Gullar shahridagi namunali universitet

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, taʼlim tizimida ham ana shunday fikrni aytish mumkin.
Taʼkidlash joizki, oʻzida 16 ta fakultetni jamlagan Namangan davlat universiteti oʻtgan qisqa davr ichida mamlakatimizning eng nufuzli oliy taʼlim dargohlaridan biriga aylandi.
Universitet binosi yangilangach, bu yerda zamonaviy ilgʻor tajribalar asosida taʼlim berish imkoniyati yanada oshdi. Talabalarga taʼlim berish usullari tubdan oʻzgardi. Rossiya davlat pedagogika universiteti, Ural davlat tibbiyot universiteti, Rossiya biotexnologiya universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etildi.
Bugungi kunda Namangan davlat universiteti bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻygan xorijiy oliy taʼlim muassasalari soni 38 taga yetdi. Birgina joriy yil davomida 9 ta xorijiy oliygohlar bilan kelishuvga erishildi. Asosiy hamkorlik aloqalari Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muassasalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Bulardan tashqari, Belorussiya, Qirgʻiziston, Xitoy, AQSH, Vengriya, Bolgariya, Ukraina, Turkiya, Vengriya, Tojikiston Respublikalarining bir necha oliy taʼlim muassasalari bilan ham oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborlisi, ushbu oliygohlarning 7 tasi dunyo miqyosida eʼtirof etilgan va “Top — 1000” talikka kiritilgan. Hozirgi kunda universitet rahbariyati Shimoliy Kipr davlatining Sharqiy oʻrta yer universiteti bilan ham memorandum imzolash uchun muzokaralar olib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar ham diqqatga sazovor.
Jumladan, Konsepsiya doirasida universitetda nofilologik taʼlim yoʻnalishlarida mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda oʻqitish amaliyoti tashkil etildi. 2022/2023 oʻquv yilida 6 ta nofilologik taʼlim yoʻnalishlaridagi 18 ta ixtisoslik fani ingliz tilida oʻqitilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan talabalar soni keskin ortishiga asos boʻlmoqda.
Yangi zamonaviy uslubda barpo etilib, talabalarning sevimli bilim maskaniga aylantirilgan universitetning Axborot-resurs markazi, IT-park, sport zallari kunning istalgan paytida yoshlar bilan gavjum ekanligini koʻrasiz.
Eʼtiborlisi, universitet Axborot-resurs markazi hamda IT-parkka oʻrnatilgan zamonaviy kompyuterlar orqali oʻqituvchi va talabalar jahondagi nufuzli taʼlim dargohlarining ish tajribasi, taʼlim berish, oʻqitish metodikasi bilan tanishib bormoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 1-may holatiga koʻra, Namangan davlat universitetida jami 28 ming 547 nafar, shundan, kunduzgi taʼlimda 14 ming 389 nafar, kechki taʼlimda 2 ming 688 nafar, sirtqi taʼlimda 9 ming 981 nafar, qoʻshma taʼlimda 82 nafar hamda magistratura bosqichida 1 ming 407 nafar talaba tahsil olmoqda.
Bu, albatta, universitetdagi yangilanishlar istiqboli loyihalar bilan uzviy bogʻliq. Bugun ham talabalar uchun yangi oʻquv binolari hamda yotoqxonalar bunyod etish ishlari jadal davom etmoqda.
Ayni kunlarda Namangan shahar, Boburshoh koʻchasi, 161-uyda joylashgan boʻsh yer maydoniga qiymati 88,143 mlrd. soʻmlik 2000 talaba oʻrniga moʻljallangan oʻquv binosi hamda qiymati 26,577 mlrd. soʻmlik 400 oʻrinli yangi, zamonaviy uslubdagi talabalar turarjoyi qurilyapti.
Shuningdek, bugungi kunga kelib, 27 ta tayanch-doktorantura ixtisosliklari boʻyicha ilmiy kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, ulardan 17 tasi yoki 63 foizi soʻnggi 3 yil ichida tashkil etildi, — deydi universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Shuhrat Ataxonov.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring