiyasini toʻliq ochib beradigan hujjat. Ushbu hujjat qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga rasman kirib kelishidan 4-5 oy avval deputatlarga taqdim etilishi byudjet parametrlari muhokamasini sifatli amalga oshirish imkonini berdi.

Qolaversa, mazkur hujjat dastavval Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi va boshqa masʼul qoʻmitalar tomonidan batafsil oʻrganib chiqildi. Ayni chogʻda, deputatlar mamlakatning 2023 — 2025-yilda olib boriladigan byudjet va soliq siyosatiga nisbatan pozitsiyalarini “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlamentga rasman kirib kelgunga qadar aniqlab olish imkoniyatiga ega boʻldi. Bundan tashqari, qoʻmitamiz aʼzolari “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlamentga rasman kiritilgunga qadar loyihani shakllantirish jarayonida Moliya vazirligining tegishli departamentlari tomonidan ishchi tartibda oʻtkazilgan muhokamalarda ishtirok etib, oʻz taklif va tavsiyalarini berib bordi.

Byudjetlashtirish jarayoni shaffofligi hamda byudjet mablagʻlari samaradorligini taʼminlab borishda yana bir yangilik, bu — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrda qabul qilingan qarori bilan muhim parlament nazorati mexanizmi joriy etilganidir.

Unga koʻra, 2022-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlarida belgilangan maqsad indikatorlari bajarilishi boʻyicha choraklik axborotlar Qonunchilik palatasiga taqdim etib borildi. Mazkur axborotda maqsad indikatorlariga erishish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishga oid maʼlumotlar 2022-yil uchun batafsil hamda 2023 — 2025-yillar uchun oʻrta muddatli prognoz koʻrsatkichlarini ham oʻz ichiga olgan.

Mazkur maʼlumotlarning quyi palata tegishli qoʻmitalarida doimiy ravishda (har chorakda) monitoringi yoʻlga qoʻyilishi natijasida deputatlar nafaqat joriy yil uchun, shuningdek, kelgusi davr uchun moʻljallanayotgan byudjet parametrlarini ham tahlil qilib borish hamda tegishli fikr va mulohazalarini Moliya vazirligi, tegishli vazirlik hamda idoralarga bildirish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Shu bois 2023-yil uchun Davlat byudjeti parametrlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yigʻilishida muhokama qilish jarayonida ortiqcha tortishuv, bahs-munozaralar oldingi yillarga nisbatan kam boʻldi, deyishga asos bor.

— Qoʻmitaning nazorat-tahlil va saylovchilar bilan amalga oshirgan ishlari borasida ham toʻxtalsangiz...

— Qoʻmita tomonidan qonunlar va qonunosti hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida oʻrganish maqsadida 21 ta tadbir oʻtkazildi. Ulardan bittasi qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganishga, yigirmatasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga taalluqlidir. Oʻtgan vaqt mobaynida qoʻmita tomonidan “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi hamda “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning mutasaddi idoralar tomonidan amaliyotga joriy etilish holati oʻrganildi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan doimiy parlament nazorati oʻrnatilib, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi bilan birgalikda masʼul vazirlik hamda idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitib borildi.

Qoʻmita tomonidan saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar va joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik hamda muammolarga mutasaddilar eʼtiborini qaratgan holda hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Jumladan, oʻtgan davrda qoʻmita tashabbusi bilan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga 4 ta parlament soʻrovi yuborildi. Shu bilan birga, qoʻmita aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 8 ta deputat soʻrovi yuborildi.

— Qoʻmitaning kelgusi rejalari qanday?

— Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida iqtisodiy islohotlarga oid bir qancha muhim yoʻnalishlar va vazifalar belgilangan.

Shundan kelib chiqib, 2023-yilda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi oʻzining qonun ijodkorligi hamda nazorat-tahlil faoliyatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishda erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, Davlat byudjeti tizimini isloh qilish, bank-moliya sohasini liberallashtirishning huquqiy poydevorini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Qoʻmitamiz masʼulligida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yaqin kunlarda ikkinchi oʻqish muhokamasiga olib chiqiladi. Ushbu qonun loyihasi qoʻmita tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlar hamda ekspertlar guruhi yigʻilishlarida koʻrib chiqilib, takomillashtirildi. Undagi koʻplab normalar xalqaro tajribani chuqur tahlil qilgan holda maromiga yetkazildi.

Umuman, belgilanayotgan yangi normalar bozor ishtirokchilari oʻrtasida tenglikni taʼminlashga hamda tovar hamda moliya bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?