“... Har vaʼdaki, aylasa vafodur anga shart”
Turkiy xalqlar osmonining soʻnmas quyoshi, mutafakkir shoir Alisher Navoiy mumtoz Sharq poetikasining oʻn olti lirik janridagi asarlardan tarkib topgan “Badoeʼ ul-bidoya” devoni misolida oʻz davri poetik uslubiga xos juda koʻp ilmiy masalalarni, xususan, turkiy til imkoniyatlari, yozma adabiyotda stilistika qonuniyatlari, ogʻzaki badiiy ijodning lirikaga taʼsiri masalalarini tahlil qilish mumkin.
Xususan, buyuk ajdodimiz sheʼriyatda gʻazaldan tashqari oʻz davrida keng tarqalgan lirik janrlarning turli koʻrinishlardagi takomiliga erishar ekan, estetik tamoyillarning yangi qirralarini namoyish etadi.
Jumladan, “Badoeʼ ul-bidoya” devonidan 85 ruboiy oʻrin olgan va ularning aksariyati ruboiyi-taronadir. Bu ruboiylar orasida tabiat moʻjizalarining goʻzal tasviri berilgan moʻjaz lavhalar uchraydi:
Suv koʻzgusini bogʻ aro aylarda shitob
Siymob qilur erdi taharruk bila tob.
Day qildi bu siymobni andoq koʻzgu,
Kim koʻzgu aning qoshida boʻlgʻay siymob.
Nasriy bayoni shundayki, bogʻda koʻzgudek jilolanib turgan suv yuzida simob oʻynar edi. Yoki bir yogʻdu — shuʼla suv yuzida simobdek jilolanar edi. Qish sovugʻining shiddati bu simobni shunday bir koʻzguga aylantirdiki, uning tiniqligini koʻrgan koʻzgu simobdek erib ketdi.
Kichik shakl, ammo chuqur mazmunli ruboiylarida shoir oʻz ijodiy uslubiga xos soʻz oʻyini qiladi. Masalan, shoir mugʻbacha obrazida, albatta, dayr piri, yaʼni bu dunyodagi bir maʼrifiy yoʻlboshchini nazarda tutadi, jomu may obrazlarida esa maʼrifiy suhbatlar, pok muhabbatga intilish nazarda tutiladi.
Quyidagi ruboiyda ham bizni oʻziga tortgan hodisa shoir adabiy-estetik prinsiplariga xos soʻz oʻyinidir. Ijodkor bir jom may haqqiga jonini beryapti, ikki jom may uchun esa ikki dunyosini hadya etmoqda. Ilohiy muhabbat zavqidan bir tomchisini toʻkkanimdan koʻra, qonim toʻkilsin, demoqda:
Ber jomu ol, ey mugʻbacha, jonimni ivaz,
Qoʻsh tutqilu, ol ikki jahonimni ivaz,
Oni sumururda qatraye tomsa agar,
Sen ham toʻk aning oʻrniga qonimni ivaz.
Shoirning bu mazmundagi maʼrifiy fikrlari ijtimoiylashgan tarzda baʼzi ruboiylarda namoyon boʻladi:
Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,
Har vaʼdaki, aylasa vafodur anga shart.
Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,
Olligʻa nekim kelsa, rizodur anga shart.
Podshoh boʻlishni istagan kishi saxovatli, vaʼdasiga vafo qiluvchi boʻlishi kerak. Faqirlik, darveshlik daʼvo qilgan kimsa esa, Allohdan neki kelsa rizo boʻlib, shukr qilib, asosiy maqsadi — hayotiy talablar va ehtiyojlar yukidan oʻzini xalos etmoq boʻlishi kerak.
Alisher Navoiy ijodida kichik lirik janrlarning poetik jihatdan shu tariqa mukammal darajadagi takomili uning Sharq mumtoz sheʼriyatini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqqanidan dalolat beradi.
Dilorom SALOHIY,
filologiya fanlari doktori, professor,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat
koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring