Bugungi murakkab zamonda bir musht boʻlib yashamoq kerak

01:05 05 Iyul 2022 Jamiyat
763 0

Foto: Xalq so‘zi

Iyul oyining ilk kunida Nukus shahrida boshlangan kutilmagan talatoʻp, tanti qoraqalpoq elining soddadilligidan foydalanib, oʻz manfur niyatlarini amalga oshirmoqchi boʻlgan agressiv kuchlarning harakatga kelishi barchamizni chuqur xavotirga soldi. Shundan soʻng davlatimiz rahbarining zudlik bilan Nukus shahriga borishi, qatʼiyat va diplomatiya bilan noqonuniy namoyishlarga uzil-kesil chek qoʻyishi, Nukusda yana hayot oʻz izmiga qayta boshlagani ... hammasi shu qadar tez roʻy berdiki, xavotirimiz tezda aridi. Oʻzini oʻzi himoya qila oladigan qudratli davlatda yashayotganimizni, Prezidentimizning dadil va dono islohotchi ekanini yana bir bor qalban his qildik.

Samarqandlik faollar ayni shu holat yuzasidan oʻz munosabatlarini bildirdi.

 

Shavkat JALOLOV, Oliy Majlis Senati aʼzosi, “Agromir group” direktorlar assotsiatsiyasi kengashi raisi:

— Davlatimiz rahbari har safar Qoraqalpogʻiston Respublikasiga xizmat safari bilan tashrif buyurar ekan, qoraqalpoq xalqi, faollari bilan uchrashuvda «ogʻizbirchilik» degan iborani ishlatishni kanda qilmaydi. Chunki bu ibora samimiy, mehmondoʻst, bagʻrikeng qoraqalpoq elining oʻziga xosligi, topganini boʻlib yeyishga odatlangani ifodasidir.

Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida qilinayotgan saʼy-harakatlar, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi doirasida Nukus shahri, uning atrofidagi tumanlar hamda ovullarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarida qoraqalpoq xalqi oʻzining mehnatsevarligini, birdamligini namoyish etgani, ezgu ishlarga bosh-qosh boʻlayotgani har qancha eʼtirofga arziydi.

Nukus shahrida bir guruh shaxslar Qoraqalpogʻistonning davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishi va gʻayriqonuniy harakatlarni sodir etishi qoraqalpoq elining xohish-istagi emas, albatta. Bu konstitutsion tuzumga tajovuz qilishga intilayotgan guruhlar, Markaziy Osiyoni urush maydoniga aylantirishni niyat qilganlarning harakatidir. Shunisi aniqki, ularning bu niyati sarob ekanini isbotlash uchun kunlar emas, soatlar kifoya qildi.

Mana shunday vaziyatda bir-birimizni qoʻllab-qoʻvvatlab, bir yoqadan bosh chiqargan holda separatistik gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan illatlarni birdamlik, ogʻizbirchilik bilan yengib chiqishimiz hayotiy zaruratdir. Bugun shunday ezgu maqsadlarga ehtiyoj sezilyaptiki, davlatimizning har qanday qonuniy harakatini qoʻllashimiz zarur! Zero, ota-bobolarimiz aytganidek, birlashgan mingni yiqitadi.

Gavhar ALIMOVA, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Qoraqalpoqlar tanti, mehnatkash, yangilikni katta qiziqish bilan qarshi oladigan xalq. Buni men koʻp yillar Vazirlar Mahkamasining Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish kompleksi mutaxassisi, “Mahalla” fondi respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari, keyinchalik esa Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari boʻlib ishlab yurgan kezlarimda yaqqol anglaganman.

Oʻsha paytlari faoliyatim taqozosi bilan har yili 2-3 bor Qoraqalpogʻistonning turli hududlariga borganman. Onalikni muhofaza qilish, mahalla hayoti, shuningdek, siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlarni amalga oshirganimizda har bir qoraqalpoq biz bilan bir safda turib, bu ezgu ishlar roʻyobi uchun koʻmaklashgan.

Bugun yurt osoyishtaligini, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga qarshi mardona turib, vaziyatni oqillik bilan hal etish kerak, deb oʻylayman. Bu borada Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston xalqiga murojaatida taʼkidlaganidek, hamjihat boʻlish, vaziyatga nisbatan oqilona ish koʻrish, turli gʻarazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslik zarur. Muhimi, qoraqalpoq xalqi farovonligi uchun birlashishimiz kerak. Zotan, birikkan elni hech kim, hech qanday kuch yenga olmaydi.

Majidxon ISLOMOV, Urgut tumanidagi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari:

— 1-iyul kuni Nukus shahrida toʻsatdan agressiya unsurlari mavjud boʻlgan noqonuniy namoyishlar uyushtirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlardan oʻqib qoldim. Buzgʻunchi guruhlar va provokatorlar yigʻilgan fuqarolar ichiga kirib, maʼmuriy binolarni egallab olishga uringani xunuk holat. Aql-hushi bor odam bu ishlar ortida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan kuchlar turganini anglaydi.

Bu jarayonlarga bilib-bilmay aralashib qolayotgan tengdoshlarimni provokatsion toʻlqinlar, buzuq niyatli kimsalarning gʻayri harakatlaridan ogoh boʻlishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqiraman.

Keyingi yillarda Qoraqalpogʻistonda qanchalar ulkan oʻzgarishlar boʻlayotganiga hammamiz guvohmiz. Bu haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanadagi nutqida alohida taʼkidladi. “Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish strategiyasini qabul qilganmiz, har bir ovulini rivojlantirish uchun alohida mablagʻ ajratganmiz. Besh yil oldin Moʻynoq va Boʻzatov qanaqa edi? Hozir Boʻzatov yoshlari bilan uchrashdim... Boʻzatov Oʻzbekistonning madaniy oʻchogʻi, madaniy markazi boʻldi. Tanti qoraqalpoq xalqini yuragimdan eʼzozlayman”, — dedi.

Davlatimiz rahbarining bu eʼtiroflariga munosib boʻlish kerak.

Men yosh tadbirkor sifatida qoraqalpogʻistonlik tengdoshlarimga qoʻlimdan kelgan yordamni berishga bel bogʻlaganman. Bugungi kunda korxonamizda 55 nafar yoshlar ishlaydi, erkaklar kiyimi ishlab chiqarish bilan shugʻullanamiz. Shu bilan birga yaqinda Nukus tumanida “URGUTINI AKMANGIT TEXTILE” korxonasini tashkil etdim. Maqsadim – tengdoshlarimga yanada koʻproq ish oʻrni yaratish, ular bilan birga sifatli mahsulotlar yetishtirishdir.

Ilhomjon TOʻXTASINOV, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor:

— Maʼlumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Mana shu vaziyatda ayrim “uddaburonlar” soddadil qardoshlarimizning tinchligiga hamda ikki qadrdon xalqning osoyishta hayotiga raxna solib, chirkin gʻoyalar bilan fitna uyushtirishga uringani kechirib boʻlmas holdir.

Taʼkidlashim joiz, asrlar davomida ikki xalq oʻrtasida shakllanib kelgan azaliy doʻstlik, birodarlik, qardoshlik, qarindosh-urugʻlik, oʻzaro mehr-oqibatni yoʻqotmasligimiz va abadiy asrashimiz lozim va bu bugun har birimizning burchimizga aylandi. Jumladan, xalqimiz farovonligi va tinchligiga ayrim gʻalamislar qopqoniga tushib qolmasligimiz va ogoh boʻlishimiz kerak. Tinchlikdek oliy neʼmat qadriga yetishimiz va baʼzi davlatlarda boʻlayotgan vaziyatlardan xulosa chiqarishimiz lozim.

“Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qatʼiy choralar koʻriladi. Oʻzbekistonda «Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda taʼminlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli», deya qayd etdi davlatimiz rahbari.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini saqlab, tashqi yot taʼsirlarga birdamlikda qarshi turishimiz hamda eng katta yutugʻimiz boʻlgan yurt tinchiligini asrash yoʻlida sobitqadamlikni yoʻqotmasligimiz kerak. Zotan, bugungi murakkab davrda bir musht boʻlib yashamoq hayot-mamot masalasiga aylandi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?