Farzandingiz qanday oʻyinchoq oʻynamoqda?
Bugun mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, ularning maʼnan va jismonan sogʻlom, barkamol boʻlib ulgʻayishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ular sirasiga bolalar oʻyinchoqlariga boʻlgan eʼtibor ham kiradi. Sababi, bolalar oʻyinchoqlari xalq hayotini aks ettiruvchi, uning maʼnaviy qadriyatlari va madaniy tajribasini asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga yetkazib beruvchi badiiy vositalardan biridir.
Darhaqiqat, dunyoga kelib, unga hayrat koʻzi bilan boqib, oʻziga maʼno topishga intiladigan murgʻak qalb bolajonlarning “oʻyinchoq” obrazi orqali tasavvuri, dunyoqarashi va hayotga munosabati shakllanadi.
Ilmiy xulosalar shuni koʻrsatadiki, inson butun umri davomida oladigan barcha axborotning 70 foizini 5 yoshgacha boʻlgan davrda qabul qiladi. Ilk hayotiy tasavvurlar, inson tafakkuriga poydevor boʻluvchi tushunchalar bolalar ongiga aynan shu paytda singadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, azaldan oʻyinchoqlarning taʼlim va tarbiyadagi ahamiyati, ularga qoʻyilgan talablar pedagog, olimlar, tibbiyot xodimlari, ruhshunoslar tomonidan ilmiy darajada oʻrganilgan.
Bolalikni oʻyinchoqlarsiz tasavvur etish qiyin. Zero, oʻyinchoq bolajonlarning eng yaqin “maslakdosh”i, doʻsti. Maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyo boʻyicha 3 milliarddan ortiq oʻyinchoqlar ishlab chiqarilib, sotiladi. Yurtimizda oʻyinchoq oʻynash yoshidagi bolalar soni 4,5 milliondan ziyod. Ushbu koʻrsatkichlardan koʻrinib turibdiki, bugungi kunda bolajonlar oʻyinchoq va qoʻgʻirchoqlariga boʻlgan eʼtibor hamda talab tobora ortib bormoqda.
Savol tugʻiladi: Xoʻsh bugun bizning bolajonlarimiz qanday oʻyinchoqlar oʻynashmoqda? Bunday oʻyinchoqlar bizning maʼnaviyatimiz, mentalitetimizga qanchalik toʻgʻri keladi, bolalar tarbiyasiga qanday taʼsir qiladi?
Respublikamizda oʻyinchoqlar ishlab chiqaruvchi korxonalar, “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida milliy oʻyinchoqlar yasash sirlarini avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan usta-hunarmandlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, qulay sharoitlar yaratib berilgani holda, turli koʻrgazmalarda ular tomonidan milliy qoʻgʻirchoqlarimiz namoyish etilib kelinmoqda.
Ammo hali ham koʻplab doʻkonlarimiz peshtaxtalari bizning mentalitetimizga yot, bolalarning kamolotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan oʻyinchoqlar bilan band, desak yanglishmaymiz. Barchamizga maʼlumki, bu turdagi oʻyinchoqlar bola ongida qoʻrquv va aksincha, yovuzlik kayfiyatini uygʻotadi.
Bugungi murakkab, gʻoyaviy va axboriy kurash avj olib borayotgan davrda yoshlar tarbiyasi, ayniqsa, ularni turli zararli taʼsirlardan asrash muhim masala hisoblanadi. Bu davrda turli gʻoyalar, maʼnaviy va mafkuraviy tahdidlar oʻyinchoqlar timsolida turmushimizga sezdirmasdan kirib kelayotganligi ham hech kimga sir emas.
Bu borada 2020-yil 26-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon ayni muddao boʻldi.
Farmonga muvofiq, Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berildi. Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish belgilandi.
Bola qalbida milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat hissi rivojlanadigan pallada ularning doimiy shugʻullanadigan mashgʻulotlari – oʻyinchoqlariga eʼtiborsizlik yillar oʻtib salbiy oqibatlarni namoyon etadi. Kelajagimiz vorislarini ajdodlarimizga munosib, barkamol boʻlib yetishishlariga masʼul ekanligimizni barchamiz bir lahza ham unutmasligimiz shart. Chunki, bugun koʻrsatilgan mehr-muhabbat va tarbiya, ertaga albatta, oʻz samarasini beradi.
Shahboz NIZAMUDINOV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Chinoz tuman Kengashi raisi,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring