AQSHning “tashvishi”, Gʻazoda sargardonlik va NATOda yangi rahbar (+video)
“Endi yoʻqotadigan hech narsamiz qolmadi”
Isroil kuchlari Xon Yunis aholisining koʻchirilishi haqidagi buyruq tufayli 250 mingga yaqin odamni sarsongarchilikka qoʻymoqda. Xonadonlarini tashlab ketayotgan falastinliklar hech qanday chorasi qolmaganligini aytishmoqda.
Shu yerlik Ahmad al-Najjar kunduz kunlari harorat 30 darajadan oshayotgani va boshpana yoʻqligini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, oilasi qochib ketgan. Ammo Ahmad al-Najjar har qanday sinovlarga koʻngan holda uyiga qaytgan.
“Biz qayerga borishimizni bilmasdik, yangi chodir sotib olishga pulimiz yoʻq edi. Tunni koʻchada oʻtkazishga majbur boʻldik va yana uyga qaytishga qaror qildik. Nima boʻlsa boʻldi, endi yoʻqotadigan hech narsamiz yoʻq”, degan u.
Tinch aholi qayerga borishni bilmaydi. Xalqaro yordam agentliklari Gʻazoda boshpana topish mumkin boʻlgan xavfsiz joyning oʻzi yoʻqligini aytmoqda.
“NATO Sovuq urush davridagi mentalitetga ega”
Xitoyga bosim oʻtkazish maqsadida NATOning Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga ilgarilab borishi alyansning Sovuq urush davri mentalitetini aks ettiradi va mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadi. Bu fikrlar Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili idorasi tomonidan aytildi.
Avvalroq, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Yaponiyaning “Yomiuri” gazetasiga bergan intervyusida Xitoyga bosimni kuchaytirish va Osiyoda mintaqani barqarorlashtirish uchun Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan hamkorlikka mazmun berish zarurligini taʼkidlagan edi. Shu oʻrinda Stoltenberg “NATO Xitoyni dushman deb hisoblamaydi, lekin u bizning qadriyatlarimiz, manfaatlarimiz va xavfsizligimizga shubha tugʻdiradi”, dedi.
“NATO Bosh kotibi ochiqchasiga taʼkidladiki, alyansning Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga sharq tomon kengayishi Xitoyga bosim oʻtkazish uchun moʻljallangan, bu barqaror Sovuq urush mentalitetini aks ettiradi, keskinlik yaratish, qarama-qarshilikni qoʻzgʻatish va mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka putur yetkazish niyatida”, deyiladi Xitoy tashqi ishlar vazirligi yangiliklarida.
Shu oʻrinda Xitoy tashqi ishlar vazirligi Yens Stoltenbergdan soʻzlariga izoh berishni soʻragan.
Niderlandiyada bosh vazir almashdi
Niderlandiya sobiq razvedka boshligʻi Dik Sxof 2-iyul kuni qasamyod qildi va bosh vazir kabinetini qabul qilib oldi. Niderlandiyaning “Jeyms Bond”i koalitsion hukumatni boshqaradi va mamlakatning immigratsiya boʻyicha eng qatʼiy siyosatini amalga oshiradi.
U 14-yillik bosh vazirlikdan soʻng NATOning navbatdagi bosh kotibi boʻladigan Mark Ryutte oʻrnini egalladi. Sxofning tayinlanishi yetti oy oldin oʻtkazilgan umumiy saylovlar natijalariga tayanadi.
Mark Ryutte oʻzining eski ish joyini velosipedda tark etdi.
Malayziya va Indoneziya tinchlikparvar qoʻshinlarini Gʻazoga yuborishga tayyor
Malayziya va Indoneziya Falastinga qoʻshma tinchlikparvarlik qoʻshinlarini yuborishi mumkin. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim maʼlum qilgan.
“Falastindagi gumanitar vaziyatga toʻxtalib, men Prabovoga agar BMT mandat bersa Malayziya Indoneziya bilan har qanday insonparvarlik missiyasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdim”, degan bosh vazir Indoneziyaning saylangan prezidenti va mudofaa vaziri Prabovo Subianto bilan telefon orqali suhbatda.
Eslatib oʻtamiz, Malayziya ham, Indoneziya ham Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olmaydi va u bilan biror bir diplomatik yoki iqtisodiy aloqalarga ega emas.
AQSH tinchini yoʻqotdi: Eron Afrika uraniga ega boʻlmoqchi
Eron yadro dasturini yanada kengaytirishni maqsad qilib, Gʻarbiy Afrikadan uran olishga intilmoqda. Bu harakat AQSH va boshqa Gʻarb davlatlarida xavotirlar uygʻotgan. Bu haqda “Newsweek” nashri xabar berdi.
Yadro qurollarini nazorat qilish uchun turli saʼy-harakatlarga qaramay, Eron dunyodagi eng ilgʻor yadroviy dasturlaridan birini saqlab kelmoqda. Oxirgi xabarlar mamlakatning yadroviy faoliyati jadallashib borayotganidan dalolat beradi.
Nigerdagi vaziyat ham bu tashvishlarga sabab boʻlyapti. 2023-yil iyulidagi harbiy toʻntarishdan soʻng, Rossiyaning Vagner guruhi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan yangi rahbariyat Rossiya va Eron bilan yaqinlik koʻrsatdi.
Iyun oyida Eron uranni yangi ilgʻor sentrifugalarda boyitishni boshladi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Eron hech qachon yadroviy qurol ishlab chiqmasligini taʼkidlab, mamlakatni yadroviy faoliyatini toʻxtatishga chaqirgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken oʻtgan hafta Eronga qarshi yangi sanksiyalarni eʼlon qilgandi. Uning taʼkidlashicha, Tehronning yadroviy dasturini kengaytirish borasidagi harakatlari juda katta xavfni yuzaga keltiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring