Daryo va kanallar boʻyida sayyohlik va dam olish maskanlari tashkil etiladi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand uzoq yillardan buyon tarixiy shahar sifatida sayyohlarni oʻziga jalb etib kelayotgan boʻlsa, endilikda bu maskanda turizmning eko va etno yoʻnalishlarini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilyapti.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 29-noyabrda qabul qilingan “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda viloyatga 5 million mahalliy, 2,5 million xorijlik sayyohni jalb qilish rejalashtirilgan.
Buning uchun turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi sayyohlik obyektlari tashkil etish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish choralari koʻrilyapti. Viloyatning 9 tumanidagi 14 ta mahallani “turizm qishlogʻi”ga aylantirish koʻzda tutilgan. Togʻli va soʻlim tabiat qoʻynida joylashgan hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, sayyohlarning dam olishi va maroqli hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha xorij tajribasi asosida dastur ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.
Suv inshootlari va ular atrofidan samarali foydalanish maqsadida Dargʻom kanali boʻyidagi 35,7 kilometr masofada koʻngilochar savdo va xizmat koʻrsatish obyektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.
Urgut, Toyloq, Samarqand, Pastdargʻom tumanlari va Samarqand shahri hududidan oʻtgan kanal boʻyi muhofaza hududlari 20-40 metr etib belgilanib, yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolariga qoʻyiladi.
Kanallarda koʻp funksiyali koʻpriklar qurish loyihalarini amalga oshirishga ham eʼtibor qaratiladi. Bu koʻpriklar xorijdagi singari savdo va koʻngilochar maskanlar boʻladi.
Narpay kanalining Kattaqoʻrgʻon shahri hududidan oʻtgan qismida tashabbuskor investor mablagʻlari hisobidan gastronomik koʻprik majmuasi qurish rejalashtirilgan. Gastronomik koʻprik tunu kun faoliyat koʻrsatadi va unda yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etiladi.
Mazkur hududlarni koʻzdan kechirganda turizm uchun qulay muhit va resurs borligiga amin boʻlasiz. Quriladigan loyihalar ham kichkina emas, turizm yoʻnalishida Samarqanddagi eng qiziqarli nuqtalar boʻlishi shubhasiz.
Qolaversa, ushbu obyektlarning ish boshlashi orqali sayyohlarning hududda koʻproq boʻlishiga erishish byudjet uchun ham, sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi mahalliy aholi uchun ham daromad nuqtayi nazaridan juda muhim.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi huzurida “Daryo va kanallar boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish direksiyasi” tuziladi.
Dunyoda zamonaviy turizmning eng muhim yoʻnalishiga aylangan ekoturizm atrof-muhitni muhofaza qilishni taqozo etadi, biorang-baranglilikni, tabiiy resurslarni saqlash va kengaytirish ekologiya muvozanat uchun ham beqiyos ahamiyatga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring