DXX Oʻzbekistonga qoʻshni davlatlardan keltirilgan “ajal ogʻusi”ni musodara qildi
Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari Afgʻoniston, Tojikiston va Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga olib kelingan narkotik moddalarni toʻxtatib qoldi. Bu haqda Telegramʼdagi “Xavfsizlik” kanalida maʼlum qilindi.
Bildirilishicha, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 53, 50 va 39 yoshli 3 nafar fuqaro Tojikistondan 10 kg 50 gr opiy va 10 kg 29 gr gashish moddalarini kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtgan vaqtlarida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻlga olingan.
DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda narkokuryerlar tomonidan Afgʻonistondan olib kelinib, Muzrabot tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 953 gr opiy va 4 kg 116 gr gashish moddalarini qabul qilib olgan.
Bu vaqtda Termiz shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik moddalarni Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida 48 yoshli Qozogʻiston fuqarosi ushlangan.
Termiz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda muqaddam narkokuryerlar tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan 922 gr opiy va 4 kg 203 gr gashish moddalarini olib, doimiy yashash manziliga ketmoqchi boʻlgan vaqtida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 47 yoshli fuqaro ushlandi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni har bir kilogrammini afgʻonistonlik narkosavdogarlardan 2300 dollardan sotib olgan.
Sariosiyo tumanida qayd etilgan holatda Denov tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan 56 yoshli shaxs toʻxtatib tekshirilganda, uning yonida 4 kg 80 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.
Bu yoʻnalishda DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbirlar oʻtkazishdi. Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 45 yoshli shaxs boshqaruvidagi “Gentra” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 975 gr opiy moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 789 gr opiy hamda 5 kg 239 gr gashish moddalari olindi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan ushbu giyohvand moddani Qoʻqon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa muqaddam qirgʻizistonlik narkokuryerlar tomonidan Quvasoy shahri hududidagi yashirin joyga qoldirib ketilgan 4 kg 922 gr gashish moddasini olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan vaqtida Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 26 yoshli shaxs ushlangan.
Hozirgi kunda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring