A.Qodirov monopolistlar haqida — OʻzLiDeP bu muammoni avval Hukumat bilan muhokama qilishi kerak edi 

11:45 24 Avgust 2020 Siyosat
1027 0

«Oʻzavtomotors»ning yagona aksiyadori «Oʻzavtosanoat». «Oʻzavtosanoat»ni yagona aksiyadori Hukumat. Hukumat saylovlarda eng koʻp ovoz olgan OʻzLiDePning tavsiyasi bilan shakllangan.

OʻzLiDeP «Oʻzavtomotors» masalasini oʻzi tavsiya qilgan Hukumatga emas, Hukumatga hisobdor boʻlmagan Raqobat qoʻmitasi va Prokuraturaga arz qildi. Bu ishonchsizlikka sabab nima?

Muammoni sud tartibida koʻrib chiqilishi albatta juda yaxshi, xalq haqiqiy holatdan xabardor boʻladi, lekin sudning qarori qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, OʻzLiDeP bu muammoni avval Hukumat bilan muhokama qilishi kerak edi. Chunki monopolistlar bilan bogʻliq muammo faqat «Oʻzavtomotors»da tugamaydi. Xalqqa qimmat avtomashina sotib zarar yetkazayotgan monopolistni sudga berib, tannarxidan arzon elektr energiya va gazni sotib, zararini byudjet mablagʻlaridan qoplab kelayotgan boshqa monopolistni boshini silab rivojlanib boʻlmaydi. Bozor talab va taklifga tayanib, manfaat uchun ishlab chiqaradi. Hamma narsa shaffof boʻlishi kerak. Har ikki holat ham Oʻzbekistonning rivojiga xizmat qilmaydi. Mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar monopoliyalarni bosqichma-bosqich tugatish, bozorga moslashtirish, JSTga aʼzolik sharoitida raqobatga tayyorlashni maqsad qilgan. Biz hali toʻliq bozor talablariga javob beradigan iqtisodiyotga ega emasmiz. Hukumat murakkab muvozanatni ushlab turish uchun nostandart qarorlar bilan ishlashga majbur boʻlayotganini rad etib boʻlmaydi. Shunday sharoitda oʻzi tavsiya qilgan Hukumatning bu masaladagi fikrini eshitmasdan shovqin koʻtarish, uzoqni oʻylamasdan ish qilishdan boshqa narsa emas.

Tasdiqlanmagan xabarlarga koʻra, aynan shu munozara sababli «Oʻzavtomotors»ning xorijiy hamkori tomonidan yirik loyiha toʻxtatib qoʻyildi. Bu minglab vatandoshlarimiz uchun rejalashtirilgan ish oʻrinlari edi. Daʼvo qanoatlantirilsa, yaxshi, avtomobil narxlari muvofiqlashtiriladi, xaridorlarga yetkazilgan zarar qoplab beriladi...

Qanoatlantirilmasa-chi?!

Mamlakatning avtomobilsozlik sohasida yoʻqotishlar, yetkazilgan zararni qoplash uchun Raqobat qoʻmitasi rahbariyatining isteʼfosi yoki yetakchi partiyaning uzri yetarli boʻladimi?

Qaror qanday boʻlishidan qatʼiy nazar oʻtgan besh yillikda ham, bu besh yillikda ham Hukumatni tavsiya qilgan (shu davr ichida avtomobil narxini belgilab bergan) OʻzLiDeP bu mojarodan xalq ishonchini suiisteʼmol qilayotgan boʻlib chiqaveradi.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер