Deputatlar 2020-yil Davlat dasturining ijrosini koʻrib chiqdilar

15:33 27 Yanvar 2021 Siyosat
969 0

2021-yil 27-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 2020-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini muhokama qildilar.

Xalq vakillari taʼkidlaganidek, butun dunyo boshiga tushgan sinov, koronavirus pandemiyasi jahon mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish surʼatlariga taʼsir koʻrsatib, ishlab chiqarish jarayonlarini susaytirdi, avvaldan tuzilgan qator istiqbol rejalarini oʻzgartirishga majbur qildi. Bunday vaziyatda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining jiddiy yoʻqotishlarsiz ishlashini taʼminlash, buning uchun avvalo tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu, oʻz navbatida, pandemiya oqibatlarini yumshatish hamda iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlarining keskin pasayib ketishining oldini olishga imkon yaratdi.

Ogʻir kechgan oʻtgan yil hisobot davrida deputatlar ham pandemiya sharoitida yuzaga kelgan vaziyatni oʻnglashga qaratilgan chora-tadbirlarning joylarda ijro etilishiga koʻmaklashish maqsadida oʻz faoliyatlarini bir kun ham toʻxtatmay, muntazam mamlakatimiz hududlarida boʻlib, xalq bilan muloqot qilish asnosida tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan qay darajada foydalanilayotgani, murakkab davrda aholini ijtimoiy muhofazalash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlar amalga oshirilishiga koʻmaklashdi. Bu boradagi mavjud muammolarni chuqur tahlil qilgan holda ularni joyida hal qilish choralarini koʻrdilar.

Parlamentga Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotda keltirib oʻtilganidek, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish borasida oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida 2020-yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat — 100,7 foizni, xizmatlar — 102,3 foizni, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi — 103,0 foizni tashkil qilgan.

Hisobot davrida 9,8 milliard AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar, shu jumladan, 7,0 milliard AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 2,8 milliard dollar mablagʻlari oʻzlashtirilgan.

2020-yilda yalpi eksport hajmi 15,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Eksportni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz hududlarida 2,7 mingga yaqin yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilingan, 210 ta yangi turdagi mahsulotlar hamda ayrim tovar pozitsiyalari boʻyicha 40 ta yangi davlatning bozorlariga chiqishga erishilgan.

Majlisda taqdim etilgan hisobotda Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalariga ustuvorlik berilgani qayd etildi. Xususan, aholi oʻrtasida ishsizlikni kamaytirish, daromadlarni oshirish, fan va uzluksiz taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, xotin-qizlar, yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, farovonligini oshirish va turizm sohalarini takomillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar roʻyobga chiqarilgan.

Birgina aholi bandligini taʼminlash sohasida 2020-yilda respublika boʻyicha jami 378,1 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etilgan. Jumladan, tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mavjud ish oʻrinlarini saqlab qolish va vaqtincha toʻxtatilgan ish oʻrinlarini tiklash maqsadida imtiyoz va preferensiyalar berilgan. Natijada oʻtgan yilda 66 mingta yangi yuridik maqomga ega boʻlgan kichik biznes subyektlarida 168,9 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

2020-yilgi Davlat dasturida 284 ta band belgilangan boʻlib, shundan 206 ta band toʻliq bajarilgan, 20 ta bandning muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan, 58 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari koʻrib chiqilmoqda.

Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan raqam, koʻrsatkich va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi. Ayniqsa, siyosiy partiyalar fraksiyalarining avvalroq boʻlib oʻtgan yigʻilishlarida Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati jonli, qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Davlat dasturining ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi oʻz nuqtayi nazarini, fikr-mulohaza va takliflarini ilgari surdi. Parlament aʼzolari amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, pandemiya sharoitida yuzaga kelgan obyektiv sabablar tufayli Davlat dasturi ayrim bandlarining bajarilishi kechikayotgani, baʼzi vazifalar ijrosi hozirda taʼminlanmaganini qayd etdilar.

Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari Davlat dasturining iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. 2020-yilning 1-aprelidan 1-oktyabriga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi 50 foizgacha kamaytirilgani, tadbirkorlarning murojaatlari asosida oʻtgan yilda pandemiya oqibatida faoliyati zarar koʻrgan 3 442 ta kichik biznes subyektlariga 147 milliard soʻmdan ziyod soliqlarini toʻlash muddati kechiktirilgani ijobiy baholandi.

Hisobot davrida tadbirkorlik subyektlarining uzluksiz ishlashlariga sharoit yaratish, aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish maqsadida 5,8 mingta subyektlarga 9 trillion soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻidan salbiy farq summalari byudjetdan qoplab berilgani, karantin davrida tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining 26,5 trln. soʻmlik kreditlar boʻyicha toʻlovlarining muddatlari 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirilganini eʼtirof etdilar.

Shu bilan bir qatorda, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyalashtirilishida muammolar borligi, investorlar hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolarga duch kelayotgani, bu esa tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish borasida zarur choralar koʻrishni taqozo etishini taʼkidladilar.

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi vakillari koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramay “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida samarali ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etdilar. Xususan, madaniyat sohasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 500 dan ortiq madaniy-maʼrifiy tadbirlarning oʻtkazilgani xalqimiz maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutgani aytib oʻtildi.

Shu bilan birga, har qanday qiyinchiliklarga qaramay maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga alohida eʼzoz va eʼtibor zarurligini taʼkidlagan holda bugungi kunda katta targʻibot quroliga aylangan kino sanʼatini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi toʻla bajarilmagani fraksiya aʼzolarining eʼtiroziga sabab boʻldi.

Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolarining fikricha, 2020-yil butun dunyo hamjamiyati uchun sinovli yil boʻlishiga qaramasdan Davlat dasturining xalqimiz turmush farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarning amalga oshirilishiga oid bandlarining oʻz vaqtida bajarilishi ijobiy holat.

Ammo bu kabi ijobiy holatlar bilan birga, 2020-yilgi Davlat dasturining ayrim bandlari oʻz vaqtida bajarilmay qolganiga eʼtibor qaratdilar. Fraksiya aʼzolarining taʼkidlashicha, bugungi kunda mamlakatimizda kambagʻallik borasida aniq raqamlar eʼlon qilingan, shunday ekan, fuqarolarimizni kambagʻallikdan chiqarishning Davlat dasturida nazarda tutilgan aniq mexanizmlari ishlab chiqilishi lozim.

Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari Hukumat tomonidan ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishidagi ishlarga toʻxtalib, pandemiya davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mamlakat miqyosida tizimli islohotlar amalga oshirilganini alohida eʼtirof etishdi. Xususan, “temir daftar”lar joriy etilgani kam daromadli, vaqtincha ishsiz fuqarolarni manzilli qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani, ularni ishga joylashtirish, doimiy daromad manbalarini yaratish boʻyicha keng qamrovli choralar koʻrilayotgani real samara berayotganiga eʼtibor qaratildi.

Shuning bilan birga, fraksiya aʼzolari Davlat dasturida belgilangan ayrim meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish muddati kechikkani, xususan, Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasi ishlab chiqilmagani koʻrsatib oʻtildi. Ushbu hujjat qabul qilinishi ijtimoiy nafaqa toʻlashning mukammal tizimini joriy etish, kam daromadli oilalarga koʻmak koʻrsatish qamrovini kengaytirish hamda nafaqa tayinlashda ochiq va adolatli tizimni yaratish imkonini berishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzolari 2020-yilgi Davlat dasturi doirasida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yoʻnalishlaridagi ishlar pandemiya tufayli joriy etilgan karantinga qaramasdan oʻz vaqtida amalga oshirilganini eʼtirof etdilar. Birgina aholini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasi 73 foizga yetgani bunga yaqqol misol sifatida keltirib oʻtildi.

Oʻz navbatida, fraksiya vakillari aholini toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, toza ichimlik suvi yetib bormagan chekka hududlarda suv taʼminotini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish, bunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rolini yana-da kuchaytirish lozimligini taʼkidladilar.

Qizgʻin, amaliy va talabchanlik ruhda kechgan savol-javoblardan soʻng, deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini maʼqulladilar hamda Hukumat faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qarorni qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер