“Aqlli bekatlar”: ezgu tashabbus qachon toʻliq roʻyobga chiqadi?

13:10 02 Mart 2022 Jamiyat
2440 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Fargʻona shahri va tumanlarda “Aqlli bekatlar” tizimini shakllantirish rejalashtirilgan edi. Tashabbus doirasida mazkur qurilishlarni amalga oshirish uchun gʻayratli tadbirkorlar tanlanib, zamonaviy va koʻrkam bekatlar qad rostlay boshladi.

Ayni paytga qadar Fargʻona shahrida 122 ta ana shunday bekat barpo etildi. Binobarin, 2021-yil 8-fevral kuni tasdiqlangan manzilli dasturga koʻra, Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanida boʻsh turgan (foydalanilmayotgan) avtobekatlarni yangidan qurish va taʼmirlash, “Aqlli bekat”larga aylantirish, yosh tadbirkorlarga biriktirib berish moʻljallangan.

Aytish kerakki, “Aqlli bekatlar”da toʻxtovchi yoʻnalishli avtobus va taksilarning kelish-ketish vaqti toʻgʻrisida axborot beruvchi tablolar, avtobus bekatidan foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida bepul WI-FI tizimi, ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda yoʻlovchilarni yozda issiqdan, qishda esa sovuqdan himoya qilish uchun konditsioner tizimi, mobil qurilmalarni quvvatlantirish uchun USB rozetkalar, kerakli maʼlumotlarni olishga xizmat qiluvchi interaktiv ekran va boshqa maxsus jihozlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak edi.

Yaqinda viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan Fargʻona shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Aqlli bekat”lar holati oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, ularning bir qismi belgilangan texnik shartlarga rioya qilinmay qurilgan va baʼzilarida hamon qurilish ishlari olib borilmoqda. Afsuski, bu bekatlarda yoʻlovchilar uchun sharoitlar yaratilmagan, bevosita yoʻlovchilarga ajratilgan qismdan omborxona, mijozlar xonasi hamda savdo shoxobchasi sifatida foydalanilayotgan holatlarga duch kelindi. Ularda zamonaviy axborot tablolari ham oʻrnatilmagan.

— Viloyat prokuraturasi, transport boshqarmasi bilan birgalikda har bir bekatni oʻrganib, dastur talablariga qatʼiy amal qilinishi, yoʻlovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi, — deydi Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov.

Taʼkidlanishicha, viloyatning har bir shahar-tumanida tashkil etilayotgan “Aqlli bekat”lar xuddi shu tartibda oʻrganiladi va kamchiliklar bartaraf etilib, yoʻlovchilar uchun eng zamonaviy qulayliklar yaratiladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер