Boysundagi “M-25” konida vaziyat qanday? Vazirlik bayonoti haqiqatga mos keladimi?

00:05 21 Yanvar 2025 Jamiyat
289 0

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumanidagi “M-25” koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgani haqidagi video tarqaldi va foydalanuvchilar tomonidan keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Ushbu holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonotda mazkur kon hududida kichik hajmda toʻplangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilayotgani aytiladi:

“Aytish joizki, «M-25” koni hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan. Bugungi kunda 2024-yil sentyabr oyida metan emissiyasi sodir boʻlgan quduq oʻrnida obyektni konservatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.

604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan boʻshliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz toʻplangan.

Ayni paytda hududda kichik hajmda toʻplangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.

Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga toʻla javob beradi.

Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning oʻziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin boʻlgan bir qator operatsiyalardan iborat. Bunga holat boʻyicha tarqalgan videolavha yaxshi misol boʻla oladi», deyiladi Energetika vazirligining munosabatida.

Aslida Boysundagi vaziyat qanday? Vazirlik bayonotida keltirilgan vajlar haqiqatga toʻgʻri keladimi? Ushbu savollarga javob olish uchun mahalliy aholi vakillarining fikrlari bilan qiziqdik:

— Haqiqatdan, gaz sizib chiqqanda, hali u jilovlanmagan paytlari uning hidi nafaqat Kofirun qishlogʻida, balki uzoq-yaqin mahallalarga ham keng tarqaldi, — deydi “Xoʻjabulgʻon” mahallasida yashovchi Norqul Vohidov. — Unga chidash qiyin edi. Uylarning ichida oltingugurt hidi oʻrnashib qoldi. Bosqichma-bosqich texnogen vaziyat bartaraf etildi. Toʻplanib qolgan gaz yoqilganidan beri havoda gaz hidi yoʻq. Yoqish orqali zararsizlantirish ishlari anchadan buyon olib borilmoqda. Ushbu videoni tasvirga tushirib, tarqatgan kishi hududdan birinchi marotaba oʻtayotgan boʻlgan boʻlishi mumkin.

— Lavha muallifi yaxshiyam shu kunlarda olovning pastlaganini koʻribdi, — deydi “Kofiurn” mahallasi yashovchi Shahnoza Xolboyeva. — Zararsizlantirish maqsadida dastlabki yoqilgan paytini koʻrganida nima deb tarqatar edi?! Oʻsha paytlari olov juda baland edi. Hozir pastladi. Muhimi, havoda gaz hidi yoʻq. Aholining bu boradagi xavotiri ham aridi. Mutaxassislaru masʼullar bu boradagi muammolar butkul bartaraf etilishini aytishyapti. Biz davlatimiz qudratiga ham, olimlarimizning salohiyatiga ham ishonamiz. Baʼzilarning vaziyatni tushunmasdan, taxminlarga asoslanib bu kabi xabarlarni tarqatayotgani foydadan koʻra zarari koʻproq.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер