Hindiston parlamentining yangi binosi ochildi

16:38 03 Iyun 2023 Dunyo
471 0

Kecha Hindiston parlamenti yangi binosining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mamlakat parlamentining qarorgohi boʻlgan yangi binoda quyi palata — Lok Sabha va yuqori palata — Rajya Sabha joylashdi. Inshoot asosiy davlat organlari, mamlakatning koʻplab shtatlarining vakolatxonalari joylashgan hududda qad rostladi.

Zamonaviy binoni Bosh vazir Narendra Modi mamlakat parlamenti aʼzolari, vazirlik va idoralari rahbarlari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus vakillari ishtirokida ochdi. Hukumat rahbari yangi bino farovon Hindistonning oʻziga xos ramzini ifodalashini taʼkidladi.

Ushbu voqea munosabati bilan mamlakatda maxsus esdalik pochta markasi va tanga muomalaga chiqarildi.

Shu paytgacha mavjud boʻlgan parlament majmuasi oʻrniga yangi bino qurish takliflari 2010-yillar boshida ilgari surila boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning fikricha, buning asosiy sababi qariyb bir asr avval – 1927-yilda foydalanishga topshirilgan eski binoda zamon talablari darajasidagi shart-sharoit yoʻqligi boʻldi. Ikkala palatada ham yigʻilishlar oʻtkazish uchun qulay mexanizmlarning chegaralangani deputatlar faoliyati samaradorligiga taʼsir koʻrsatar edi. Shunga qaramasdan, eski bino Hindiston milliy merosi uchun muhim obyekt sanaladi va uni meʼmoriy ahamiyatga ega davlat inshooti sifatida himoya qilish choralari koʻrilishi aytilmoqda.

Yangi bino 150-yildan ortiq xizmat qilish uchun moʻljallangan. Uning dizayni zilzilaga chidamlikni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va Hindistonning turli hududlarining meʼmoriy uslublarini oʻzida mujassam etgan. Mamlakat Konstitutsiyasiga binoan, Lok Sabhaga 550 nafar deputat, Rajya Sabhaga esa 250 aʼzo saylanishi mumkin. Ammo mamlakat aholisining kelajakdagi oʻsishini hisobga olgan holda, palatalar majlislarini oʻtkazish uchun moʻljallangan binolar katta sigʻim, yaʼni mos ravishda 888 va 384 oʻringa ega. Shu bilan birga, Lok Sabha zali qoʻshma majlislar oʻtkazish uchun 1270 dan ortiq kishini sigʻdira oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?