“Dunyo sadolari” xalqaro estrada sanʼati festivali boshlandi

21:32 29 Iyul 2024 Jamiyat
201 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada sanʼati festivali boshlandi. Tadbirga katta tayyorgarlik koʻrildi. Jumladan, elektr, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi taʼminotidagi uzluksizlik joriy etildi. Minglab mehmonxona uylari, yuzdan ortiq ovqatlanish shoxobchalari, internet tarmogʻi mehmonlar xizmatida. Koʻngilochar manzillarda dam oluvchilar uchun madaniy tadbirlar tashkil etildi.

— Kun davomida turli koʻrgazmalar, konsert dasturlari namoyish etiladi, — deydi Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi Marhaboxon Sattarova. — Hunarmandlar, rassomlar koʻrgazmalari, liboslar namoyishlari, gastronomik tanlovlar boʻlib oʻtmoqda. Kechki soat 18.00 dan 22.00 gacha bogʻning asosiy sahnasida З.М. Bobur nomli viloyat musiqa va drama, Yoshlar hamda Qoʻgʻirchoq teatrlari ijodiy jamoalari, tuman, shahar madaniyat boʻlimlari, folklor-etnografik jamoalari, estrada xonandalari ishtirokida madaniy-koʻngilochar tadbirlar, konsert dasturlari namoyish etiladi.

— Men Qoʻqon shahridan keldim, — deydi Anvarjon Abduhalilov. — Xonobod bilan Qoʻqon shahri orasidagi manzil biroz uzoqroq. Lekin tashvishlanishga hojat yoʻq. “Qoʻqon—Andijon” poyezdi mushkulimizni oson qildi. Shahar ichkarisida 200 dan ortiq festival logotipi tushirilgan maxsus avtomobillar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Ular orqali shaharning istalgan joylariga, xususan, sayyohlik manzillariga borish mumkin. Eng muhimi, bunday katta tadbirda avtotransportlar tirbandiligiga barham beriladi.

Ayni paytda Xonobod shahri mehmonlar bilan gavjum. Hududning oʻnlab manzillarida festival doirasidagi tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Hali oldinda festivalning ochilish marosimi, oʻzbek va chet el estrada yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturlar kutib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?