Har bir muloqot – bizga katta ishonch va kuch bagʻishlamoqda
Har yili anʼanaga aylangan avgust oyida yurtimiz boʻylab xushxabar tarqaldi: Davlatimiz rahbari Nukusga kelib tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qiladi. Bu kunni koʻtaringki ruh va katta umidlar bilan kutdim.
Uchrashuvda Prezidentimiz “Qoraqalpogʻistonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor. Birinchisi — Qoraqalpogʻistonda biznes uchun birorta hududda yoʻq 50 dan ortiq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Ikkinchisi — Qoraqalpogʻistonda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan. Uchinchisi — katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hududimiz, bu — Qoraqalpogʻiston”, — deya alohida taʼkidladi.
Nukusdan keyin ikkinchi bor Prezidentimiz 20-dekabr kuni mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashdi. Videoselektor shaklida oʻtgan muloqotda sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yil yakunlari va 2025-yilga moʻljallangan rejalar muhokama qilindi. Mazkur tadbirda Qoraqalpogʻistondan onlayn qatnashib, oʻzimni oʻylantirib kelayotgan masalalar, tadbirkorlik sohani rivojlantirishga doir fikr, mulohazalar, tashabbuslarimni aytish imkoniyati tugʻilganidan xursand boʻldim.
Bugun qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlarga katta imtiyozlar va ularni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Jumladan, Prezident tomonidan 2023-yilda “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan investitsiya kiritish sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri yer maydonlar ajratilishi, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda aylanma mablagʻlarni shakllantirish maqsadlariga milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit miqdorining 75 foizigacha kafillik taqdim etilishi, hududda ommaviy savdolarda turgan davlat mulki obyektlari 3 oy muddatda sotilmagan taqdirda ularni elektron tanlov asosida eng yaxshi taklif bildirgan talabgorga investitsiya kiritish majburiyati bilan berilishi hududimizda tadbirkorlar soni ortishiga hissa qoʻshmoqda.
Mehmonxona yoʻnalishida 11 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanaman. Qoraqalpogʻistonda yildan-yilga turistlar oqimi oshib bormoqda. Yuqori darajada xizmat koʻrsatadigan mehmonxonalarga talab kuchaymoqda. Shularni inobatga olib menga Nukus shahridan 30 ming odamga moʻljallangan 5 yulduzli mehmonxona majmuasini qurishim uchun investitsiya kiritish sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri yer maydoni ajratib berildi. Mazkur mehmonxona qurilishiga imtiyozli shartlarda 7 yilga, shundan 2 yil imtiyozli davr bilan 10 mlrd soʻm kredit ajratildi. Bugungi kunda qurilish ishlari yakunlanishi arafasida turibdi. Hozirda 20 nafar ishchi-xodimlar bilan ish boshlagan boʻlsak, yangi mehmonxona ishga tushishi bilan qoʻshimcha 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bu bilan qancha ishsiz yurganlar ishli boʻladi, roʻzgʻoriga baraka kiradi. Nukusda mehmonxonalar soni yana bittaga koʻpayadi.
Ikrom YULDASHEV,
“Karakalpak Palace Hotel” korxonasi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring