Boshimizga shlyapa kiyishimiz shartmi? Axir dunyonining havasini keltiradigan do‘ppimiz bor-ku!
Foto: “Xalq soʻzi”
Maktabda o‘qib yurgan paytlarim ustozim Mavjudaxon Maksimovaning familiyasi diqqatimni tortdi. Tashqi ko‘rinishidan rus millatiga aloqador bo‘lmasada, nega familiyasi o‘zbekcha emasligiga hayron bo‘laverardim. Axiyri, bir kuni botinib shu haqida so‘radim.
— Men aslida Maxsumjonning nevarasiman, Maksimning emas, — izoh berdi ustozim. — Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani yozayotgan ayol o‘zbekchani bilmas ekan, shunga xato yozib qo‘ygan.
Darhaqiqat, sobiq SSSR davrida xalqlarni ruslashtirishga bo‘lgan harakatlar yo‘q emas edi. Shu tariqa ayrim millatlar yo‘q bo‘lib ketganligi ham ayni haqiqat. Shu bois ism-shariflar nima uchun xato yozilganligini, to‘g‘rirog‘i, o‘rischalashib ketganligini tushunish mumkin. Buning natijasida oramizda Gaziev (G‘oziev), Alimov (Olimov), Kabulov (Qobilov), Yarkanov (Yorqinov) kabilar paydo bo‘ldi. Biroq, oradan yillar o‘tdi. Biz tanqid qilgan holatlar endi tarixga aylandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan yoki davlatimiz Mustaqillikka erishgan paytda tug‘ilgan avlod bugun ota-onaga aylandi. Xo‘p, avvalgilar majburlikdan yoki zamon zayli ila bu holatda chorasiz bo‘lgandir. Biroq, bugun respublikamizda milliy qadr-qimmatga, an'ana va urf-odatlarga keng yo‘l ochilgan bir paytda nega bu xatoliklarni to‘g‘rilamayapmiz?
Alimov Olimovdan ko‘ra jarangliroq eshitiladi...
— Mening familiyam pasport bo‘yicha Alimov edi, siz o‘z maqolangizda Olimov, deb yozibsiz, — arz qildi bir kuni andijonlik yigit. — Qonun bo‘yicha pasportda qanday yozilgan bo‘lsa shunday e'lon qilishingiz kerak emasmidi?
Men unga bobosining ismi Olimjon aka ekanligini, shu shaklda to‘g‘ri bo‘lishini tushuntirishga urinsamda, u ko‘nmadi.
— Mening ota-bobom ham Alimov bo‘lgan, men va farzandlarimiz ham shu familiyada qolamiz. Mahallamga yoki ishxonamga borib, Olimov kim, deb so‘rangchi, bizni birov tanirmikin? Qolaversa, Alimov Olimovdan ko‘ra jarangliroq eshitiladi...
Oxiri, uzr so‘rab qutuldim.
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabr kungi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan farzandga ism-familiyalar ota-onalarning o‘z xohishiga ko‘ra qayd etiladi, — deydi Andijon shahar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudiri G‘afurjon Salomov. — Bu ayrim hollarda millatimizga xos bo‘lmagan noodatiy ismlarning qo‘yilishiga ham sabab bo‘lib qoladi. Boisi, shunday ota-onalar bor ular o‘zlari yoqtirgan chet ellik futbolchilarning, aktyor yoki qo‘shiqchilarning ismlarini farzandiga maqbul topadilar. Ana shunday paytda biz vaqti kelib bu farzand uchun noqulaylik keltirib chiqarishi mumkinligini, shuning uchun ism tanlaganda obdon o‘ylab, oila a'zolari bilan kengashishni maslahat bera olamiz, xolos.
Taxlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ota-onalarga berilgan bu vakolat Maradona, Messi, Ronaldu, Sangam kabi ismlarning ham paydo bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. Savol tug‘iladi: farzandlar voyaga yetgach, o‘zlari uchun nomaqbul deb topilgan ismni o‘zgartirishlari mumkinmi?
— Albatta, — deydi G‘afurjon Salomov. — Har bir fuqaro o‘z ixtiyoriga ko‘ra ism-sharifini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, Saminjon Husanov o‘rniga Saminjon Husanzoda, deb qayd ettirish vakolatiga egasiz.
Demak, Maksimjondan Maxsumjonga, Gazivoydan G‘ozivoyga aylanish ham o‘z qo‘limizda. Buning uchun ozgina ma'naviyatli bo‘lsak kifoya.
“O‘zimni Yevropada yurgandek tasavvur qilyapman”
Andijon viloyatiga Qirg‘iziston Respublikasidan ko‘plab mehmonlar tashrif buyurishadi. Ana shunday tashriflardan birida bishkeklik ijodkor Turekul Urmatovga hamrohlik qildim.
— Andijonga oxirgi marta 1983-yili kelgandim, — deydi u shahar bo‘ylab sayohat davomida. — Hamma narsa o‘zgarib ketibdi. O‘zimni huddi Yevropada yurgandek tasavvur qilyapman.
Mehmonning bu so‘zlaridan viloyat markazi shu qadar chiroy ochib, rivojlangan davlatlarga qiyoslasa arzigulik darajaga kelibdi-da, deb quvonib ketdim. U bo‘lsa, izohlashda davom etdi:
— Sababi, yo‘lning ikki chetidagi mavjud neki yozuvlar bo‘lsa hammasi xorijiy tilda ekan. Birorta o‘zbekcha so‘zni uchratmadim...
Kimdir ustimdan bir chelak muzdek suvni quyib yuborgandek bo‘ldi. Shundan so‘ng harchand urinmayin, shaharni maqtashga ham tilim aylanmay qoldi, to‘g‘risi...
Tarjimaga muhtoj tarjima markazi
Tan olish kerak, mamlakatimizdagi har bir kichik mavjudlik shu yurtga, uning xalqi ma'anaviyati, ma'rifatiga baho beradi. Binolarning tashqi ko‘rinishi, odamlarning kiyinishi, hattoki, peshtoqdagi yozuvlar ham. Biz ko‘p hollarda yoshlarimizni ommaviy madaniyat ta'siriga tushib qolganlikda ayblaymizu, shu kabi kichik ( aslida katta) xatolarimiz orqali ularni shu taxlitda tarbiyalayotganimizga e'tibor qaratmaymiz.
— Bunday holat nafaqat, shaharlarda, balki, tuman markazlarida ham keng ildiz otgan, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘linmasi rahbari Gulbahor Qosimova. — Bu yozuvlarning aksariyatini koshki tushunsak edi. Shundan ko‘ra, ularning o‘zbekcha tarjimasini qo‘llashsa foydaliroq bo‘lmaydimi? Shu kabi savollar yuzasidan tadbirkorlik subyektlarida tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz. Yilning o‘tgan davri mobaynida 20 dan ziyod tadbir o‘tkazilib, 300 dan ortiq yozuvlar o‘zbekchalashtirildi. Shu tariqa xorijiy tildagi yozuvlarning o‘zbekcha tarjimasini yozishga erishdik, deb quvona boshlaganimizda ikkinchi muammo ham yuzaga kelmoqda. Bu savod masalasidir. Masalan, “Nikoxga onlayn ariza navbat kutmesiz” jumlasini shu tarzda yozish uchun qanchalik savodsiz bo‘lishimiz kerak? Yoki “Apostil legalizatsiya tarjima xizmati” yozuvini o‘qib, tarjima xizmatidagilarning o‘ziga tarjimon kerak ekan, degan xayolga borasiz. Xulosa qilish mumkinki, bu mavzudagi muammoni bartaraf etish uchun eng avvalo, ta'lim sifatini ham yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. U holda savodli yozuvlarni o‘qish uchun yana bir avlodning ulg‘ayishini kutishimiz kerakmi?
“Siz dam oling, biz sizning xizmatingizdamiz”
Yaqinda Andijon shahridagi xizmat ko‘rsatuvchi markazlardan birida bo‘ldim. Peshtoqdagi “You relax, we are at your service” yozuvini o‘qib, to‘g‘risi, tushunmadim. Markaz xodimi esa bu jumla o‘zbek tilida “Siz dam oling, biz sizning xizmatingizdamiz” degan ma'noni bildirishini aytdi. Men esa hayron bo‘ldim: “Bu yerga chet ellik fuqarolar kirmasa, qolaversa, siz ishlab men dam oladigan joy bo‘lmasa, nega kerak bu yozuv?”
— Ha endi, ingliz tili odamni e'tiborini tortadi. Xorijiy tilda nimadir yozib qo‘ysak mijozlar soni ortadida...
— Jahon miqyosida rivojlangan markaz ekan, deb o‘ylashadi, deysizda?...
— Shunaqa.
Darhaqiqat, keyingi paytlarda nafaqat, bu kabi yozuvlar, balki nomlar soni ko‘payib ketdi. Aksariyat nomlarning ma'nosini tushunmaymiz. Vaholanki, ular shu joyning faoliyat turi va maqsadini o‘zida mujassam etmog‘i kerak.
—Yuridik tashkilotlarni nomlash yuridik shaxslarning shaxsiy ixtiyoriy vakolati bo‘lib va ularni rasman qayd etish O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 18-sentyabrdagi “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan amalga oshiriladi, — deydi Andijon viloyati Adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Sherzodbek Komilov. — Bunda bir qancha talablar mavjud bo‘lib, ular orasida xorijiy tilda nomlanishni ta'qiqlash tartiblari ko‘rsatilmagan.
2021-yil 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari: “Agar jamiyatning tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir”, — deb bejiz aytmadi. Bu boradagi muammoning yechimini har birimiz o‘zimizdan boshlamas ekanmiz, hech kim chetdan kelib ma'anaviyatli qilib qo‘ymaydi. Farzandimizga to‘g‘ri ism tanlash, o‘zbek tilida ravon so‘zlash, ish joyimizni milliy atama bilan nomlash, qo‘yingki, milliy g‘ururimizni namoyish etish orqali bunga erishish mumkin.
To‘g‘ri, O‘zbekiston jahon maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini hammamiz xohlaymiz. Biroq, buning uchun boshimizga shlyapa kiyishimiz shartmi? Axir, dunyoning havasini keltirayotgan do‘ppimiz bor-ku! Ya'nikim, kimlardir ma'naviyatimiz bulog‘idan suv ichayotgan bir paytda ana shu buloqning ko‘zini yopish orqali chanqog‘imizni oshirish kerakmi bizga?
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring