Bugun oʻzbek tili kompyuter, texnika tili emas, taʼlim tili ham emas, hatto amaliyotda koʻryapmiz, qonun tili ham emas — A.Qodirov

15:59 16 Aprel 2021 Jamiyat
2004 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida deputatlar dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Maʼlumki, til toʻgʻrisidagi qonun 1989-yilda qabul qilingan boʻlib, oʻtgan yillar davomida unga bir necha bor tahliliy oʻzgartirishlar kiritildi va yana-da takomillashtirildi. Bugungi kunga kelib esa xalqimizning Ona tilimizga boʻlgan munosabati, talabi keskin oʻzgardi. Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi qonun loyihasi tayyorlandi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi bugungi talab va ehtiyoj hamda partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, bu borada bir necha takliflarni ilgari surmoqda. Jumladan, davlat xizmatlarida ishlayotgan xodimlar davlat tilini bilishi, jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlari va muassasalarga davlat tilida murojaat qilishi shart. Boshqa tildagi murojaatlarda esa, davlat tilidagi tarjimasi ilova qilinadi. Shu bilan birga murojaatlarga davlat tilida javob qaytariladi. Sud ishlari davlat tilida va qoraqalpoq tilida yuritiladi.

Fraksiyaning eng muhim takliflaridan biri bu taʼlim tilini tanlash bilan bogʻliq masaladir. Konstitutsiyasida mamlakatimizda yashayotgan barcha fuqarolarga oʻz ona tilida taʼlim olish huquqi berilgan. Partiya shu huquqni saqlab qolgan holda, oʻzbek fuqarolari boshlangʻich taʼlimni oʻz ona tilida olishi shart degan taklifni ilgari surmoqda.

Yigʻilishda qonunga masʼul qoʻmita vakili “Milliy tiklanish” tomonidan bildirilgan ayrim takliflarga eʼtiroz bildirdi va bu fraksiya aʼzolarining keskin noroziligiga sabab boʻldi.

– Biz hozir 90 foiz oʻzbek tilida gaplashuvchilarni bir chetga surib, 10 foizli boshqa millatli vatandoshlarimiz huquqiga koʻproq eʼtibor beryapmiz, unda oʻzbek tili qachon rivojlanadi, – dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. – Bugun oʻzbek tili kompyuter, texnika tili emas, taʼlim tili ham emas, hatto amaliyotda koʻryapmiz, qonun tili ham emas. Ushbu qonun loyihasini tayyorlashdan maqsad tilimizni rivojlantirish emasmi?

Qariyb ikki soatlik tortishuvlarda soʻng fraksiya aʼzolari oʻz takliflarida qatʼiy turishini, aks holda qonun loyihasiga qarshi ovoz berishini maʼlum qildilar va loyihani ikkinchi oʻqishda tasdiqladilar.

Deputatlar yigʻilish kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalarini ham partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda muhokama qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер