Halollik boʻlmagan joyda sifatli yoʻl ham, sifatli taʼlim ham, pirovardida rivojlanish ham boʻlmaydi — A.Qodirov

12:02 05 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1372 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini tanqid qilayotganlar va umuman yoʻllar boʻyicha mavjud jiddiy muammolar haqida oʻz fikrini bildirib oʻtdi.

"​​Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi Musulmonlar idorasiga “Mirza Yusuf” jomeʼ masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziydan shikoyat qilibdi.

Domlaning, agar xizmatchida iymon boʻlsa, eʼtiqod boʻlsa halol ishlaydi degan soʻzlari yoqmagan, buni haqorat deb qabul qilishibdi.

Bundan bir qancha vaqt avval “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida ham ushbu qoʻmitaning axboroti eshitilgan, keskin tanqid qilingan edi.

2021-yilda avtomobil yoʻllari qurish uchun 2,2 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan. Oʻtgan yilda bu miqdor 1,51 trillion soʻmni tashkil etgan.

Oʻzbekiston hududida 4 ming kilometrga yaqin xalqaro ahamiyatdagi yoʻllar bor. Axborotga koʻra bu yil:

- A380 yoʻlining 753-765, 806-812 va 916-964 kilometrlari;
- A373 yoʻlining 0-15 va 450-475 kilometrlari;
- M39 yoʻlining 1315-1330 kilometrlari;
- A378 yoʻlining 0-2,4 kilometrlari taʼmirlangan.

Usulni qarang... Bardavom va bitmas-tuganmaslikning formulasi.

Bu usulda Oʻzbekistondagi xalqaro yoʻllar 2 ming yildan keyin ham talab darajasiga chiqmaydi. Chunki, taʼmirlab boʻlgan qismingizni tugatishingiz bilan oʻtgan yili taʼmirlashni tugatgan qismingiz yana taʼmirtalab boʻlib qolaveradi.

Byudjet esa mehribon sogʻin sigirdek, soʻrasak beraveradi.

Eshituvda bir deputatimiz qoʻmita raisiga ochiqchasiga soha korrupsiyaga botib ketganligini aytganida, qoʻmita raisi jahl bilan isbotlab berishni talab qilgan edi. Agar yaqinda qurilgan yoʻl, bir yilga bormasdan toʻlqinlanib, oʻpirilib tursa, kim aslida oʻzini halolligini isbotlashi kerak?

100-yil kafolatli sifat bilan quradigan yoʻlsozlar iymonli, eʼtiqodli, eng kamida shirkatini shaʼni uchun masʼuliyatli yoʻlsozlardir.

Iymon, eʼtiqod, halollikni oʻrgatish, maʼruza qilish, unga chaqirish vazifasi boʻlgan imomni ayblash emas, borib duo olish kerak! Avtomashinasining gʻildiragi chuqurga tushgan har bir vatandosh yoʻlsozlarni badduo qilyapti. Aslida badduo qilmasdan huquqimizni talab qilish, masʼuliyatsiz qurilish oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplatishga oʻrganishimiz zarur. Bu nafaqat yoʻl, barcha sohalarga tegishli masala.

Halollik boʻlmagan joyda sifatli yoʻl ham, sifatli taʼlim ham, pirovardida rivojlanish ham boʻlmaydi" deb yozadi Spiker oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер