JSST muddatidan avval tugʻilgan kam vaznli chaqaloqlar parvarishi boʻyicha yangi tavsiyalarni eʼlon qildi

14:13 16 Noyabr 2022 Dunyo
824 0

Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Maʼlumotlarga koʻra, jahonda yiliga har oʻn chaqaloqdan biri muddatidan avval tugʻiladi. Shuningdek, 20 million nafardan ortiq goʻdak kam vazn bilan dunyoga keladi. Eng yomoni, bu koʻrsatkich yildan yilga ortmoqda va mazkur omil 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining asosiy sababi boʻlib qolyapti.

Shundan kelib chiqib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti muddatidan avval va kam vazn bilan tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish hamda parvarishlash boʻyicha yangi tavsiyalarni eʼlon qildi.

Qayd etilishicha, bunday goʻdaklar organizmida yetarli miqdorda yogʻ zaxiralari mavjud boʻlmaydi. Oqibatda ularning tanasida issiqlik regulyatsiyasi qiyin kechadi va bola yaxshi nafas ololmaydi.

Ilgari bu kabi holatlarda chaqaloqlar inkubator yoki maxsus isitkichlarda uch kundan yetti kungacha saqlangan. Endi esa zamonaviy tibbiyot bundan ham samarali usullarni taqdim etmoqda. Ulardan biri “kenguru” deb ataladi.

Mazkur parvarish turi bola tana haroratini bir meʼyorda ushlab turishda juda muhim. Bunda goʻdak ona yoki otasining koʻkragiga qoʻyiladi. Kattalarning barqaror tana harorati yangi tugʻilgan chaqaloqning tana haroratini nazorat qilishga yordam beradi.

Qolaversa, “kenguru” usulida bola yaxshi uxlaydi. Shu bois uning energiyasi tana funksiyalarini yaxshilashga yoʻnaltiriladi. Natijada chaqaloq tezroq vazn yigʻadi. Infeksiyalar va shamollashdan himoyalanadi.

Qolaversa, kam vaznli goʻdaklarning nafas olish tizimidagi muammolarni bartaraf etish, yurak urishini meʼyorga keltirish, immun tizimini mustahkamlashda ham bu usul yaxshi samara beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, bolaning terisi ota-onasining tanasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatishi oʻrtada fiziologik va psixologik yaqinlikni taʼminlaydi. Ayni sababdan yangi koʻrsatmada bu usulni chaqaloq tugʻilishi bilan darhol qoʻllash zarurligi tavsiya etilgan.

Shuningdek, hujjatda ota-onalar va yangi dunyoga kelgan chaqaloqlarning birga boʻlishini taʼminlash uchun intensiv neonatal yordam koʻrsatish tizimini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlangan.

Oʻz navbatida, bunday goʻdaklarni doimiy ravishda ona suti bilan parvarishlash zarur. Bu chaqaloqlarning yashab ketish imkoniyatini yanada oshiradi.

Eslatib oʻtamiz, yurtimizda muddatidan avval tugʻilgan va kam vaznli bolalarni parvarishlashda “kenguru” usulidan foydalanilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?