Biz Oʻzbekistondan Ukrainaga nisbatan yaxshi, samimiy munosabatni his qilyapmiz — Ukraina tashqi ishlar vaziri

07:50 08 Sentyabr 2022 Dunyo
1127 0

Foto: Arxiv surat

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 7-sentyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari ommaviy axborot vositalari jurnalistlari bilan onlayn uchrashuvda Ukrainaning Oʻzbekiston bilan munosabatlariga toʻxtalib oʻtdi.

«Biz hozir, shu sharoitda ham munosabatlarni imkon qadar kengaytirishga tayyormiz, negaki urush oʻz yoʻliga, ammo hayot davom etadi va oldinga qarab intilish hamda biz birgalikda nima qilishimiz mumkinligini oʻylashimiz kerak.

2021-yil Oʻzbekiston bilan munosabatlar boʻyicha samarali boʻldi. Boshida, vazir boʻlganimda aynan Markaziy Osiyo mamlakatlariga eʼtibor qaratmoqchi ekanimni aytgandim. Va 2021-yilda biz tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida konsultatsiyalar oʻtkazdik, parlamentlararo doʻstlik guruhini tuzdik.

Men chin yurakdan Oʻzbekistonda boʻlishni xohlayman, mamlakatingiz tarixi va mustahkam ildizidan hayratlanaman, chunki uning xalqi tarixning juda qoʻrqinchli davrlaridan oʻtgan. Barchamiz shu yoʻlni bosib oʻtganmiz, barchamiz bitta Sovet Ittifoqida boʻlganmiz va bizning milliy mansubligimizni butunlay oʻchirishga intilishgan, ammo biz bunga qarshi tura oldik.

Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi borasida qanday pozitsiyada ekaniga kelsak, bu savolga qisman javob berdim, ammo yana bir narsani qoʻshimcha qilaman. Barcha aslini olganda bizning gʻalabamizdan manfaatdor boʻlishi kerak, hamma mamlakatlar. Chunki agar biz yengilsak, ustingizdan yanchib oʻtishadi.

Biz haligacha oʻta bosiq pozitsiyani koʻryapmiz. Biz mamlakatlaringizda Ukrainaga nisbatan yaxshi, samimiy munosabatni his qilyapmiz. Lekin sizlarni tiyib turgan baʼzi bir omillar borligini tushunamiz. Bu omil Rossiya bilan munosabatlar va Rossiyaning tashqi va ichki siyosatingizga taʼsir oʻtkaza olishi deb nomlanadi. Biroq, bu omillar qanday boʻlmasin, hamma tushunib yetishini xohlayman: biz yutqazsak, keyingisi siz boʻlasiz», — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

Dmitriy Kuleba Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Markaziy Osiyoning barcha yetakchilari bilan soʻzlashishga tayyor ekanligini bildirdi. Hozircha faqat Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan suhbat boʻlib oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?