Germaniyada oʻqituvchilarga sovgʻa berish mumkinmi?

19:59 26 Aprel 2021 Jamiyat
880 0

Kecha “Milliy tiklanish” partiyasida “Vatandosh bilan suhbat” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda yoshlar taʼlim tizimini isloh qilish, mavjud muammolarga yechim topish masalalari muhokama etildi.

Mazkur loyihaning galdagi mehmoni Germaniyaning Hermann-Schulz-Grundschule maktabi pedagogi, Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili, “Shuhrat” medali sohibi Kamoliddin Bediyev boʻldi.

— Kelajaging uchun oʻzing javobgarsan. Qayerda tugʻilishing, qanday sharoitda boʻlishingdan qatʼi nazar ertangi kun uchun oʻzing tamal toshlarini qoʻyib borishing kerak. Oʻz kasbingni, ishingni sevmasang, sohaning kuchli vakili boʻlolmaysan, — deydi loyiha mehmoni K. Bediyev. Xalqimizda “Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir” degan naql bejiz aytilmagan. Oʻquvchilik paytlarimda ustozim nemis tiliga qiziqishimni payqab, uni mukammal oʻzlashtirishim uchun noodatiy oʻqitish uslublari asosida menga saboq berdi. Bugungi yutuqlarimning samarasi ham aslida shundan. Inson tinimsiz mehnat qilsa, oʻz ustida ishlasa va ilm olishdan toʻxtamasa, albatta, muvaffaqiyat sari odimlashda davom etaveradi. Bunga juda koʻp iqtidorli yoshlarni misol qilib keltirish mumkin.

Asosan, yosh avlod vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda ular tomonidan loyiha mehmoniga koʻplab savollar berildi.

Xususan, Yoshlar parlamenti aʼzosi Azizbek Ochilov “Germaniya taʼlim tizimidan oʻrnak olish kerak boʻlgan jihatlar nimalardan iborat va umuman,u yerda taʼlim tizimi qanday yoʻlga qoʻyilgan?” degan mazmundagi savoliga quyidagicha javob berdi:

— Germaniyada oltinchi sinfgacha umumiy maktablarda tahsil olishadi, oltinchi sinfni tamomlagach, oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga koʻra turli maktablarga yoʻnaltiriladi, — deydi loyiha mehmoni. — Oʻqitiladigan fanlar haqida ota-onalarga oʻquv yili avvalida maʼlumot berib, oʻquv metodikasi bilan tanishtirishadi. Diniy fanlar oʻqitilishi ham ixtiyoriy boʻlib, ota-onalarning diniy taʼlim metodikasi bilan tanishib chiqib rozilik xatini imzolab berishsa, diniy fanlar ham oʻqitiladi.

Keyingi masala, yaʼni Germaniya taʼlim tizimidan oʻrnak olish kerak boʻlgan jihatlarga toʻxtaladigan boʻlsam, korrupsiyaga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Germaniya qonunlarida qatʼiy belgilab qoʻyilganki, oʻqituvchi 5 yevrogacha, bizning milliy valyutada hisoblaganda qariyb 60 ming soʻmdan qimmat boʻlmagan har qanday minnatdorlik uchun taqdim etilgan sovgʻani olishi mumkin. Undan yuqorisini olish esa taqiqlangan. Agar ushbu qoidaga amal qilinmasa, oʻqituvchi javobgarlikka tortiladi.

Shu oʻrinda bir taklifimni aytib oʻtsam, umumtaʼlim maktablarida uchburchak, yaʼni “maktab — psixolog — ota-ona” tizimini yoʻlga qoʻyish kerak. Bu yoshlarning turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmasligida yaxshi samara beradi.

Shuningdek, Kamoliddin Bediyev mamlakatimiz taʼlim tizimi taraqqiyotiga oid takliflari bilan birga, kelajakdagi rejalari, jumladan, Oʻzbekistonda Germaniya taʼlim tizimiga asoslangan maktab ochish haqida toʻxtalib oʻtdi.

Sarvinoz TURSUNOVA,

OʻzJOKU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?