Fraksiya a’zolari muhim qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

22:12 25 Sentyabr 2023 Siyosat
389 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan bir qator yangi normalar o‘z aksini topdi. Parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida Oliy Majlis palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar aks etdi. Mazkur qonun loyihasi bilan 13 ta qonunga va 1 ta Kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Ushbu qoidaning kiritilishi davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytiradi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan Qonunchilik palatasi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilab qo‘yilmoqda. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga Hukumat a’zolarining hisobotlari va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini amalga oshirishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining qoidalarini O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер