Bu dunyoda hamma yoʻlovchi!

20:14 19 Iyul 2024 Jamiyat
223 0

Koʻcha tasodiflarga toʻla, deydi dono xalqimiz. Ammo erta tongda biror yumush bilan koʻchaga chiqib, kutilmagan tasodifiy hodisa ishtirokchisi aylanish va jarohat olishni hech kim xohlamaydi. Shu bois avtomobil yoʻllarida transport vositalari egalari hamda yoʻlovchilar uchun kerakli sharoitlarni yaratish orqali qonun ustuvorligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.

Fargʻona viloyatida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, avtomobil yoʻllarini yoʻl harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlash va yoʻl-transport hodisalari sonini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, 1 ming 62 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 158 nafar yoʻl harakati nazorati xodimlari biriktirildi.

Hozirgi kunda viloyat hududida 19 ming 952 km yoʻllar mavjud. Shaxsiy avtomobillar soni esa 448 mingtaga yetdi. Amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yoʻl-transport hodisalari 23 foiz kamayishiga erishildi.

Avtomobil yoʻllarida xavfli yoʻl uchastkalari hamda avtohalokat oʻchoqlari oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ishga kirishildi. Shahar va tumanlar kesimida 5 ta piyodalar oʻtish joyi tashkil etildi, 100 ga yaqin yoʻl belgilari oʻrnatildi. Shu bilan birga, 34 ta taʼlim muassasalari oldida Turkiya tajribasi asosida maxsus piyodalar oʻtish joyi belgilandi. 4 ta gavjum koʻchada piyodalar svetofori oʻrnatilishi taʼminlandi.

Viloyat boʻylab qariyb 1,5 km masofada piyodalar yoʻlagi qurib bitkazildi. Avtomobillar qatnoviga xalaqit berayotgani uchun Yozyovon tumanida 1 ta qayrilib olish joyi va Buvayda tumanida 4 ta piyodalar yoʻlagi yopildi.

Profilaktik tadbirlar samarasini oshirish uchun Fargʻona viloyati IIB YHXB Axborot guruhi tomonidan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish hamda yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha doimiy ravishda targʻibot ishlari olib borilayotir. Joriy yilning oʻtgan davrida birgina ijtimoiy tarmoqlarda 623 ta xabar va yangiliklar, yoʻl harakati qoidalarini targʻib qiluvchi maʼlumotlar tarqatildi. Haydovchilar va piyodalarga 21 mingdan ortiq maxsus buklet, eslatmalar yetkazib berildi. Taʼlim muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda 3 mingdan ziyod profilaktik tadbirlar hamda uchrashuvlar oʻtkazildi.

Elbek QOBILOV,

Fargʻona viloyati IIB YHXB katta inspektori,

kapitan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер