Baliqchida velosipedchi ayollar taksini kasodga uchratmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Baliqchi tumaniga yoʻlingiz tushib qolsa, velosiped mingan ayollarni koʻrib, hecham ajablanmang. Boisi, bu yerda xotin-qizlarning eng arzon va maqbul transport vositasini boshqarishlari oddiy holga aylangan. Ayniqsa, bu Jasorat mahallasida keng urf boʻlgan.
— 12 yoshimdan buyon velosiped haydayman, —deydi 83 yoshli Nodiraxon Imomova. –Buning afzal jihatlaridan biri shundaki, tanangizning butun aʼzosi harakatlanadi. Bu esa salomatligingizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, hech qachon kasal boʻlmayman. Shu yoshimda ham ancha-muncha kelinlarni ortda qoldiraman. Hatto, 14-15 yoshli qizlarni ham musobaqada bemalol yuta olishimga ishonaman. Chunki, menda katta kuch, gʻayrat bor.
“Jasorat” MFYning ayollari mahalladagi toʻy yoki azaga ham mashina kutib oʻtirishmaydi. Shundoq velosipediga mingancha ketaverishadi. Bozor-oʻcharniku, bu transportsiz tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Daladagi yumushini ado etishda ham velosiped eng yaqin hamrohdir.
— Bir kun velosiped minmasam, kasal boʻlib qolaman,—deydi shu mahallada yashovchi Oyistaxon Odilova. – Shuning uchun subhi sodiqda velosiped haydashga oshiqaman. Dugonalarim bilan maʼlum masofani velosipedda bosib oʻtamiz. Bu bizga tetiklik baxsh etadi.
Murabbiy Muqaddamxon Turgʻunovaning aytishicha, mahalla ayollari nafaqat, velosiped minishda, balki, sportning boshqa turlarida ham koʻpchilikka ibrat boʻlishmoqda. Voleybol, badiiy gimnastika yoʻnalishlaridagi bellashuvlarda faol ishtirok etib kelishmoqda. Yaqindan boshlab futbol oʻynashni boshlashibdi. Buning uchun mahallada yozgi va qishki sport majmualari mavjud.
Yana bir maʼlumot: ushbu mahallada yashovchi opa-singillarimiz orasida kasal boʻlganlar yoʻq hisobida ekan. Mabodo, kimdir kasal boʻlib qolsa, tuzalishi bilan qoʻliga velosiped tutqazishar ekan.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring