Assalom, yangi yil — yangi umidlar

11:24 04 Yanvar 2024 Jamiyat
556 0

Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqini Yangi yil bilan tabriklar ekan, bu yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun imkoniyatlar yaratish yanada kuchaytirilishini, shuningdek, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi. Bu soʻzlarning tasdigʻi oʻlaroq davlatimiz rahbari yangi yilning ilk kunlaridayoq investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini koʻpaytirish boʻyicha 2023-yilda qilingan ishlar va 2024-yilga moʻljallangan rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Avvalo shuni taʼkidlash lozimki, ortda qolgan hayotimiz koʻplab quvonchli, yodda qolarli voqealarga boy boʻldi. Ayniqsa, oʻtgan yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli kelib, xalqimiz farovonligiga erishish, iqtisodiyotimizni yuksaltirish borasida ulkan muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritildi. Jamiyat va davlat hayotining barcha sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi oʻrni va mavqei tobora ortib borayotgani, yangi Oʻzbekiston — inson qadri, huquq va manfaatlari himoyalanadigan ijtimoiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyatiga aylangani barchamizga faxr-iftixor bagʻishlamoqda.

2023-yilda mamlakatimizning energetika sohasini rivojlantirishda yangi davr boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi yil arafasida nafaqat iqtisodiyotimiz ravnaqi, balki har birimizning hayotimiz uchun suv bilan havodek muhim ahamiyat kasb etayotgan “yashil” energetika boʻyicha yirik investitsiya loyihalarining ishga tushirilgani barchamizni toʻlqinlantirib yubordi, xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Ochiqchasiga aytganda, iqtisodiyotimiz rivojlangani sari energiya tanqisligi tobora keskinlashayotgan, ayniqsa, chekka qishloqlarda chiroq oʻchishi holatlari koʻzga tashlanayotgan edi. Endi bunday noxushliklar barham topadi. Ishga tushirilayotgan qoʻshimcha quvvatlar energiya barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda elektr energiyasi taqchilligi XXI asr avvalidayoq kuzatila boshlangan boʻlsada, bu masalaga Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davriga kelib alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli mamlakat elektr energiyasi taqchilligi sharoitida yashayotgani davlat darajasida tan olindi. Energetika sohasini modernizatsiyalashga doir yaxlit dastur doirasida 2019 — 2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat Oʻzbekistonda energiya taʼminoti manbalarini diversifikatsiyalash siyosatining tamal toshini qoʻyib berdi, deyish mumkin.

Yana bir jihat. Quyosh va shamol generatsiyasiga oʻtish tegishli infratuzilmani yaratishdan boshlanadi. Bu esa oson ish emas. “Yashil” energetika — juda qimmat soha. 2017-yilgacha Oʻzbekiston hozirgidek dunyoga ochiq mamlakat boʻlmagan. Iqtisodiyot tarmoqlari davlat tomonidan qattiq nazorat qilinardi. Bunday sharoitda yirik infratuzilmaviy loyihalar uchun xorijiy hamkorlarni jalb etish, ularga qulay shartlar taklif qilish mushkul edi. Investorlar biz bilan ishlashdan choʻchigan. Endilikda davlatning oʻzi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga mablagʻ tikayotgan tadbirkorlarni ragʻbatlantirmoqda. Oʻzbekistonda foto va gidroelektr stansiyalari, shamol generatorlarini qurish uchun soliq imtiyozlari koʻzda tutilgan. Mazkur yoʻnalishda eʼlon qilinayotgan tender tanlovlarida doim oʻnlab xorijiy kompaniyalar ishtirok etish istagini bildirayotgani bejiz emas. Hozir hatto uy xoʻjaliklariga oʻz ehtiyoji uchun kichik gidroelektr stansiyalari qurishga ruxsat berildi. Demak, aholiga uzluksiz energiya taʼminoti kafolatlanibgina qolmay, bundan daromad olish imkoniyati ham yaratilmoqda.

Yangi yil arafasida “yashil” energetika sohasidagi yirik qoʻshma loyihalar ishga tushirilgani bu borada besh yil muqaddam oldinga qoʻyilgan juda katta maqsad va vazifalar qogʻozda qolib ketmagani, real hayotga koʻchganidan darak beradi. Aslida elektr quvvati taqchilligi hech bir davlatga begona emas.

Xalqaro energetika agentligining maʼlumotiga koʻra, hozirda jahon miqyosida 1,3 milliardga yaqin aholi elektr energiya bilan taʼminlanmagan. 2,6 milliard odam ovqat tayyorlash uchun anʼanaviy yoqilgʻi — oʻtin, koʻmir va boshqalardan foydalanadi. 2035-yilga borib jahonda energiyaga boʻlgan talab yana 35 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Shu bois dunyoda elektr energiyadan oqilona foydalanish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Xususan, koʻpgina rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekistonda ham elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish barobarida mavjud resurslardan tejamli va samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan-yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul. Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotgani sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Baʼzida ulardan foydalanib boʻlgach tokdan uzib qoʻyilmaydi. Garchi ular oʻchirilgan boʻlsada, tok liniyasiga ulangan holda tursa, elektr energiya isteʼmol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichni olaylik. U tokka ulangan holda tunu kun qolsa, bir oyda oʻrtacha 1,5 kVt/soat, yiliga 18 kVt/soat energiya sarflaydi. Shu bois mamlakatimizda ham xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.

Mamlakatimiz oʻzining toʻrt faslli betakror tabiati, yer osti va yer usti boyliklari bilan yetti iqlimga maʼlumu mashhur boʻlib kelgan boʻlsa, endilikda uning yangi noyob xususiyatlari — oftobli osmoni, shamolli kengliklari, tezoqar daryolari, biologik manbalari ham shuhratini yanada oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Maʼlumki, 2019 — 2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi qabul qilindi. Unda yaqin oʻn yilda mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmogʻida ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish koʻzda tutilgan.

Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston uglevodorod energiyasi — neft, gaz, koʻmirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yoʻqotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablagʻni talab qiladi. Buning oʻrniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali boʻlgan “yashil” energetikaga oʻtish ming chandon afzal. Zero, butun dunyo shu yoʻlni tanlayapti.

Mohiyatan olib qaralganda, toʻrt yil avval qabul qilingan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi yurtimizning “yashil taraqqiyot” sari yuz burganini anglatadi. Kezi kelganda aytish joizki, 2030-yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish reja qilingan.

Bashariyat duch kelayotgan iqlim oʻzgarishi, Orol dengizi halokati va boshqa ekologik inqirozlar oqibatlarini yengib oʻtish aynan “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, uglerod neytralligini taʼminlash, ichimlik suvi, yoʻl-transport infratuzilmasini takomillashtirish kabi masalalarni samarali hal etish bilan bevosita bogʻliq.

Hozirda Oʻzbekistonda qayta tiklanadigan energiya sohasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 600 million yevro mablagʻi ishtirokida yirik loyihalar boshlangan. Qolaversa, “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren” kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatimizda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda.

Bir paytning oʻzida “yashil taraqqiyot”ga erishish uchun “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va uni rivojlantirishni zamonning oʻzi talab etmoqda. Shu maqsadda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming megavattga, ularning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizga yetkazish; 2024-yildan boshlab sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini yaratish; avtobuslarni toʻliq ekologik toza elektr yoki gaz yoqilgʻisiga oʻtkazish; barcha yangi uylar va asbob-uskunalarga energiya tejash boʻyicha talablarni joriy etish maqsad qilinganki, natijada iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshib, 2030-yilga borib 50 milliard kVt/soat “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Yangi stansiyalar ishga tushishi bilan 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Oʻtgan 4-5-yilda Oʻzbekistonda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xorijiy investorlar bilan umumiy qiymati 16 milliard 62 million dollarga teng boʻlgan 34 ta bitim imzolandi. Bu Oʻzbekistonda investorlar tomonidan aynan shuncha zamonaviy elektr stansiya quriladi, deganidir.

Ahamiyatlisi, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida oʻrnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini isteʼmolchilarga sifatli va barqaror yetkazish maqsadida soʻnggi 5-yilda qariyb 46 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 14 mingta transformator punkti yangilandi. Buning natijasida esa 7,5 mingdan ortiq mahallalarning elektr taʼminoti yaxshilandi.

Oʻzbekistonda yangidan-yangi tadbirkorlik subyektlari, avvalo, xalqimizni elektr energiya bilan uzluksiz taʼminlash uchun atrof-muhitga kam zarar yetkazadigan quvvatlardan, yaʼni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish borasida allaqachon katta qadamlar tashlangan. Ilk bor 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan Karmana va Nurobod tumanlarida 2 ta quyosh stansiyasi ishga tushirilib, shu kunga qadar 1 milliard kVt/soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Yangi yil arafasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida barpo etilgan uchta quyosh elektr stansiyasining birinchi bosqichi ishga tushirilishi va umumiy quvvati ikki ming toʻrt yuz megavatt boʻlgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyasi tarmoqqa ulanishi esa bu boradagi koʻrsatkichlarni bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, ushbu nufuzli kompaniya tomonidan Tomdi tumanida barpo etilayotgan zamonaviy shamol elektr stansiyasining 100 megavatti ishga tushirilmoqda. Bugungi kunda “Masdar” kompaniyasi hamkorlikni Oʻzbekistonning qayta tiklanuvchi, toza energiyani ishlab chiqarish boʻyicha saʼy-harakatlariga hamohang tarzda yoʻlga qoʻymoqda. Yaʼni qayta tiklanuvchi energiya manbalari ustida ishlash boʻyicha Oʻzbekistonning barcha hududida ish tizimini joriy etgan. Kompaniya umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollaridan ziyod, quvvati 2 gigavattdan ortiq toza energiya manbalarini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Mazkur kompaniya 2021-yilda Navoiy viloyatida 100 megavatt quvvatga ega boʻlgan birinchi loyihani amalga oshirdi. Endi esa 1,2 gigavattdan ortiq boʻlgan toza energiya ishlab chiqaruvchi loyihalarni ishga tushirdi. Zarafshon, Sherobod, Samarqand va Jizzaxdagi loyihalar shular jumlasidan. Xitoyning “Gezhouba” kompaniyasi bilan esa Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalarining dastlabki 400 megavattli generatsiyasi boshlanadi.

Eng eʼtiborli jihati — ushbu loyihalarning barchasi davlat-xususiy sheriklik asosida, toʻQridan-toʻQri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi. Demak, xorijiy investorlarning Oʻzbekistonga qiziqishi, avvalo, ishonchi ortgan. Asosiysi, umumiy qiymati 2 milliard dollarlik bu loyihalar hisobidan yiliga 6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, ikki milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. 2 million xonadon uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. Sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratiladi. Atmosferaga zararli chiqindi gazlar chiqarilishi hisobiga havo keskin ifloslanishining oldini olish borasida zimmamizdagi xalqaro majburiyatlarni bajarish yoʻlidagi katta qadam boʻladi.

Bizning strategik sherigimiz va yirik savdo hamkorimiz boʻlgan Xitoy ishtirokidagi loyihalar ilgari tajribada kuzatilmagan juda qisqa muddatda — 9 oy ichida ishga tushirilgani eʼtiborga molik. Zero, katta-katta mablagʻlar evaziga ish boshlayotgan zamonaviy elektr tarmoqlari nafaqat xonadonlarimizni yorugʻ, balki koʻngillarimizni ham charogʻon qiladi. Odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, roziligi ortadi.

Mana, nima uchun “yashil” energetika rivojiga bu qadar katta ragʻbat va eʼtibor qaratyapmiz?! Qolaversa, 2030-yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga koʻtarishni maqsad qilib qoʻygan, umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni koʻzlayotgan ekanmiz, bu ulugʻvor niyatlarimizga erishish uchun bizga kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur.

Hisob-kitoblarga koʻra, kelgusi olti yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga boʻlgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kVt/soatga oʻsishi kutilmoqda. Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplash rejalashtirilgan. Oʻzbekiston oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga doim sodiq. Yaʼni global muammoga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha bashariyat tinimsiz izlanyapti. Oʻzbekiston ham. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ham, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Dushanbedagi Maslahat uchrashuvi, MDH, IHT, TDT va boshqa mintaqaviy hamda xalqaro sammitlarda ham muhim taklif hamda tashabbuslarni faol ilgari suryapti. Yaqinda Dubayda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasida dunyo mamlakatlari “yashil” generatsiyani uch barobar oshirishga kelishib oldi. Oʻzbekiston ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladi va 2030-yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirishini maʼlum qildi.

Bu uddalasa boʻladigan vazifa. Negaki, mamlakatimizda “yashil” energetika boʻyicha nihoyatda ulkan salohiyat mavjud. Ayni paytda sohani ragʻbatlantirish maqsadida quyosh panellari oʻrnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatli sotib olish boʻyicha “Quyoshli xonadon” tizimi yoʻlga qoʻyilgan. 2023-yilning oʻzida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari oʻrnatildi. Mamlakatimizda 7 milliondan ortiq uy-joylar borligini hisobga olsak, bu investorlar uchun katta bozor hisoblanadi.

Hozirgi kunda global miqyosda “yashil” energiyadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga alohida ustunlik berilmoqda. “Yashil energiya” sertifikati keng joriy qilinmoqda. Oʻzbekiston kelgusida aniq reja va qatʼiy saʼy-harakatlar orqali “yashil” energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish boʻyicha dadil qadamlar tashlayapti.

Gapning sirasini aytganda, 2024-yil mamlakatimiz hayotida, odamlar turmushida katta oʻzgarishlar yuz beradigan yil boʻladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizning oltita hududida megaloyihalarning ishga tushirilishi, hech shubhasiz, yurtimizning iqtisodiy yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, ushbu loyihalar amalga oshirilishi bilan gaz, neft, koʻmir kabi yer osti boyliklari zaxirasini tejash, ekologiyaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirish imkoni yaratiladi. Osmonimiz musaffo, tabiatimiz begʻubor, pirovardida xalqimiz sogʻlom, turmushimiz farovon boʻladi. Bu esa jonajon Oʻzbekistonimizning azaliy orzusidir.

Abduvali SOYIBNAZAROV,

sharhlovchi (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?