“Formaga 70 mingdan”: Qashqadaryoda oʻqituvchilardan maktab formasi uchun pul yigʻishni buyurgan maktab direktori jarimaga tortildi

11:54 23 Yanvar 2025 Jamiyat
194 0

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 23-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilarning formasi uchun oʻqituvchilardan pul yigʻilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi izoh berib, tegishli choralar koʻrilganini maʼlum qildi.

Oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, maktab direktori F.Sh. 2025-yilning 21-yanvar kuni “Telegram” guruhida oʻqituvchilarga murojaat qilib, barcha oʻquvchilarga “jaket” sotib olish uchun 70 ming soʻmdan yigʻish koʻrsatmasini bergan. Direktor oʻz murojaatida formasi boʻlmagan oʻquvchilarni maktabga kiritmaslikni, formasiz oʻquvchining unga kerak emasligini bildirgan.

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan direktorning bu harakati tegishli tartibda baholanib, 2025-yil 22-yanvarda boshqarma boshligʻining buyrugʻi bilan maktab direktoriga oʻrtacha oylik ish haqining 25 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi belgilandi. Shuningdek, maktab jamoasi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, bunday salbiy holatlarni takrorlamaslik boʻyicha sinf rahbarlaridan tushuntirish xatlari olingan.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, maktab formasi bilan bogʻliq masalalar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarori asosida tartibga solinadi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrugʻiga koʻra, oʻquvchilarni kiyinish madaniyatiga oid tavsiyalar barcha maktablarga yetkazilgan va ichki tartib-intizom qoidalari ishlab chiqilgan. Ushbu qoidalarda majburiy tartibda pul yigʻish qatʼiyan taqiqlangan.

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi taʼlim tashkilotlarida oʻquvchilardan forma uchun pul yigʻishni qatʼiyan qoraladi. Rasmiy bayonotda bunday salbiy holatlarni oldini olish va qonuniy tartibni taʼminlash uchun chora-tadbirlar koʻrilishi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер