Davlat boshqaruvida ayollarning rolini mustahkamlashga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi

15:12 07 Noyabr 2025 Siyosat
134 0

Bugun, 7 noyabr kuni Toshkent shahrida “Davlat boshqaruvida ayollarning roli: Oʻzbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Boshqaruv samaradorligi agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda faol rahbar ayollar ishtirok etdi.

Tadbirni ochar ekan, Senat Raisi T.Narbayeva xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlardagi faolligini oshirish davlatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Jumladan, 4 yil davomida faoliyat yuritayotgan “Rahbar ayollar maktabi” orqali 400 nafardan ortiq xotin-qizlar zamonaviy boshqaruv va yetakchilik koʻnikmalarini oʻzlashtirdi. Bugungi kunda zaxiraga kiritilgan ayol kadrlar oʻz salohiyati, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan ajralib turibdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Soʻnggi sakkiz yilda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan 110 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Qabul qilinayotgan qonun loyihalarining gender ekspertizadan oʻtkazilishi, gender audit va byudjetlashtirish tizimlarining joriy etilishi sohada kompleks yondashuvni taʼminlamoqda.

Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida soʻnggi yillarda tadbirkor xotin-qizlar soni 3,7 barobarga oshgani taʼkidlandi.

Mamlakatimizning parlament tizimida xotin-qizlar ishtirokining izchil ortib borayotgani qayd etildi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat aʼzolarining 27 foizi, shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlarining 32 foizidan ortigʻini ayollar tashkil etadi.

Bugun mamlakatimiz mintaqaviy va xalqaro darajada xotin-qizlar yetakchiligi sohasida tajriba markaziga aylanib bormoqda. Xalqaro maydonda Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlari yuqori baholanmoqda. Xususan, Jahon banki baholashiga koʻra ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha eng katta yutuqlarga erishgan besh mamlakat qatorida Oʻzbekiston ham bor.

Tadbirda taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yana-da kengaytirish, rahbarlik lavozimlariga tayyorlash tizimini kuchaytirish, joylarda ham ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Xususan, xotin-qizlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga faol jalb etish, ularning kasbiy mahoratini oshirish, iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyot va ilm-fanda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер