Fuqarolik berish tartiblari yana-da soddalashtirilmoqda

21:37 17 May 2021 Jamiyat
715 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi va deputatlar dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasini muhokama qildilar.

Maʼlumki, yurtimizda soʻnggi yillarda fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini taʼminlash, jumladan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolik berish borasida misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, 2016-yilga qadar 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga fuqarolik berilgan boʻlsa, 2016-yil dekabr oyidan buyon Prezidentimiz farmoni bilan 16 mingdan ortiq yurtdoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻldi.

Ushbu yoʻnalishdagi qonunchiligimizga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, bu boradagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 13-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartishlar kiritilyapti. Unga koʻra, oʻn besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, deb tan olish belgilanmoqda. Shuningdek, ota-onasidan biri mamlakat fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va Oʻzbekistonda yashab kelayotgan bola xohlasa, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Fraksiya aʼzolari mamlakatimizda amalga joriy etilgan fuqarolik masalalariga oid yangi tizim yangilanayotgan Oʻzbekistonning xalqaro imijini yana-da oshirish, inson huquqlarini taʼminlash, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi yoʻlidagi muhim islohotlardan yana biri ekanini taʼkidlab, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qildilar.

“Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlar soni ortib boryapti. Jumladan, bunday jinoyatlar soni 2019-yilda 23 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu raqam 230 tani tashkil etib, jinoyatlar soni 207 taga koʻpaygan. Shundan kelib chiqib, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan dori vositalarining noqonuniy muomalasi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Deputatlar mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini asrash, kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish, bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qilishini eʼtiborga olib, qonun loyihani maʼqulladilar.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, tegishi qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?