Jadidchilik harakatining karvonboshisi
Prezidentimizning Oʻzbekiston tarixining gʻoyat murakkab va sinovli davri — XX asr boshida maydonga kelgan Turkiston jadidchilik harakatining haqiqiy maʼnodagi asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog, usuli jadid maktablarining tashkilotchisi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarori Vatanimiz ravnaqi uchun kurashgan maʼrifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga boʻlgan yuksak ehtirom ifodasi boʻldi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda jadidchilik harakati va uning namoyandalari faoliyatini oʻrganishda yangi davr boshlandi. Davlatimiz rahbari jadidchilik harakati va yetakchi namoyandalari faoliyatiga yuksak baho berib, jumladan, shundan degan edi: “Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar”.
Darhaqiqat, Prezidentimiz jadid allomalarimizning vatanparvarlik, millatparvarlik, maʼrifatparvarlik faoliyatiga katta ehtirom bilan qaramoqda. Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida buyuk mutafakkir Isʼhoqxon toʻra Ibratga bagʻishlangan katta yodgorlik majmuasi, Toshkentda Abdulla Qodiriy uy-muzeyi tashkil etildi. Mamlakatimizda ularning nomi bilan ataladigan oʻnlab turli fanlar chuqurlashtirib oʻrgatiladigan maxsus maktablar, ijod maktablari ochilmoqda. Ayniqsa, 2020-yil 1-oktyabrda jadidchilik harakatining tom maʼnodagi rahnamolari Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi xalqimizning ular oldidagi qarzini ado etishda katta qadam boʻldi.
Mahmudxoʻja Behbudiy nomi qatagʻon davrigacha millat taraqqiyoti, istiqlol timsoli boʻlib keldi. Behbudiy qatl qilingani munosabati bilan atoqli tarixshunos, manbashunos olim Laziz Azizzoda quyidagilarni yozgan edi: “Behbudiyning xizmati fransuzlarning Jan Jak Russolari, ruslarning Lomonosuf, Chernishevskiy va Pisareflari, Kafkaz turklarining Fathali va Najifbeklari, tatarlarning Marjoniy va Nosiriysi ila birdir... Agar Oʻzbekistonda Ulugʻbek va Navoiydan boshqa uchinchi bir kishiga haykal qoʻyiladurgʻon boʻlsa, shubhasiz, bu Behbudiyning haykali boʻlgʻusidur”.
Xalqimiz istiqloli uchun kurash qurboni haqida kuyunib aytilgan yuqoridagi soʻzlar 70 yillik shoʻrolar davrida unuttirildi, ularni yaxshi bilganlar, ularning ishini davom ettirganlar otildi, Sibir muzliklari qaʼrida yoʻq qilindi. Darvoqe, yuqoridagi soʻzlar muallifi ham qariyb 30 yil Sibir surguni azob-uqubatlarini boshidan kechirdi. Ammo istiqlol fidoyilari haqidagi haqiqatlar qanchalar chuqur koʻmilmasin, xalq ongidan sidirib tashlashga urinilmasin, millat ularni, ular haqidagi xotiralarni qalb qaʼrida saqladi. Istiqlol, mustaqillik tufayligina ular haqida bor haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tugʻildi.
Savod alifbodan boshlanadi
Mahmudxoʻja Behbudiy butun faoliyatini millatni ilm-maʼrifatli qilishga qaratdi. Buning uchun u usuli jadid maktablari tarmogʻini kengaytirish, oʻqituvchi-kadrlar tarbiyalab yetishtirish, oʻquv dasturi va darsliklar yaratish, oʻquvchilarni oʻquv qurollari bilan taʼminlash, matbaa-nashriyotlar, kutubxonalar tashkil etish ishlari bilan muttasil shugʻullandi. 1904 — 1910-yillar davomida u oʻzbek va tojik tillarida “Risolai asbobi savod”, “Risolai jugʻrofiyai umroniy”, “Risolai jugʻrofiyai Rusi”, “Kitobat-ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Islom tarixi” kabi darsliklarini yaratdi. Ularning baʼzilari haqida, qisqaroq boʻlsa-da, maʼlumot berib oʻtish maqsadga muvofiqdir.
Savod alifbodan boshlanadi. Shuning uchun ham milliy uygʻonish davri pedagoglari “usuli savtiya” metodida faoliyat koʻrsata boshlagan maktablar uchun alifbo yaratishga birlamchi darajali masala sifatida qaradilar. Mahmudxoʻja Behbudiy ushbu metod zaminida Turkiston oʻlkasida Saidrasul Saidazizovdan keyin birinchilardan boʻlib tojikzabon bolalar uchun alifbo darsligini yaratdi va uni “Risolai asbobi savod” deb nomladi. Muallif alifboni bosmadan chiqarishdan oldin bir yil davomida ulugʻ pedagog Abduqodir Shakuriy maktabida tajribadan oʻtkazdi, baʼzi bir tuzatishlar kiritdi va 1905-yilda Samarqandda bosmadan chiqardi. Bu haqda Behbudiy asar muqaddimasida quyidagilarni yozadi: “Janob fazilatpanoh maktabdorlar, muallimlar, sizlarga murojaat va arz qilurman. Kaminaning “Asbobi savod” nomli ushbu risolasi shogirdlarning qisqa muddatda oʻqish va yozishni oʻzlashtirishlari uchun moʻljallangan boʻlib, bir necha bor sinovdan oʻtkazilgandir... Usuli jadid muallimi Abduqodir janoblari uch oy davomida oʻz maktablarida ushbu darslik-alifbo bilan dars berdilar. Siz, aziz muallimlar, bizning “Asbobi savod” darsligimizdan ham foydalanishingizni soʻraymiz”.
Ushbu alifbo Vatanimizning tojikzabon maktablari uchun asosiy darslik sifatida bir necha bor nashr qilindi va koʻproq Buxoro, Samarqand maktablarida oktyabr toʻntarishidan keyin ham qoʻllangan. Muallif asar oxirida yozuvga oʻrgatish maqsadida husnixatdan namunalar beradi.
Mahmudxoʻja Behbudiyning muhim darsliklaridan yana biri — “Kitobat ul-atfol”dir. Baʼzi tadqiqotchilar ushbu darslikning nomlanishini “Bolalar uchun kitob”, “Bolalar kitobi”, “Bolalar uchun yozuv kitobi” shakllarida tarjima qiladilar. Bunday nomlash muallif maqsadiga ham, kitobning mazmun-mohiyatiga ham toʻgʻri kelmaydi, chunki “kitobat” soʻzi lugʻatlarda “maktub”, “xat” “bitik” deb tarjima qilingan. Ushbu “Kitobat ul-atfol” darsligini “Bolalar maktublari” deb tarjima qilish maqsadga muvofiqdir. Chunki darslikda bolalarni turli mazmundagi rasmiy, norasmiy, xususiy xatlar yozishga oʻrgatish, yozma nutqini oʻstirish masalalari atroflicha tahlil qilingan, bolalarning turli mazmun va maqsadda yozilgan maktublaridan chiroyli namunalar berilgan.
Muallif darslik muqaddimasida Turkistonning usuli qadim maktablarida oʻquvchilar yozma nutqining nihoyatda nochor ahvolda ekanligi, bolalarni insho yozishga oʻrgatish uchun birorta qoʻllanmaning yoʻqligi ushbu asarni yozishga majbur qilganligini taʼkidlaydi. Mazkur darslik oʻz oldiga, birinchidan, yoshlarni turli davlat idoralarida oʻzbek tilida ish yuritishga oʻrgatish vazifasini qoʻygan boʻlsa, ikkinchidan, muallimlarning eʼtiborini oʻquvchilarning yozma nutqini oʻstirishdek nihoyatda muhim masalaga qaratadi. Tajribali muallimlar hatto eski anʼanaviy maktablarda ham yozma nutq oʻstirishga alohida eʼtibor berganlar.
Mahmudxoʻja Behbudiy bundan yuz oʻn besh yil muqaddam yozma nutq oʻstirishdek nihoyatda murakkab va masʼuliyatli masalaga alohida eʼtibor qaratgan. Muallif “Kitobat ul-atfol” darsligida oʻquvchilar xat yoki maqola yozayotgan vaqtlarida nimalarga eʼtibor berishlari zarurligini 18 moddada koʻrsatib oʻtadi. Mana ularning baʼzilari:
“ Turkiy yozilur ekan va iboraning turkiysi boʻla turib, ani oʻrnigʻa rusiy va ajnabiy ismni yozmoqni ahli donish manʼ qiladurlar.
Ahli fan, ulamo va udabogʻa maxsus yozilaturgʻon xatlar, mahkama va dorulqazo maktublari, ilmiy va siyosiy maqolalari yaxshi va adabiy suratgʻa yozilsa kerak. Munday maktublarda arabiy, forsiy xatgʻa rusiy va fransaviy baʼzi bir ism va lugʻatni yozmasa iloji yoʻqdur. Bovujud shul baqadri imkon oʻshal soʻzlarni turkiy va forsiychasini topib va topilmaganda jumla ila tafsir qilmoq lozimdur.
Xatni kamsoʻz, sermaʼno yozmoq kerakdur.
Gʻazab va xafalik va yo nihoyat xursand va bexushlik vaqtlarda xat yozmay, holati darajai eʼtidol (moʻtadil)ga kelganda, maktub yozmoq avlodur.
Bir nimarsa va yo odamni nihoyat madh va taʼrif va yomonlamoq va mubolagʻa etmoqdan hazar qilib, barcha holda oʻrta qismgʻa qalam ishlatmak kerak.
Maktubgʻa haqorat, taʼna, hazil, fisq va gunohga taalluq soʻzlar aslo yozilmasun”.
Behbudiy tomonidan koʻrsatib oʻtilgan bu talablar hozirda ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar ruhiyatini yaxshi bilgan Behbudiy yozma nutq oʻstirishda oʻquvchilar uchun nihoyatda qulay va ularni qiziqtira oladigan usul — xat yozdirish usulidan foydalanadi. Chunki yosh bolalar ota-onalariga, doʻstlariga xat yozishga ancha qiziqadilar. Darslik muallifi xat yozish odobi, qoidalari, ramzlar — his-tuygʻu belgilari (tinish belgilari — U.D.) boʻyicha rahbarlik qilishda usuli jadid va usuli qadim muallimlarga qimmatli yoʻl-yoʻriqlar beradi.
Ushbu oʻquv darsligi oʻlka miqyosida taʼlim-tarbiya muassasalari — eski va yangi maktablar uchun katta ahamiyat kasb etdi. Asar haqida “Turkiston viloyatining gazeti”da “Новая книга писем для детей” nomi bilan maxsus taqriz-maqolada quyidagilarni oʻqiymiz: “Bu yaqin kunda bizning idoramizgʻa Samarqand shahrida barpo boʻlib, “usuli savtiya va jadida” tariqi bila taʼlim va tarbiya rivoj topib turmush maktabi ibtidoiyaning mutasaddilaridan hurmatli fozil muhtaram Mahmudxoʻja Eshon mufti janoblarining ehtimomlari bila “Majmuai kitobot va inshodan bir necha juzʼ” (“Kitobat ul-atfol”) nomli majmuachalaridan namuna barobarinda hadya yuborilmush ekan”.
“Kitobat ul-atfol” usuli jadid maktablari shogirdlari uchun maxsus darslik sifatida yaratilgan boʻlib, birinchi nashri 1908-yilda, ikkinchi nashri esa 1914-yilda bosmadan chiqarildi.
Mahmudxoʻja Behbudiy boshqa jadid mutafakkirlari kabi geografiya fanini oʻqitish masalasiga alohida eʼtibor bergan. Uning bu fanga oid “Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” darsligining toʻliq nomi “Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy va namunai jugʻrofiya” deb nomlanadi va u 1906-yilda Samarqandda G. Demurov matbaa korxonasida bosmadan chiqqan. Muallif darslikni yaratish jarayonida oʻttizdan ortiq zamonaviy va qadimiy asarlarni oʻrgangan: dastlab “jugʻrofiya” soʻzining lugʻaviy maʼnosi, bu fanning “Jugʻrofiyai tabiiy”, “Jugʻrofiyai umroniy”, “Jugʻrofiyai iqtisodiy”, “Jugʻrofiyai siyosiy”, “Jugʻrofiyai riyoziy” kabi sohalari haqida ancha ilmiy asosli maʼlumotlar beradi. Behbudiy darslikni yaratish jarayonida Shamsiddin Somiyning “Qomus ul-aʼlam” hamda Ismoilbek Gaspralining “Turkiston ulamosi” asarlaridan koʻproq istifoda qilganligi koʻzga tashlanadi. Muallif geografiya ilmiga oid oʻnlab asarlar yaratgan musulmon, xususan, turkistonlik olimlarning asarlaridan foydalangan. Behbudiyning ushbu asari bilan chuqurroq tanishar ekanmiz, u oʻziga zamondosh boʻlgan birinchi oʻzbek geograf olimi Hoji Yusuf (1842 — 1924) faoliyati bilan, u yaratgan va Samarqand koʻrgazmasida namoyish qilgan globus bilan yaqindan tanish boʻlganini koʻramiz.
Mutafakkirning mazkur geografiya darsligi munosabati bilan “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida 1906-1907-yillarda taqrizlar, munozarali fikrlar bayon qilingan. Gazetaning masʼul xodimi, “Turkiston tarixi” asari muallifi Mulla Olim Maxdum Hoji darslikning tili, uslubining ogʻirligi haqida fikr bildirgan. Mahmudxoʻja Behbudiy ushbu gazetada javob maqolasi bilan chiqqan.
Teatr — tarbiya maskani
Mustamlakachilik siyosati tufayli oʻlkaga kirib kelayotgan va ayniqsa, yoshlarning axloqiga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatayotgan maishiy buzuqlik, ichkilikbozlik, qimorbozlik kabi qabih odatlar jadid mutafakkirlarini qattiq tashvishga solgan. Ilmsiz, nodon yoshlar bunday usti yaltiroq yaramas ishlarga tez beriladi. Shu bois ularning mudhish oqibatlarini yoshlar, ularning ota-onalari koʻz oʻngida namoyish qilish kerak edi. Sahna asarlariga boʻlgan ehtiyoj shu tarzda yuzaga kelgan. Mana shunday ulugʻ maqsad natijasi oʻlaroq “Padarkush” dramasi yozildi. U Mahmudxoʻja Behbudiy pedagogik qarashlarining badiiy ifodasi sifatida namoyon boʻldi. Drama “Padarkush yoxud oʻqimagan bolaning holi” nomi bilan 1911-yilda yaratilgan boʻlsa-da, uning nashr etilishi ancha qiyin kechdi. Toshkent, Samarqand senzurasi asar nashriga ruxsat bermadi.
Chor Rusiyasi nazoratchilari bilan kurashaverib, ancha tajriba orttirgan Behbudiy kitobning titul muqovasiga “1812-yilda rus-fransuz muhorabasining Borodino maydonidagi ruslar gʻalabasining 100-yilligiga bagʻishlanadi” soʻzlarini keltirib, Tiflis senzoridan ruxsat olishga muvaffaq boʻladi va 1913-yilda Samarqandda alohida kitob holida bosmadan chiqaradi. Asar boshidan oxirigacha ilm-maʼrifatga, usuli jadid maktablariga daʼvat ruhi bilan sugʻorilgan. 3 parda, 4 manzarali ushbu eʼtirof etilgan birinchi oʻzbek dramasining teatr sahnasiga chiqishi ham yengil kechmadi. Bunga salkam bir yil vaqt ketdi. Shunga qaramay, dramani Turkiston shaharlaridagi havaskor teatr truppalari katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Bu haqda “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” gazetalarida, “Oyina” jurnalida, qardosh turkiy xalqlar matbuotida turkum maqolalar eʼlon qilingan. “Padarkush” dramasi birinchi marta Samarqandda 1914-yil 15-yanvarda teatr havaskorlari tomonidan namoyish etildi. Oʻlka maʼnaviy hayotida buyuk ahamiyat kashf qilgan bu voqea Vatanimizning Qoʻqon, Andijon, Namangan, Buxoro, Kattaqoʻrgʻon kabi shaharlarida ham havaskor teatr guruhlari vujudga kelishiga turtki boʻldi. Ushbu drama taʼsirida besh yil davomida oʻttizga yaqin turli mualliflarning dramalari yaratildi.
“Padarkush” dramasida muallif eʼtiborni otalar va bolalar muammosi — oʻgʻil tarbiyasida otaning oʻrni masalasiga qaratadi. Eʼtibor bering: dramada ota kattagina boy, ammo bu boylik tarbiya koʻrmagan bolani ham, otani ham fojia girdobiga tortib ketadi. Oila va maktab tarbiyasi birgalikda, uzviy bogʻliq holda olib borilgandagina, oʻz oldiga qoʻygan ulkan vazifani bajara oladi, degan fikr asarni harakatga keltiruvchi kuchdir. Ota tarbiya koʻrmagan, dunyo voqealaridan butunlay uzilib qolgan, hatto muomala madaniyatidan ham bexabar. Uning domla va ziyoli bilan muomalasi Toshmurodning otasi bilan muomalasiga oʻxshaydi, yaʼni otaning tarbiyasizligi oʻgʻlida oʻz aksini topgan.
Ushbu drama oʻz qobigʻiga oʻralib qolgan, dunyo taraqqiyotidan butunlay uzib tashlangan millatni larzaga soldi: bunday yashash mumkin emas, dunyo xalqlari bilan hamqadam boʻlmoq kerak, turli-tuman toʻyu maʼrakalarga sarf qilinayotgan mablagʻni ilm-maʼrifatga, farzand tarbiyasiga xarjlamoq, bir necha yillar musofirlikda boʻlsa ham farzandlarni taraqqiy etgan mamlakatlar oliy oʻquv yurtlariga yubormoq kerak. Sinfiy ayirmalarni yigʻishtirib qoʻyib, ilmga chanqoq yoshlarni xayriya jamiyatlari koʻmagidan boʻlsa-da, chet ellarda oʻqitmoq kerak.
Oʻzbek xalqining ilgʻor ziyolilari “Padarkush” dramasini katta mamnuniyat bilan kutib oladi. Dramaning 1914-yil 27-fevralda Toshkentda Munavvarqori hamda Abdulla Avloniy boshchiligida “Turon” dramtruppasi tomonidan sahnaga qoʻyilishi madaniyatimiz tarixida buyuk voqea — teatrimizning tugʻilish kuni deb baholandi. Shuningdek, drama Fargʻona vodiysi shaharlarida ham keng namoyish etildi.
Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodi tadqiqotchilaridan nemis olimasi professor Ingeborg Baldaufning quyidagi fikrlari mutafakkir faoliyatiga berilgan juda toʻgʻri bahodir: “Mahmudxoʻja Behbudiy faoliyatining gʻoyat oʻziga xosligidan qatʼi nazar, u Qrimda Ismoilbek Gasprali, Qozon tatarlarining Qayum Nosiriysi, usmonli turklarning Ahmad Midhati singari Oʻrta Osiyoning xalq muallimi edi”.
Oliy maqsad yoʻlidagi dadil qadamlar
Behbudiy oʻz oldiga qoʻygan oliy maqsadni millatdoshlariga yetkazish niyatida 1913-yilning aprelidan “Samarqand” gazetasini chiqara boshladi. Gazetaning faoliyati uzoq davom etmadi: 45 soni chiqib, iqtisodiy tanqislik tufayli toʻxtatildi. Ammo gazeta koʻp maqsadlarni amalga oshirishga ulgurdi: millatdoshlar qalbiga ilm va maʼrifat nurini olib kirdi, maʼrifatparvarlarni ulugʻ maqsad sari birlashtirdi. Turkiston jadidlari peshvolari Munavvarqori, Abdulla Avloniyning maqolalari “Samarqand” gazetasida bosilib turdi. “Samarqand” gazetasi faoliyati toʻxtatilgach, oʻsha 1913-yiliyoq Behbudiy “Oyina” jurnali faoliyatini yoʻlga qoʻydi va oʻzining ezgu niyatlarini amalga oshirishni jurnalda davom ettirdi.
Mutafakkir Behbudiy dunyoviy va diniy bilimlarni baravar egallash tarafdori edi. Bunday ilmli mutaxassislarni tarbiyalab yetishtirish uchun, birinchi navbatda, ikki emas, toʻrt tilni, yaʼni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy tillarni mukammal bilish zarurligini taʼkidladi. U jadid maktablari uchun darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratish va ularni bosmadan chiqarish ishlarini muntazamlashtirish maqsadida 1913-yilda “Nashriyoti Behbudiya” nomli xususiy nashriyot hamda “Kutubxonai Behbudiya” nomida kutubxona va qiroatxona ochdi.
Bunday ishlarni amalga oshirish kattagina mablagʻni talab qilar edi. Mahmudxoʻja Behbudiy imkoniyati doirasida koʻp hollarda bunday ishlarga oʻz hisobidan mablagʻ sarf qilar edi. Behbudiyning nabirasi Samarqand davlat universitetining professori marhum Nadimxon Behbudiy quyidagilarni yozadi: “Oʻsha vaqtlarda Samarqandda bir qancha tashqi va ichki hovlilari, yer-suvlari, bogʻ-rogʻlari, mol-hollari boʻlgan. Bobam ushbu mol-mulkdan keladigan daromadning bir qismini kitob, gazeta, jurnal tashkil etishdagi noshirlik ishlariga, endigina taraqqiy etib kelayotgan usuli jadid maktablari rivojiga, ilgʻor kishilar tomonidan taʼsis etilayotgan jamiyati xayriyalarga ionalar qilib turgan”.
1909-yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da qoʻqonlik Fayzullo afandi ismli muallifning “Xotunlargʻa ilm lozimmu?” maqolasi chop etiladi. Mazkur maqola atrofida anchagina bahs-munozara vujudga keladi. Maqola muallifi ahli qalamdan — fozil Mulla Olim Maxdum Hoji va Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlaridan ushbu masala yuzasidan oʻz fikrlarini bayon qilishlarini soʻraydi. Albatta, bu munozaraga javoban Behbudiy “Fayzullo afandigʻa javob” sarlavhali maqola bilan munosabat bildirgan. Unda muallif “Har bir muslim va muslima ilm olmogʻi farzdur” hadisi sharifni keltirib, “... jismi latifgʻa ijro taklifot sharʼiyasini aytmoqqa ilm va oʻquvdan boshqa bir sabab yoʻq ekan va bu taklifotni(ng) iddaosi va fardi komili oʻquv ekanligʻiga va xotunlarni oʻqumoqlari lozimigʻa aytsa, yolgʻuz koʻr va yo munofiq mutaassib inkori boshqa, azizim”, deb yakunlaydi maqolasini.
Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, Behbudiy xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni, ularning ilm olishi masalasida shaxsiy oʻrnak koʻrsatgan. Oʻz qizi Parvina Behbudiyni (1901 — 1984) Abduqodir Shakuriyning usuli jadid maktabida oʻqitgan, koʻpgina ilmlardan bahraman qilgan, shu bilan birga, maxsus oʻqituvchi yollab, fransuz tilini mukammal oʻrgatgan. Keyinchalik Parvina Behbudiy uzoq yillar fransuz tilidan dars bergan.
Umuman, Behbudiy publitsistikasi ham mazmunan, ham hajman oʻzbek maorifida, maʼnaviyatida, ayniqsa, siyosatida katta ahamiyatga molik. Uning millat, Vatan istiqboli, ilm-maʼrifat haqidagi qarashlari, asosan, maqolalarida oʻz ifodasini topgan. Behbudiy 1906-yildayoq Munavvarqori Abdurashidxonovning “Xurshid” gazetasida chop etilgan “Xayrul umuri afsatuho” (“Ishlarning yaxshirogʻi oʻrtachasidir” — Hadisi sharifdan) siyosiy maqolasida sotsializmni, inqilobni zoʻravonlik deb bildi. Shu eʼtiqoddan kelib chiqib, oktyabr oʻzgarishini ham qabul qilmadi.
U 1917-yil aprel oyida Turkiston musulmonlarining Toshkentdagi qurultoyida Vatan, millat taqdiri kun tartibiga qoʻyilgan bir vaqtda musulmonlarni har qanday sinfiy, mahalliy, diniy ixtiloflarni tark etib, buyuk maqsad uchun — istiqlol uchun birlashishga daʼvat qilib nutq irod etdi. Shu yili 27-noyabrga oʻtar kechasi Qoʻqonda “Turkiston Muxtoriyati” eʼlon qilindi. Bu haqda Muxtoriyat rahnamosi va tashkilotchisi Mahmudxoʻja Behbudiy katta qoniqish bilan “Hurriyat” gazetasida quyidagilarni yozgan edi: “27-noyabrda Qoʻqonda Turkiston Muxtoriyati umumiy musulmon syezdida eʼlon qilindi. Muborak va xayrli boʻlsin! Kamina ham majlisda boʻlishdan iftixor etaman. Yashasin Turkiston Muxtoriyati!”
Afsuski, Turkiston Muxtoriyati oyoqqa turmasdanoq shoʻrolar tomonidan mahv etildi: vodiydagi oʻnlab qishloqlar xonavayron qilindi, oʻt qoʻyildi, oʻn mingdan ortiq aholi qirib tashlandi. Mahmudxoʻja Behbudiy mana shunday ogʻir iztiroblar iskanjasida bir yil davomida maorif sohasida faoliyat koʻrsatdi. Millat istiqloli haqidagi orzulari barbod boʻlgan mutafakkir 1919-yilning bahorida Qarshi shahrida Shoʻro aygʻoqchilari tomonidan qatl qilindi. Shoʻro hukumati oʻta qabih yoʻl tutdi: uning fojiali oʻldirilishi haqidagi xabar Samarqandda bir yildan keyin — 1920-yil aprel oyida maʼlum boʻldi. Butun Turkiston xalqi motam tutdi. Uning oʻlimiga bagʻishlab Fitrat, Choʻlpon marsiyalar yaratdi, Ayniy uch sheʼr bitdi. Ularning birida shunday dardli misralar bor:
Seni mundan buyon Turon koʻrolurmu, koʻrolmasmu?
Sening mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?
Sen, ey ustodi oliyshon, eding ajubai davron,
Otingni tilga har inson buyuk hurmat-la olmasmu?
Vatan avlodi yod etdi, seni hurmat-la shod etdi,
Va lekin intiqomingni ololurmu ololmasmu?
Atoqli davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev Mahmudxoʻja Behbudiyning buyuk xizmatlariga shunday baho bergan edi: “Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning oʻsha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yoʻq deb oʻylayman”.
Bu haq gap edi.
Ulugʻbek DOLIMOV,
professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring