Buyuklik va intellektual ilhom ramzi

10:39 09 Yanvar 2024 Jamiyat
389 0

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yurtimiz va xorijda taniqli boʻlgan fiziolog olim, “Doʻstlik” ordeni sohibi, oliy taʼlim aʼlochisi, akademik Bakriddin Zaripov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirda universitet professor-oʻqituvchilari, olimlar, iqtidorli yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Mamlakat taraqqiyotiga oid fundamental tadqiqotlar olib borayotgan, dolzarb masalalarni tahlil qilish barobarida, ularning yechimi yuzasidan ham amaliy takliflar berayotgan fidoyi olimning aytishicha, baxtli boʻlish, toʻkis hayot kechirish, farovon yashashning sinalgan yoʻli — ilm olishdir.

— Hamma zamonlarda rivojlanish tag-zamiri ilmga qurilgan, — deydi Nyu-York akademiyasi akademigi (AQSH), Xalqaro fiziologiya jamiyati akademigi (Shvetsiya), Rim universiteti faxriy professori (Italiya) Bakriddin Zaripov. — Ilmga asoslanmagan har qanday gʻoya esa puchdir. Shu bois bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishga eng ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qaysi soha boʻlmasin, har bir ishda ilm-fan yutuqlariga tayanilib, amaliyotga ilgʻor innovatsiyalarni tatbiq etish payidan boʻlinyapti. Zotan, maʼrifatparvar jadid bobolarimiz taʼkidlaganlaridek, najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda.

Darhaqiqat, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi. Bilimsizlik esa jinoyatdan ham xavfli illat sanaladi. Mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo shunday yozadi: “Bilimsizlar jinoyatchilardan koʻra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad boʻladi, tentaklarda esa yoʻq. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo boʻladi”.

Uchrashuvda akademik yurtimiz va xorij taʼlim tizimi, bu borada AQSH taʼlimi va ilm-fani rivojida Harvard hamda Nyu-York universitetlarining roliga bagʻishlangan maʼruza qildi. Oʻta samimiy ruhda, jonli muloqot shaklidagi chiqish yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Aytish joizki, maʼruza mavzusi tasodifan tanlangani yoʻq. Bakriddin Zaripovich uzoq yillardan buyon Harvard universiteti bilan hamkorlik qilib, mazkur oliy oʻquv yurti talabalariga maʼruzalar oʻqib keladi.

Akademik eʼtirof etganidek, Harvard universiteti taʼlim, buyuklik va intellektual ilhomning ramzi hisoblanadi. 1636-yilda tashkil etilgan ushbu taʼlim muassasasi nafaqat dono aqllar beshigi, balki betakror anʼana va shiorlar shakllanadigan maskanga aylangan. Uning shiorlari donolik manbai va bilimga intilish uchun ragʻbat sifatida oʻz oʻquvchilarini doimo katta yutuqlarga chorlab kelgan. Mana, shulardan biri: “Bilim olish azobi — vaqtinchalik, bilimsizlik azobi esa bir umrlikdir”.

Tadbirda akademik Harvard universiteti oʻqituvchilari va talabalari hayoti, ularning ilmiy-amaliy ishlari, ong va tafakkurning bilim olishdagi fiziologik-genetik mexanizmlari, yoshlarni tarbiyalashda ilm-fanning roliga batafsil toʻxtaldi. Buyuk muhaddis alloma Imom Buxoriyning “Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliqdir” degan hadisining yoshlarga taʼlim berish hamda pedagoglik mahoratini oshirishdagi fiziologik mexanizmlari yoritib berildi.

Shuningdek, ilmiy va pedagoglik faoliyati davomida qoʻlga kiritgan yutuqlari, orttirgan boy tajribasi, yoshlarning yashirin iqtidorini yuzaga chiqarish, ularning ilm-fan olamiga olib kirish borasida olib borayotgan sharafli ishi haqida gapirib berdi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер