Samarqandda Xalqaro gastronomik festival oʻtkazilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi va Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalqaro gastronomik festival oʻz ishini boshladi. Unda yurtimizning turli hududlaridan, xorijiy davlatlardan kelgan eng mohir oshpazlari ishtirok etmoqda.
— Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Gʻofur ota” choyxonasida faoliyat yuritaman, — deydi oshpaz Anvarjon Qurbonov. — Ayni paytda festival uchun oʻn yildan buyon viloyatimizning brend taomiga aylangan “Piramida osh”ni tayyorlayapmiz. Bu oshimiz oʻziga xos koʻrinishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, oshni tayyorlash jarayonining oʻzida sabzi toʻgʻraladi. Chunki oldin toʻgʻralgan sabzi biroz sifatini yoʻqotishi mumkin. Xullas, taomimizga solinadigan har bir mahsulot shu yerning oʻzida, ishtirokchi va tomoshabinlarning koʻzi oʻngida tayyorlanmoqda. Mazasiga hakamlarimiz, qolaversa, festivalga kelgan yurtdoshlarimiz, sayyohlar oʻz bahosini beradi.
Taʼkidlash oʻrinliki, mazkur festivaldan koʻzlangan maqsad mamlakatimizning gastronomik salohiyatini keng targʻib qilish, gastronomik turizm yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy pazandalik anʼanalarini ommalashtirish orqali sayyohlar oqimini koʻpaytirishdan iborat.
— Bugungi festival milliy taomlarimizni dunyoga tanitishga, biz, oshpazlar oʻz tajribamizni yanada boyitishimizga xizmat qiladi, — deydi surxondaryolik ishtirokchi Botir Bozorboyev. — Yurtimizda “Surxondaryo tandiri”ni bilmaydigan kishi boʻlmasa kerak. Bugun festivalda salkam 20 kg tosh bosadigan qoʻyni soʻyib, tandirga osdik. Hidli archa shoxlaridan choʻgʻ qilib pishiryapmiz. Ilk bor tashkil etilayotgan festivaldan unutilmas taassurotlar olyapmiz.
Ikki kun davom etadigan Xalqaro gastronomik festivalga tashrif buyuruvchilar mazali taomlar va bayram tomoshalaridan bahramand boʻlishadi. Tadbirga tashrif buyurganlar uchun xorijiy davlatlardan kelgan oshpazlar mahorat darslarini namoyish etadi.
Festival yakunida hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra gʻolib boʻlgan ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring