Andijondagi masjidda halok boʻlganlarning yaqinlariga moddiy yordam berildi

17:01 01 Aprel 2025 Jamiyat
196 0

Foto: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Andijon viloyatida portlash yuz bergan masjidini mutasaddilar ishtirokida koʻzdan kechirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 1-aprel kuni muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar baxtsiz hodisa tufayli taʼziyali boʻlgan oilalardan xabar olib, xonadon egalariga hamdardlik bildirgan. Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, maʼraka-marosimlarida haqlariga duolar qilgan.

Shuningdek, halok boʻlganlarning oila aʼzolariga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berilgan. Tan jarohati olib, shifoxonada muolaja olayotganlarga tez fursatda sogʻayib ketishlari tilangan. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam puli ham toʻlash nazarda tutilgan.

“Masjidning talafot koʻrgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablagʻlar ajratiladi”, deyiladi idora xabarida.

Masjd tahoratxonasidagi portlash

Hodisa Izboskan tumani Mirzo Ulugʻbek MFY hududida joylashgan Ahmadali Hoji jomeʼ masjidi hududida joriy yilning 31-mart kuni soat 12:19 da yuz bergandi.

Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligining maʼlum qilishicha, chaqnash oqibatida 3 nafar fuqaro — M. Abdullayev, J. Anvarov va B. Burxonov halok boʻlgan. Yana 10 nafar fuqaro — Gʻ. Toyloqov, A. Abdirayimjonov, H. Zuxriddinov, I. Raximov, M. Mamaturaimo v, I. Shomurodov, K. Qosimov, U. Boltaboyev, M. Abduraxmonov va M. Boltaboyev tan-jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan.

Voqea joyiga viloyat hokimi, FVB, IIB, MG, SSB, prokuratura va “Hududgaztaʼminot”, tuman FVDqT xizmatlari kuch, vositalari yetib borib, hodisa oqibatlari bartaraf etishda ishtirok etdi.

Hodisa sodir boʻlganligi xabar qilinganida vodiyda boʻlib turgan Bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor B.Qudratxoʻjayev Izboskan tumaniga yetib borgan.

Shu kunning oʻzida baxtsiz hodisa oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga har tomonlama koʻmaklashish hamda jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam koʻrsatish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, shuningdek, bu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi.

Mazkur farmoyish bilan Bosh vazir oʻrinbosari O.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan.

Shuningdek, holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205, 259-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Prokuraturaning oydinlik kiritishicha, tahoratxona binosi yertoʻlasida isitish moslamalariga ulangan gaz quvurlaridan sizib chiqqan tabiiy gaz, xona ichiga toʻplanib qolishi natijasida, elektr energiyasi yoqilgan vaqtda chaqnash sodir boʻlib, bino qulab tushgan.

“Tergov harakatlari davomida barcha holatlar toʻliq oʻrganilib, qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi” deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер