COP28: Milliy moslashuv rejalarini amalga oshirishga qaratilgan yuqori darajadagi uchrashuv tashkil etildi

17:52 09 Dekabr 2023 Siyosat
278 0

COP28 — BMT iqlim konferensiyasi doirasida Milliy moslashuv rejalarini (MMR) amalga oshirishga bagʻishlangan yuqori darajada tadbir oʻtkazildi.

Unda BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konvensiyasi (UNFCCC) Ijrochi direktori Saymon Still, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotib oʻrinbosari, eng kam rivojlangan mamlakatlar, dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan kichik orol davlatlari boʻyicha boshqarmasi oliy vakili Rabab Fatima xonim, Chad Atrof-muhit, baliqchilik va barqaror rivojlanish vaziri Mahamat Abdelkerim Xanno, Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda nutq soʻzlagan A. Abduhakimov Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishi boʻyicha samarali moslashuv boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish tarafdori ekanligini bildirdi. Shuningdek, Konvensiya kotibiyati bilan MMRni ishlab chiqishda resurslarni jalb qilish va texnik yordam koʻrsatish istiqbollari muhokama qilindi.

Asosiy maqsad mamlakatlar, jumladan, kam rivojlangan davlatlar, rivojlanayotgan kichik orol davlatlari va boshqa zaif mamlakatlarga iqlim oʻzgarishiga moslashishga yordam beradigan gʻoyalar va strategiyalarni aniqlashga qaratildi. Shuningdek, iqlim barqarorligiga erishish uchun transformatsiya va uni amalga oshirishni jadallashtirishning asosiy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi.

UNFCCC Ijrochi kotibi Saymon Still iqlim barqarorligiga erishish uchun MMR muhim ekanligini taʼkidladi. Boshqa davlatlar vazirliklari rahbarlari ham asosiy moslashuv masalalari boʻyicha oʻz pozitsiyalarini bildirdilar. Muhokamalarda asosiy eʼtibor mablagʻlardan uzoq muddat foydalanish imkoniyatlariga qaratildi.

Rabab Fotima xonim oʻz nutqida 2024-yil iyun oyida Ruandaning Kigali shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan BMTning Uchinchi Konferensiyasida Milliy moslashuv rejalari va mintaqaviy hamkorlik kabi tashabbuslarni ilgari surish lozimligini qayd etdi. Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu esa MMRni rivojlanish strategiyalariga integratsiyalash uchun salohiyatni oshirish lozimligini taʼkidlab, taklif etilayotgan mexanizmlar va xavflarni baholashni soddalashtirishni taklif qildi.

Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 30 ta davlatda Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish qoʻllab-quvvatlanishi borasida kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер