Endi mahalla aholiga yanada yaqinlashadi

16:10 15 Yanvar 2024 Jamiyat
368 0

Mamlakatimizda mahallalarni qoʻllab-quvvatlash va ularga amaliy koʻmak berishda yangi tizim yaratilmoqda. Jumladan, Davlatimiz rahbarining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi doirasida mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari hamda Oʻzbekiston mahallalari Uyushmasi tashkil etilayotir.

Namangan viloyatidagi barcha shahar va tumanlarda mahallani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha viloyati Kengashi tashkiliy yigʻilishida ishtirok etish uchun delegat koʻrsatish jarayonlari boʻlib oʻtib, unda mavjud 788 ta mahalla fuqarolar yigʻini raisi orasidan 118 nafar delegat saylangan edi. Bugun Namangan shahridagi “Maʼrifat markazi”da ular ishtirokida tashkiliy yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishni Namangan viloyati hokimi, xalq deputatlari viloyat kengashi raisi Shavkat Abdurazzoqov boshqardi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Muzokaralarda soʻzga chiqqanlar mahalla tizimiga koʻrsatilayotgan eʼtiborga yarasha ish tashkil etish lozimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan soʻng mahallani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika kengashining tashkiliy yigʻilishida viloyat nomidan qatnashadigan 10 nafar vakil saylandi.

Taʼkidlash joiz, respublika Kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududiy kengashlarga esa tegishli tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hamda shaharlar hokimlari jamoatchilik asosida raislik qiladilar. Shu bilan birgalikda, yangi va alohida tuzilma – Oʻzbekiston mahallalari Uyushmasi hamda uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?