Germaniya taraqqiyoti zamirida qanday omillar yotadi?

01:56 03 May 2023 Siyosat
756 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3-may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻlishi biz, oʻzbekistonliklarni cheksiz quvontirdi. Chunki Yevropaning ushbu rivojlangan davlati bilan hamkorlik yangilanayotgan Oʻzbekiston taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, yurtdoshlarimizni Germaniya oʻzi qanday davlat, uning iqtisodiy imkoniyatlari qay darajada? Nemislarning hayoti qanday, qadriyatlari nimalar, degan savollar tugʻilishi tabiiy.

Mazkur savollarga muxtasar javob berish mushkul. Binobarin, olmon diyori qadim tarixga va oʻziga xos rivojlanish yoʻliga ega. Bu yerda shakllangan qadriyatlar boshqa xalqlarnikiga aslo oʻxshamaydi.

Mamlakat iqtisodiyoti nihoyatda qudratli boʻlib, uning beshta sanoat sektori jahon bozoroda hukmronlik qiladi. Davlat savdo-sanoat, muhandislik va farmatsevtikadan tortib, oziq-ovqatgacha boʻlgan ushbu sohalarda dunyoda uzoq yillarda beri ildamlikni qoʻldan boy bermay kelmoqda.

Germaniyada pul aylanmasi eng yuqori boʻlgan 5 ta sektorning yillik hisob-kitobi: avtomobil sanoati – 438,83 milliard yevro, mashinasozlik – 256,88 milliard yevro, kimyo-farmatsevtika sanoati – 198,27 milliard yevro, oziq-ovqat sanoati – 185,3 milliard yevro, elektrotexnika sanoati – 181,6 milliard yevroni tashkil etishining oʻzi mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlari haqida koʻp narsani anglatadi.

Sifatli va mukammal mahsuloti bilan butun dunyoga mashhur boʻlgan Germaniya iqtisodiyot tarmoqlari koʻpincha import-eksport sifat tahlillari va munozaralarining diqqat markazida boʻladi.

Savol tugʻiladi, bu davlat qanday qilib sifat stereotipiga aylandi?

Javob shuki, Germaniya biznes joyi sifatida investorlarga barqarorlik va xavfsizlikni taklif etadi. Eng yirik iqtisodiy reytinglarda toʻrtinchi davlat sifatida Germaniya yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 2019-yilda 3,449 milliard yevroni tashkil qildi. Iqtisodiy oʻsish ham koʻp narsani aytadi: mamlakat iqtisodiyoti 2017-yilda 2,2 foizga, 2018-yilda esa 1,5 foizga oʻsdi.

Shuningdek, “biznes joylashuvi” soʻzining toʻliq maʼnosida yondashsak, Germaniya import va eksport uchun jahonga oʻzini optimal tarzda taklif qila oladi. Qitʼaning markazida joylashgani, yaxshi ishlaydigan kommunikatsiya infratuzilmasi, xavfsiz energiya taʼminoti va barqaror rivojlangan yoʻl va transport tarmoqlari uning biznes olamida dominant boʻlishiga sabab boʻlmoqda.

Qolaversa, Germaniya dunyodagi eng yirik eksportchi davlatlardan biridir. 2018-yilda ushbu mamlakat Xitoy va AQSHdan keyin uchinchi oʻrinni egalladi. Bu boradagi yutuqlarda, shubhasiz, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqining bojsiz maqomi muhim rol oʻynaydi.

Chet el investitsiyalarining qariyb 75 foizi Yevropa Ittifoqidan keladi. Germaniya investitsiyalarining qariyb 50 foizi YEI hududiga kiritiladi. Eksportining qariyb 60 foizi ittifoq davlatlariga joʻnatiladi. Ushbu uch ketmaketlik sinchkovlik bilan tahlil qilinsa, olmon diyorining baquvvat iqtisodiy tomirlari haqida bilib olish mumkin.

Germaniya tadqiqot va ishlanmalar sohasida ham dunyoda ildamlik qilmoqda. 2018-yilda statistikaga olingan 67 895 ta patent bilan Germaniya bu sohada jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Sakkiz yildan buyon Olmoniyada muhojir boʻlib yashamoqdaman. Bu yerda insonning farovon yashashi uchun barcha shart-sharoit hozirlangan desam, adashmayman. “Made in Germany” iborasi butun dunyoda kuchli sifat haqida belgi berib kelgan boʻlsa, bugunga kelib xalqaro siyosatchi va ekspertlar ushbu davlat nomiga “Hayot sugʻurtalangan mamlakat” yoki “Ijtimoiy davlat” deb ham nisbat berishmoqda. Negaki, haqiqatdan ham inson bu diyorda boshiga qanday kun tushishidan qatʼi nazar himoyasiz qolmaydi. Butun umrlik sogʻliq sugʻurtasi tufayli insonlarga ari chaqib olishi shikoyatidan tortib yurak transplantatsiyasiga qadar bepul tibbiy xizmat amalga oshiriladi. Buning uchun oʻrtacha hisobda oylikning 14,6 foizidan sogʻliq sugʻurtasi uchun majburiy toʻlov qilasiz. Farzandlar koʻpligi, oilaning kattaligi mablagʻ hajmini kamaytiradi.

Ishsizlar-chi? Ishsizlik pulidan ajratiladi. Ishsiz qolsangiz, ishsizlik puli va kvartira xarajatlari “Ish agenturasi” tomonidan qoplanadi. Va ushbu tashkilot sizning ish yoʻqotish sabablaringizni oʻrganib, turli kurslarga oʻqitib, qayta yangi ishga qaytaradi. Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun esa juda ham koʻp davlat koʻmaklari mavjud. Ota-ona har bir farzandi 18 yoshga toʻlgunicha bolalar puli oladi, agar ularda nogiron bola boʻlsa, qoʻshimcha toʻlovlar, ota yoki ona oʻz farzandiga rahnamolik qilgani uchun chaqaloq 2 yoshu 8 oylik boʻlguncha ota-onalik pullari beriladi.

Shuningdek, davlat oliy oʻquv yurtlari bepul, kontrakt toʻlovisiz. Juda ham kam semester toʻlovi bor, bu katta shaharda ijarada yashovchi talabaning yarim oylik ijara puliga teng. Aytgancha, talabalik stipendiyasi ham deyarli yoʻq. Ammo tanlov bilan boʻladigan baʼzi stipendiyalar mavjud.

Eng katta oʻrnak olgulik olmon loyihalari sifatida meni qoyil qoldirgan ikki jabhani tilga olmoqchiman. Birinchisi, kasbiy oʻquv yurtlari (bizning kollejlardek) amaliyot bilan nazariyani birga olib boradi. Yaʼni siz, masalan, stomotolog hamshira boʻlmoqchi boʻlsangiz, bir firmada stomotologlar bilan chamasi 3 yil davomida goʻyo asistentdek ishlaysiz va semesterning baʼzi kunlarida nazariy bilimlar uchun oʻquv dargohiga qatnaysiz. Bu ish beruvchi uchun uch yillik arzon ishchi hamda yangi kadrni tarbiyalash imkonini bersa, talaba uchun nazariya va amaliyot uygʻunligiga erishish hamda aniq ish oʻrniga ega boʻlishi uchun sharoit yaratadi.

Ikkinchisi, “Koʻngilli, erkin xizmat”. Nemis xalqining olijanob, mehribon ekanidan davlati juda aqlli “foydalanadi” desak, xato boʻlmaydi. Deyarli hamma sohada, ayniqsa, ijtimoiy xizmat jabhalarida koʻngilli xizmat dasturlari tashkil qilingan. Istagan inson oʻzi istagan tashkilot bilan kelishib, oyiga yoki haftasiga kelishuvda belgilangan soat va kunlarda koʻngilli xizmat qiladi. Evaziga hech qanday maosh olmaydi. Chet elliklar yoki yosh tashabbuskorlar uchun bir ozgina “choʻntak puli” beriladi, xolos. Statistikaga murojaat etsak, 2019-yil natijalariga koʻra, Germaniyadagi koʻngilli ishchilar ulushi 2014-yildan beri barqaror va doimiy ravishda yuqori boʻlib kelmoqda. Yaʼni 14 yoshdan boshlab xizmat qiluvchilar aholining 39,7 foizini tashkil etadi. 2019-yilda Germaniyadagi 28,8 millionga yaqin odam boʻsh vaqtlarida koʻngilli tarzda xizmat qilishadi. Soʻnggi 20 yil ichida koʻngillilar ulushi oshib bormoqda.

Masalan, kishi shanba kuni 3-4 soatga qariyalar uyida yoki ishdan soʻng kechki bolalar sport klublarida, zavod, dala, madaniy markazda, xullas, oʻzi xohlagan muassasada xizmat qilishi mumkin. Nemislar bunga goʻyo “hobbi”dek yoki insonparvarlik uchun kichik ulushdek qarashadi. Bir IT-firmasi rahbarining boʻsh vaqtida maʼlum vaqt qulupnay dalasida mehnat qilsa, oʻzini toza havo terapiyasiga borgandek his etishi haqidagi intervyusini koʻrgandim.

Ushbu ikki jabha birgina mening eʼtirofimgina emas, butun dunyo Germaniya taraqqiyotini tahlil qilganda, pozitiv tilga oladigan ibratli loyihalardir.

Nemis xalqiga kelsak, ular ishni sevuvchi, har bir masalaga “Pro-Contra” (ijobiy, salbiy) jihat bilan baho beruvchi, mukammallikni yuksak qadrlovchi, mehnatkash, halol insonlardir. Bu mamlakatda qishloqlik va shaharlik oʻrtasida farq yoʻq, ammo maʼnaviy qoloqlik va rivojlanganlik oʻrtasidagina katta tafovut bor. Qolaversa, tabaqalanishni ham 8 yillik hayotiy tajribamdan hali sezmadim.

Turmush oʻrtogʻim Germaniyada magistraturani tamomlab, IT loyiha menejeri boʻlib ishlayapti, 3 farzandimiz shu yerda ketma-ket dunyoga kelgani sabab, men onalik taʼtilidaman. Bu yerda Oʻzbekistonda olgan bilimlarimni yanada mustahkamlash uchun magistraturada oʻqish niyatidaman.

Men va oilam ushbu mamlakatdan minnatdormiz.

Maʼrifat NURMATOVA

Hamburg. Germaniya

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер