Bahromjon Aʼloyev: Oʻzbekiston Markaziy Osiyo va KADHK oʻrtasida hamkorlikning yangi shaklini yaratmoqda
Saudiya Arabistonining yetakchi “Al-Sharq Al-Awsat (“Yaqin Sharq”) gazetasida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev bilan suhbat bosilib chiqdi.
Saudiya Arabistonining yetakchi “Al-Sharq Al-Awsat (“Yaqin Sharq”) gazetasida “Biz Markaziy Osiyo va KADHK oʻrtasida hamkorlikning yangi shaklini yaratmoqdamiz” sarlavhasi ostida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyevning intervyusi chop etildi.
Xususan, Oʻzbekiston TIV rahbarining oʻrinbosari nashr muxbiri Abdulhadi Habtur bilan suhbat chogʻida Markaziy Osiyo va KADHK sammitini muhim voqea oʻlaroq taʼriflar ekan, uni “tarixiy”, deb baholaydi. Ushbu sammit geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan dunyoning ikki muhim mintaqasi oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik uchun yangi paradigma ekanligi taʼkidlangan.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Arab koʻrfazi davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik, murakkab xalqaro sharoitni hisobga olgan holda, strategik ahamiyatga ega.
“Ushbu tadbir Saudiya Arabistonida oʻtkazilishining ramziy maʼnosi shundaki, Podshohlikning mintaqa hamda arab va islom dunyosidagi oʻziga xos va mustahkam oʻrni bor”, deydi Oʻzbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbarining oʻrinbosari.
Hozirgi sharoitda tomonlar oʻrtasidagi mavjud munosabatlarni kengaytirish har ikki mintaqaning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi.
“Biz yaratayotgan yangi platforma Koʻrfaz mintaqasi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi muloqot va sheriklikni faollashtirish, amaliy dastur va loyihalar orqali hamkorlikni boyitishga qaratilgan”, deydi B.Aloyev.
Sammitning asosiy maqsadi mintaqaviy aloqalar uchun ochiq va samarali tizimni yaratish va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan izohlanadi.
Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarini rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qayd etilgan.
Suhbat davomida Bahrom Aʼloyev Saudiya Arabistoni nafaqat arab va islom davlatlari orasida, balki butun dunyoda katta ishonch va moliyaviy-iqtisodiy salohiyatga egaligini eʼtirof etadi.
Bundan tashqari, TIV rahbari oʻrinbosarining intervyusida Oʻzbekiston eksportini diversifikatsiya qilish va Koʻrfaz arab davlatlarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun keng imkoniyatlar yaratadigan qishloq xoʻjaligi resurslariga ega ekanligiga urgʻu berilgan.
Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlariga toʻxtalar ekan, B.Aloyev Oʻzbekiston Yaqin Sharq bilan har tomonlama munosabatlarni bosqichma-bosqich va jadal rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini taʼkidlaydi.
Ikki tomonlama munosabatlar tarixiy va madaniy aloqalarga, shuningdek, Oʻzbekistonga jugʻrofiy jihatdan yaqin boʻlgan ushbu mintaqada roʻy berayotgan hozirgi oʻzgarishlarga asoslangani aytiladi.
“Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston yangi tashqi siyosatining asosiy vazifalaridan biri boʻlib qoladi”, deydi B.Aloyev.
“Nafaqat arab va islom dunyosida, balki jahon miqyosida katta ishonch va ulkan moliyaviy-iqtisodiy resurslarga ega boʻlgan Podshohlik Oʻzbekiston uchun strategik sherik sifatida muhim ahamiyatga ega”, deya soʻzida davom etadi vazir oʻrinbosari.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganiga alohida eʼtibor qaratilgan. “Oʻzbekiston rahbari va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon oʻrtasida kechgan muzokaralar ikki mamlakatning istiqbolli va mushtarak intilishlari uygʻun ekanligini aniq-ravshan namoyish etdi”, deydi B.Aʼloyev.
Tashrif natijalari boʻyicha keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport kabi turli sohalarni qamrab olgan qiymati 14 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.
B.Aloyev, shuningdek, har ikki mamlakatda oʻzaro savdoni kengaytirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligiga eʼtibor qaratgan. Bunga ishbilarmon doiralarning oʻzaro tashriflari, oʻtgan yili Jidda shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Saudiya sammitining muvaffaqiyatli natijalari asosiy turtki boʻlgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarining maʼlum qilishicha, soʻnggi besh yilda Saudiya sarmoyasi bilan Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning soni 4,2 baravar koʻpaygan.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, 2022-yilda 58 ming nafardan ortiq oʻzbekistonliklar Saudiya Arabistoniga Umra safarini amalga oshirishgan boʻlsa, 2023-yilda 15 ming nafar yurtdoshimiz Haj amallarini bajarishgan.
“Al-Sharq Al-Awsat” gazetasi muxbiri Saudiya va Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro munosabatlariga ham alohida eʼtibor qaratgan.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi aloqalar siyosiy va xalqaro masalalarda muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilayotgani, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doirasida izchil ravishda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash tajribasi bilan ajralib turadi.
Oʻzbekiston Ar-Riyoz shahrida nufuzli “Ekspo-2030» koʻrgazmasining oʻtkazilishini, shuningdek, Saudiya Arabistonining SHHT doirasida “muloqot sherigi” sifatida eʼtirof etilishini qoʻllab-quvvatlagan.
2019-yilda BMT Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston tomoni ilgari surgan va Saudiya Arabistoni hammuallif boʻlgan “Taʼlim va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasining qoʻllab-quvvatlagani ijobiy baholangan. Shuningdek, Saudiya Arabistoni 2020-yilda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga Oʻzbekiston nomzodini ham qoʻllab-quvvatlagan.
Ikki tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlariga ham eʼtibor qaratilar ekan, Saudiya Arabistoni Jahon sayyohlik tashkilotining 25-sessiyasi 2022-yilda Samarqandda oʻtkazilishini yoqlab ovoz bergani, 2022-yilgi Saudiya Arabistoniga oliy darajadagi tashrifdan soʻng Podshohlik fuqarolari uchun Oʻzbekistonga bir oy muddatga vizasiz kirish tartibi joriy etilgani ham oʻquvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring