BMT Turizm Ijroiya kengashi Oʻzbekiston tashabbusini bir ovozdan maʼqulladi

15:02 17 Iyun 2024 Siyosat
397 0

Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov boshchiligidagi delegatsiya BMT Turizm Ijroiya kengashining 121-sessiyasidagi ishtiroki doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish boʻyicha hukumatlararo komissiya tuzish tashabbusi bir ovozdan maʼqullandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan ziddiyatlar va beqaror vaziyat turizm rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

“Shu munosabat bilan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yagona yondashuvni ishlab chiqish zarurati tugʻilmoqda va taklif etilayotgan kodeksning ishlab chiqilishi yanada xavfsiz, barqaror va adolatli turizm ekotizimini yaratish yoʻlidagi oldinga tashlangan qadamdir”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, ishlab chiqilgan kodeks turizmni barqaror rivojlantirish vositalaridan biriga aylanishi va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga olishi kutilmoqda.

BMT turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili sessiyadagi nutqida, Oʻzbekiston hukumatiga respublikaning tashkilot faoliyatiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston mazkur tuzilmaning eng faol ishtirokchisi ekanligini va nafaqat jahon turizm industriyasini rivojlantirishga, balki BMT imijini oshirishga ham hissa qoʻshayotganini alohida taʼkidlagan.

Maʼlumot uchun, Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yil oktyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining Turizm boʻyicha 25-sessiyasida bildirilgan edi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston elchisi Farrux Tursunov Madridda Ispaniyaning «Milans del Bosch & ITL« kompaniyasi asoschisi Santyago Milans del Bosh bilan uchrashuv oʻtkazgani haqida xabar berilgan edi.

Muloqot chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi madaniy va tarixiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Xususan, Samarqand va Madrid shaharlari oʻrtasida doʻstlik aloqalarini oʻrnatish taklifi ilgari surilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер