Chimboydagi sayyor qabulda 242 ta murojaat joyida hal qilindi

13:11 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
413 0

Foto: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi matbuot xizmati

Chimboy tumanida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning fuqarolar uchun sayyor qabuli boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari U.Muxammadiyev ishtirok qildi.

Tadbir davomida qabulda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Kegeyli va Nukus tumanlarida yashovchi fuqarolar ham respublika rahbari hamda tegishli vazirlik-idoralar masʼullariga oʻzlarining murojaatlari bilan yuzlandi.

Fuqarolar tomonidan asosan ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy va tibbiy yordamlar koʻrsatish, bandlik, taʼlim, ichimlik suv, gaz, elektr energiyasi, ichki yoʻllar hamda tadbirkorlikni rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha murojaatlar tinglanib, joyida hal qilish choralari koʻrildi.

Masalan, Taxtakoʻpir tumanidan Bauirjan Kidirbayevga 15 million soʻmlik moddiy yordam berilgan boʻlsa, oilaviy sharoiti hisobga olinib, oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan farzandining shartnoma pullari toʻlab beriladigan boʻldi. Boʻzatov tumanidan kelgan Gүlsara Ismetovaning turar joyiga kadastr hujjatlari bepul rasmiylashtirib berildi.

Shuningdek, Chimboy, Kegeyli tumanlaridan ichki yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha qilingan murojaatlarni joyida hal qilish uchun shu kunning oʻzida texnikalar jalb etilib, ishlar boshlab yuborildi.

— Sayyor qabulda qilgan murojaatimiz ijobiy hal boʻlmoqda, — deydi chimboylik Jalgasbay Asqarov. — Suv xoʻjaligi vaziriga ichki kanalni qazishga texnika ajratish va kanalni qazib, hududimizga suv yetkazishda amaliy yordam berishini soʻragan edim. Mana zudlik bilan ekskavator ajratilib, qazish ishlari boshlandi. Avvalo, mana shunday rahbarlar xalqning muloqot qilish, murojaatlarini tinglash tizimini yaratib qoʻygani hurmatli Prezidentimizga va joylarda bu kabi sayyor qabullar tashkil qilib, mavjud muammolarni hal qilayotgan Respublika rahbariyatiga, qolaversa Suv xoʻjaligi vazirligiga ovulimiz ahli nomidan minnatdorlik bildiraman.

Mazkur murojaat ijobiy hal boʻlgach, Chimboy tumani markazidagi «Shoxtemir», «Temirjol», «Qarakoʻl» mahallalari hududida joylashgan 660 ga yaqin xonadonlarning tomorqa maydonlariga suv yetkazish yaxshilanadi. Buning uchun ayni vaqtda «Quyin jap» ichki kanalida qazib-tozalash ishlari olib borilmoqda.

Tadbir davomida jami 456 ta murojaat qabul qilingan boʻlsa, shundan 242 ta murojaat joyida ijobiy hal qilindi. Vaqt talab qilinadigan murojaatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining shaxsiy nazoratiga olinib, tez vaqtda ijobiy hal qilish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?