Fargʻonaning noyob qushlari

11:06 05 Noyabr 2024 Jamiyat
165 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatining tabiati goʻzal, qushlar olami ham noyob va betakror. Bedana, kaklik, qumri, togʻ gʻurragi, yovvoyilashgan xonaki kaptar va boshqa turdagi kaptarlar koʻp uchraydi. Baʼzan viloyatning asl holicha saqlanayotgan tabiat yodgorliklari va purviqor togʻlarida bulbul, toʻtiqushlarning noyob turlariga duch kelish mumkin. Hozir qushsevarlar oʻz xonadonlarida koʻplab turdagi toʻtiqushlar, kaptarlarni boqishadi. Uy sharoitida bedana boqish ham avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan anʼana hisoblanadi.

— Viloyatda noyob, oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan, ekologik, ilmiy, madaniy va estetik jihatdan qimmatli tabiiy obyektlari boʻlgan 3 ta hudud davlat tabiat yodgorliklari sirasiga kiritilgan, — deydi Fargʻona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi mutaxassisi Nodirbek Ehsonov.— Bular Yozyovon choʻllari, Oltiariqdagi Zilxa qumliklari hamda Quva tumanida joylashgan Akbarobod davlat tabiat yodgorligidir.

Misol uchun, Fargʻona davlat oʻrmon xoʻjaligi tasarrufidagi Yozyovon choʻllari davlat tabiat yodgorligi umumiy yer maydoni 1471,5 gektarni tashkil etadi. Bu yerda noyob daraxtlarning 5 turi, butalarning 24 turi hamda bir va koʻp yillik oʻsimliklarning 165 turi oʻsadi. Tabiat maskanini noyob qushlar ham oʻziga makon etgan. Bu oʻziga xos qumli choʻl landshaftida 40 xildan ortiq yovvoyi hayvonlar ham yashaydi. Ularning orasida yoʻqolib ketish xavfi ostida turgani uchun respublika “Qizil kitobi”ga kiritilgan oʻsimlik va hayvonot dunyosi vakillari ham uchraydi.

— Mutaxassislarimiz tomonidan koʻp miqdorda tutiladigan yovvoyi qushlar turlarini ruxsatnoma asosida ovlashga doir nazorat tadbirlari muntazam ravishda olib boriladi, — deydi N. Ehsonov. — Oʻz navbatida kamyob va yoʻqolib borayotgan qushlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilgan.

Quva tumanida 3 ta hududdagi 39,5 gektar maydonda joylashgan qumliklarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilgan. Tabiat yodgorliklari pasporti ishlab chiqilib, Quva tuman hokimligi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan nazorat qilish belgilangan.

Buvayda tumani hokimining 2003-yil 23-maydagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomini berish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 8,5 gektar maydondagi qumliklarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berilgan. Afsuski, nazorat tadbirlari davomida bunday hududlarda qonunga xilof ravishda ov qilish, noyob qushlar, hayvonlarni nobud qilish holatlari ham fosh etilmoqda. Achinarlisi, bunday qushlar ovchilar tomonidan maʼlum bir pul evaziga umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalariga yetkazib beriladi.

Fargʻonaning noyob va tobora kamayib borayotgan qushlarini avaylab-asrash har birimizning burchimiz. Inson va tabiat oʻrtasidagi muvozanat saqlanishi, ekologik barqarorlik taʼminlanishida bu juda ham muhimdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?