Alisher Qodirov 1-sinfdan diniy taʼlim berilsa, Oʻzbekistonda katta homiylarga ega boʻlgan missionerlar oqimi 3-5 yil ichida minglab “zombi" yoshlar qatlamini shakllantirishini aytmoqda

11:52 07 May 2021 Jamiyat
7699 0

Xabaringiz bor, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qabul qilindi. 

Ushbu qonun loyihasi, xususan, unda oʻrin olgan diniy taʼlim masalasi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Jumladan, quyi palata Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov shu haqidagi munosabatlarga oʻz munosabatini bildirdi.

"Birinchidan, qonun loyihasi birinchi oʻqishda kirgan vaqtidayoq diniy taʼlim masalasini koʻtargan fraksiya “Milliy tiklanish” edi. Tashabbusga koʻr-koʻrona yopishib olmasdan deyarli ikki oy davomida ushbu masala batafsil oʻrganildi, soha mutaxassislari bilan maslahatlashildi.

Soxta obroʻ ilinjidagi hamkasbimiz masalani boshlangʻich nuqtasida turibdi — mavzuni oʻrganmagan, doimgidek gapirish uchun gapirdi.

Ikkinchidan, qonun qabul qilingan majlisda ishtirok etmagan deputat xulosa bilan emas, qulogʻi bilan gapiradi, juda ham tabiiy holat.

Uchinchidan, bu norma qonunning qaysi moddasida tortishildi? - degan savolga masalani koʻtarayotgan hamkasbimiz javob berishiga ishonchim komil emas, yakuniy oʻzgarishlarni bilmaydi chunki.

Partiyaga nisbatan haqoratomuz ohang esa “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun muhokamasida kaltabinlik bilan yoʻqotilgan ishonch uchun alamzadalikdan boʻlsa kerak.

Endi qonundagi biz qarshi boʻlgan jihat boʻyicha...

Avvalambor, har qanday taʼlim jarayoni guruh ishtirokida, tizimlilik va muntazamlikni taqozo qiladi. Qonunga koʻra, diniy taʼlim olmoqchi boʻlganlarga bunday imkoniyat maktabni tugatgandan keyin professional diniy taʼlim muassasalarida beriladi.

Muhokamaga sabab boʻlayotgan qism bu 1-sinfdan boshlab diniy taʼlim olish yoki darslardan keyin litsenziyaga ega, oliy diniy bilimi boʻlgan shaxs tomonidan diniy taʼlimni tashkil qilish uchun ruxsat berish masalasi.

Bu qonunga: “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy taʼlim berishi mumkin» degan norma kiritilgan taqdirda ham boshlangʻich diniy taʼlim tizimining oʻzi yoʻqligi uchun dinni oʻrganish odatdagidek ustoz-shogird tizimida davom etib ketaveradi.

Bugun yoshlar dinni ota-onalaridan, masjidlarda, amri-maʼruflarda, kundalik hayotda ulamolar bilan suhbatda, ijtimoiy tarmoqlarda va bemalol sotuvda boʻlgan diniy adabiyotlar vositasida oʻrganishmoqda va bu qonunga zid emas.

Agar qonunda “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy taʼlim berishi mumkin» degan norma kiritilsa, oʻrgatish Islomdagidek murakkab boʻlmagan, eʼtiqoddan koʻra siyosiy-strategik maqsadlarga xizmat qiladigan minglab missionerlarga millionlab hayotiy tajribaga ega boʻlmagan yoshlarimizning ongiga yashil yoʻlak qilib bergan boʻlamiz. Tasavvur qilib koʻring, bitta ulamo diniy maktab ochib 100 ta qorakoʻzga Ummul Qurʼonni yodlatgunicha, 100 ta missioner 100 ta maktab ochib minglab bolalarimizning yetilmagan tafakkurini ostin-ustun qilib yuboradi.

Muqaddas Islom sobitlik bilan kundalik yashaladi va sabr bilan oʻrganiladi. Musulmon tugʻilgandan oʻlimigacha eshitadi, oʻqiydi va tafakkur qiladi. Bu jarayonni qonun taqiqlay olmaydi.

Takror aytaman, bu norma qabul qilinsa, qonunni barcha talablarini bajargan holda, katta homiylarga ega boʻlgan missionerlar oqimi 3-5 yil ichida minglab, agar millionlab boʻlmasa, dinidan, qadriyatidan uzilgan zombi yoshlar qatlamini oldimizga toʻkib tashlaydi.

Tushunganlar uchun, biz diniy taʼlimni qoʻllab-quvvatladik, jamiyatimizga yot gʻoyalarni singdirmoqchi boʻlayotganlarga qarshi chiqdik..." deb yozadi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?