FAO Toshkentda Navroʻz va Xalqaro oʻrmonlar kuniga bagʻishlangan bayram tadbirini oʻtkazdi

18:09 15 Mart 2023 Jamiyat
778 0

Foto: Халқ сўзи

15-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasida Navroʻz bayrami va Xalqaro oʻrmonlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

2003-yildagi nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga muvofiq, Navroʻz 2009-yilda insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. 2010-yilda BMT Bosh Assambleyasi 21-martni “Xalqaro Navroʻz kuni” deb eʼlon qilib, ushbu bayramni nishonlayotgan aʼzo davlatlarning u bilan bogʻliq madaniyat va anʼanalarni saqlash va rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini qutladi. BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi aʼzo davlatlarni Navroʻz haqida xabardorlikni oshirishga va har yili bahorgi tengkunlikni nishonlash uchun tadbirlar tashkil etishga chaqiradi. Navroʻz FAO uchun alohida ahamiyatga ega, chunki bu qadimiy bayram qishloq xoʻjaligi mavjud boʻlganidan beri nishonlanib kelinmoqda va u bahor kelishi hamda qishloq xoʻjaligi ishlarining boshlanishini anglatadi.

Yana bir muhim sana - Xalqaro oʻrmonlar kuni BMT bosh Assambleyasi tomonidan 2012-yilda barcha turdagi oʻrmonlarning ahamiyati toʻgʻrisida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida eʼlon qilingan. Har yili ushbu kunda mamlakatlarga obodonlashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish boʻyicha mahalliy, milliy va xalqaro tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi. 2023-yildagi Xalqaro oʻrmonlar kunining mavzusi “Oʻrmonlar va salomatlik”.

Shu munosabat bilan ushbu ikkita muhim sanani nishonlash doirasida FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bir qator hamkorlar bilan birgalikda koʻchat ekish tadbirini tashkil etmoqda. Taʼkidlash joizki, hududlarni obodonlashtirish va atrof-muhitni sogʻlom saqlash davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil Makon” milliy dasturining maqsad va vazifalariga hamohangdir.

Tadbirda oʻrmonlar, ularni barqaror boshqarish va resurslardan foydalanish iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, hozirgi va kelajak avlodlar istiqboli va farovonligiga hissa qoʻshishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Oʻrmonlar qashshoqlikka qarshi kurashda va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ham hal qiluvchi rol oʻynaydi. Biroq, bu bebaho ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy xususiyatlarga qaramay, oʻrmonlar butun dunyoda yongʻinlar, zararkunandalar, qurgʻoqchilik va rejasiz kesilishi natijasida jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Global ekologik jamgʻarma koʻmagida FAO Oʻzbekistonda “Oʻzbekistonning togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida joylashgan hududlarda oʻrmonlarni barqaror boshqarish, oʻrmon resurslaridan oqilona foydalanish, oʻrmonlarning mahsuldorligi va ekologik funksiyalarini saqlash, biologik va landshaft xilma-xilligi tamoyillarini samarali amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, oʻrmonlarni barqaror boshqarish va oʻrmon xoʻjaligida gender tengligini taʼminlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?